AQSh qonun chiqaruvchilar delegatsiyasi Tayvanga keldi
Senator Ed Marki boshchiligidagi besh nafar qonun chiqaruvchilardan iborat delegatsiya Nensi Pelosining tashrifidan atigi 12 kun o‘tib Tayvanga keldi.
Amerikalik qonun chiqaruvchilar delegatsiyasi Tayvan oroliga 14 avgust, yakshanba kuni – AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining tashrifidan atigi 12 kun o‘tib yetib keldi.
Senator Ed Marki (Massachusets shtatidan demokrat) boshchiligidagi besh kishilik delegatsiya Tayvan ma’muriyati rahbari Tsay Inven, boshqa rasmiylar va xususiy sektor vakillari bilan umumiy manfaatlarni, jumladan, Tayvan bo‘g‘ozida keskinlikni yumshatish va yarimo‘tkazgichlarga sarmoya kiritish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashadi, deb xabar berdi AP agentligi.
Tayvan teleradioeshittirish kompaniyasi AQSh hukumati samolyotining mahalliy vaqt bilan soat 19:00 lar atrofida Taypeydagi Sonshan aeroportiga qo‘nayotgani aks etgan kadrlarni efirga uzatdi. Samolyotda delegatsiyaning to‘rt nafar a’zosi bo‘lgan.
Ed Marki Tayvanning Taoyuan xalqaro aeroportiga alohida reysda yetib kelishidan avval Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol bilan uchrashgan edi.
Demokrat AQSh Senatining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani bilan tashqi aloqalar hamda xalqaro kiberxavfsizlik bo‘yicha quyi qo‘mitasiga raislik qiladi. Delegatsiyaning boshqa a’zolari: Amata Koulman Radevagen (Amerika Samoasidan respublikachi), Jon Garamendi va Alan Louental (Kaliforniya shtatidan demokratlar), shuningdek, Don Beyyer (Virjiniya shtatidan demokrat). Tashrif ikki kun - 14 va 15 avgust kunlari davom etadi.
Nensi Pelosi 2 avgust kuni Tayvanga bir kunlik tashrif uchun uchib keldi. U 25 yil ichida Pekin mustaqilligini tan olmaydigan va Xitoy provinsiyalaridan biri deb hisoblaydigan orolga tashrif buyurgan AQSh Kongressi Vakillar palatasining birinchi spikeri bo‘ldi.
Oq uy va Pelosining o‘zi bu safar AQShning Tayvanga nisbatan siyosatini o‘zgartirishini anglatmasligini ta’kidladi. Shunga qaramay, Pekin ushbu tashrifni keskin tanqid qildi va Pelosi ketganidan keyin Xitoy armiyasi orol hududida havo va dengiz harbiy mashqlarini boshladi. Tayvan Mudofaa vazirligi Xitoyning manevrlarini o‘ta provokatsion deb atadi va yerustida raketa tizimlari joylashtirilishini e’lon qildi.
Pekin amerikalik siyosatchi tashrifidan so‘ng Tayvan bilan savdo-sotiqni qisman to‘xtatdi. Xitoy TIV XXR AQSh bilan qator sohalarda, jumladan, iqlim o‘zgarishi, giyohvand moddalarga qarshi kurash, transmilliy jinoyatlar, jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va noqonuniy muhojirlarni vataniga qaytarish bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Xitoy Pelosining o‘ziga va uning oila a’zolariga «Xitoyning ichki ishlariga aralashgani» va «mamlakat hududiy yaxlitligini buzgani uchun» sanksiyalar kiritdi.
Mavzuga oid
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
16:55 / 12.11.2024
Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
16:42 / 11.11.2024