"Xorazm hududiy elektr tarmoqlari" AJ: Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Qish g‘amini yozda ko‘r, deydi dono xalqimiz. Shu ma’noda, boshqa kommunal sohalar qatori, elektr energetikasi tizimida ham kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyali holatlarining oldini olish, eng muhimi, iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratiladi. Bahor oylari boshlanishi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ayni yo‘nalishda hududlar kesimida tegishli reja-jadvallar ishlab chiqilib, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari boshlab yuboriladi.
Joriy 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi ko‘ngildagidek o‘tishiga "Xorazm hududiy elektr tarmoqlari"AJ tomonidan ham ayni kunlarda puxta taraddud ko‘rilmoqda.
Ma’lumki, jamiyat tasarrufidagi 61 dona 35-110 kVli podstansiya, 12 968,8 km 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 938 dona 10/0,4 va 6/0,4 kVli transformator punktlari orqali viloyat iste’molchilariga elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Mavjud quvvatlarni qayta ta’mirlash maqsadida jamiyat tomonida qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Jumladan, 110/35/6 kVli “Urganch” podstansiyasidagi eski yacheykalar yangisiga almashtirildi. Shuningdek, Qo‘shko‘pir tumanidagi , 110/35/10 kVli “Qo‘shko‘pir” podstansiyasi, Xiva shahrida joylashgan 110/10 kVli “Gilamchi” podstansiyasi, Urganch shahrida joylashgan 110/35/6 kVli “Janubiy” podstansiyasi, Yangiariq tumanida joylashgan 110/35/10 kVli “Yangiariq” hamda 35/10kVlik “Katta bog‘” podstansiyasilarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘plab iste’molchilarga yanada sifatli elektr energiyasi yetkazib berilishini kafolatlaydi. Qolaversa, shu orqali maishiy iste’molchilarga qulayliklar yaratilmoqda.
Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish Dasturiga asosan, joriy yilda 467,9 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 132 dona transformator punkti va turli quvvatdagi podstansiyalar qurish ishlari belgilangan bo‘lib, shu kunga qadar 248,9 km uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari va 30 dona transformator punkti qurilib, 1508 dona zamonaviy temir-beton tayanchlar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, 2022-2023 yil kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga barqaror elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida, 2 dona 35-110 kV kuchlanishli kuch transformatorlari, 1014,5 km uzunlikda 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmoqlari, 377 dona 6-10/0,4 kV kuchlanishli transformator punktlari mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Kuz-qish mavsumida avariya holatlarini tezkorlik bilan bartaraf qilish maqsadida 42 ta avariya brigadasi tashkil qilinib, ularga 60 ta brigada qo‘shimcha sifatida biriktirildi. Shular bilan birga, 76 ta maxsus avtomashina (avtokran, ekskavator, ustun tashuvchi, yer qazuvchi va h.k.) mavsumga tayyorlab qo‘yildi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, yuqoridagi bajarilgan yangi qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari natijasida 210 ta mahalladagi 47 599 ta aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlari iste’molchilariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi sifati yanada yaxshilandi.
"Xorazm HETK" AJ Matbuot xizmati Ⓣ