13:46 / 02.08.2022
3453

Yil boshidan buyon Toshkentdagi ikkilamchi bozorda uy-joy narxi 11,3 foizga oshdi

O‘zbekistonda joriy yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 7,1 foizga oshdi.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari 2022 yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatni tahlil qildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 126 mingta shartnomani tashkil etgani, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan (119 mingta) 6 foizga ko‘p ekani aniqlandi. 

Hududlar bo‘yicha 6 oy davomida eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazm (24 foiz), Buxoro (22 foiz), Surxondaryo (16 foiz), Jizzax (13 foiz), Namangan (13 foiz), Qashqadaryo (12 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (11 foiz) kuzatildi. Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozorida tuzilgan bitimlar sonining nisbatan past o‘sish sur’atlari Toshkent viloyati (-7 foiz) va Sirdaryo viloyatida (-1 foiz) kuzatildi.

Poytaxtda 2022 yilning birinchi yarmida tuzilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni biroz ko‘paydi (+1 foiz) va 37 446 tani tashkil etdi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 2022 yilning birinchi yarmida 7,1 foizga oshgan (birinchi chorakda o‘sish mos ravishda 1 foiz va ikkinchi chorakda 6 foizni tashkil etgan). 

Hududlar kesimida joriy yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulk narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent (15,6 foiz), Navoiy (15 foiz), Surxondaryo (13,3 foiz) va Sirdaryo (11,5 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Namangan (-13,3 foiz), Samarqand (-1,3 foiz) viloyatlarida esa narxlarning pasayishi qayd etildi. 

Yil boshidan buyon Toshkent shahrining ikkilamchi bozorida uy-joy narxi 11,3 foizga (birinchi chorakda 6,5 foizga, ikkinchi chorakda 4,3 foizga) o‘sdi. Shu bilan birga, uy-joy narxining oshishi barcha tumanlarda qayd etildi, eng katta o‘sish Mirzo Ulug‘bek (18,7 foiz), Yakkasaroy (16 foiz) va Yashnobod (14,3 foiz) tumanlarida kuzatildi. 

Top