«Barselona» futbolchilardan 389 million yevro qarzdor. Qarzlar qanday kelib chiqqan?
«Barselona» bu yozda nafaqat yulduzlarni sotib olyapti, balki pul bilan bog‘liq muammolarni ham hal qilmoqda (g‘alati emasmi?): iqtisodiy dastaklarni ishga tushirib, futbolchilardan maoshlarni qisqartirishni so‘ramoqda. Klubning qarzlari qanday kelib chiqqani va nima qilmoqchi ekanini tahlil qilamiz.
«Barsa» de Yongdan 20 million yevro, Pikedan esa bundan ham ko‘p qarzdor. Qarzlar qayerdan kelib chiqqan?
Qarz ish haqining kechiktirilishini anglatadi. Oxirgi ikki yarim yil ichida «Barselona» jamoa bilan uch marta maoshlarni kechiktirish haqida kelishib olgan.
- Birinchi to‘lqin: 2020 yil aprel oyida, barcha futbolchilar maoshlarning 12 foizini kechiktirilishiga rozi bo‘lishdi.
- Ikkinchi to‘lqin: 2020 yil dekabr, Bartomeu ketganidan keyin va Karles Tuskets vaqtincha rahbar bo‘lganida (Laportadan oldin) – maoshlarning 42,9 foizi 4 yilga va bonuslarning 100 foizi 3 yilga kechiktirildi. Oqibatda, 2020 yilning qishida qarzlar 172 million yevroga tenglashdi: maoshlardan 122 million va bonuslardan 50 million yevro.
- Uchinchi to‘lqin: 2021 yil yozi, sardorlar maoshlarining 50 foizidan voz kechishdi va «Barselona»ga yangi kelganlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam berishdi. Klub ularga rasman minnatdorchilik bildirdi.
«Barchamiz «Barsa»dagi og‘ir iqtisodiy vaziyatni yaxshi bilamiz, klub yordamga muhtoj. Pike, Roberto, Buskets va Alba ko‘p yillardan buyon shu yerda o‘ynashadi va klubning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga yordam berishni xohlashadi. Bu muhim va «Barselona» ular uchun qadrdon uy ekanini ko‘rsatadi», - degan edi o‘sha paytdagi bosh murabbiy Ronald Kuman.
«Barselona» bu qarzlarning barchasini qaytarishi kerak, chunki har qanday kechiktirishning o‘z muddati bor.
Kataloniyaliklar futbolchilardan 389 million yevro qarzdor: Messi, Pike va Buskets eng ko‘p olishi kerak
2022 yil fevral oyida «Barselona»ning iqtisodiyot bo‘yicha vitse-prezidenti Eduard Romeu futbolchilardan 389 million yevro qarzdor ekanligini aytdi.
«Bizning 1,3 milliard yevro qarzimiz bor: 389 million – futbolchilarning kechiktirilgan maoshi, 160 million – transferlar uchun to‘lov».
Klub birinchi navbatda kimlardan qarzdor?
- Messi – 52 mln yevro;
- Pike – 31 mln yevro;
- Buskets – 27 mln yevro;
- Alba – deyarli 23 mln yevro;
- De Yong – 20 mln yevro.
«Barsa» ish haqi fondini yana 160 millionga qisqartirishni rejalashtirmoqda: Pike va Buskets rozi
Endi nima qilish kerak? Ish haqi fondini yiliga 400 million yevroga tushirish (hozir taxminan 560 mln yevroga teng).
Eduard Romeu buni iyun oyida aytdi: «400 mln yevro - barcha turnirlarda ishtirok eta olishimiz uchun eng maqbul ko‘rsatkich va buni amalga oshira olamiz».
Ba’zi tarbiyalanuvchilar maoshlarning navbatdagi qisqarishiga tayyor. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, Jyerar Pike va Serxi Buskets klub yangi kelganlar – Robert Levandovski, Rafinya, Andreas Kristensen, Frank Kessie va Jyul Kundeni ro‘yxatdan o‘tkazishi uchun yana bir bor maoshining kechiktirilishiga rozi bo‘lishdi. «Barsa» yana faxriylarga murojaat qildi, chunki uchta iqtisodiy dastakni faollashtirish yetarli bo‘lmadi.
2021 yilning yozida klubning bir nechta tarbiyalanuvchilari maoshlarining qisqartirilishiga rozi bo‘lishgan edi.
- Roberto bu yozda erkin agentga aylanishi mumkin edi, lekin baribir «Barsa»ning shartlariga ko‘ra yangi bitimni imzoladi: endi u yiliga 12 million yevro o‘rniga, 5 million yevro ishlab oladi. Bonuslar ham qisqartirildi.
- Alba 2021 yilning yozida maoshining yarmini kechiktirilishiga rozi bo‘lgan: Jordi yiliga 20 million yevro o‘rniga 10 million yevro olgan. Ammo kelajakda «Barsa» ispaniyalikning maoshini to‘liq qaytarishi shart. Uning shartnomasi 2024 yilgacha amal qiladi.
- Buskets klubga ikki marta, pandemiya davrida va 2021 yilning yanvarida yordam bergan. 2022 yilda esa u bilan muzokaralar qiyin kechgan. Ammo «Barselona» prezidenti Joan Laporta uning rozi bo‘lishiga ishonmoqda.
- Pike bilan bog‘liq vaziyat eng og‘ir: uning maoshi yiliga 28 million yevroga teng, klub esa undan shundog‘am 31 mln yevro qarzdor. Jyerar ushbu qarzning ma’lum qismidan butunlay voz kechishiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, Frenki de Yong ham bor. Klub undan 20 mln yevro qarzdor. Shu sababli, u «Chelsi» yoki «Manchester Yunayted»ga o‘tishga shoshilmayapti.
Klub unga qarzlarni bosqichma-bosqich qaytarilishini va’da bergan edi, ammo hozirgacha bu ishni qilmagan. Frenki esa transfer haqidagi takliflarni eshitishini ham istamayapti.
Agar de Yong qoladigan bo‘lsa, kataloniyaliklar uning maoshini 20 million yevrodan 7 millionga kamayishiga rozi bo‘lishini istamoqda. Vaziyatga Xavi ham aralashgan: «Agar futbolchi qolishni istasa, maoshini ikki barobar kamaytirishi shart». Hozircha Frenki bu taklif haqida o‘ylamoqda.
Qarzlar bilan bog‘liq muammolar «Barselona» uchun jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Hozircha klub inqirozdan chiqib ketish yo‘llarini izlayapti va futbolchilarning saxovatiga umid bog‘lamoqda.
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
12:52 / 27.10.2024