«Boshqa davlatga hujum qilishga ma’naviy haqqimiz yo‘q edi». Rossiyalik desantchi urushning ilk kunlari haqida kitob yozdi
Uning o‘zi Ukrainaga bosqinda ishtirok etgan. Endi Fransiyadan siyosiy boshpana so‘ramoqda.
2022 yil 24 fevralida Rossiya Ukrainaga hujum qilgandi. Bu bosqin ishtirokchilari safida Pavel Filatev ham bo‘lgan. 33 yoshli desantchi oldingi chiziqda ikki oyni o‘tkazdi, keyin esa sog‘ligi tufayli armiyadan bo‘shadi. Endi Filatev urushga qarshi chiqmoqda. U «ZOV» deb nomlangan kitob yozdi, unda Rossiya armiyasining urushdan oldingi holati va bosqinning ilk kunlarida nimalar ro‘y bergani hikoya qilinadi. «Vajnyye istorii» kitobdan parchalar nashr etdi.
Urush arafasidagi Rossiya armiyasi haqida
Turli joylarda sargardon bo‘lib, ish topishga besamar urinib [o‘tgan yil avgustida] armiyaga qaytishga qaror qildim. Meni [Qrimdagi] bo‘linmaga yuborish haqida buyruq chiqdi. 10 kun o‘tib forma berishdi, ammo faqat yozgisi, kerakli o‘lchamdagi etik topilmadi, shu tufayli o‘zim sotib olishimga to‘g‘ri keldi.
Oktyabr oyi o‘rtalarida kuzgi va qishki forma tarqata boshlashdi, ammo faqat eskirib ketgan va kerakli o‘lchamlar bo‘lmaganlarini. Men o‘lchami to‘g‘ri kelmaydigan eski formani olishdan bosh tortdim, shu tufayli boshliqlar bilan munosabatim sovuqlashdi. Rota komandiri bilan janjallashdim va borib, o‘zimga bushlat (matroslar kurtkasi) sotib oldim.
Parashyutda sakrash uchun o‘quv maydoniga keldik. Tunda harorat minus edi, KamAZlarning usti ochiq kuzovida keltirishdi. Ko‘p harbiy xizmatchilar issiq kiyimsiz edi: kimlargadir berilmagan, kimlardir olishdan bosh tortgan. Hafta mobaynida infeksiya bo‘limiga men xizmat qiladigan qismdan 30 nafar atrofidagi harbiy murojaat qildi. Ularning bari sakrash mashqlarida qatnashgandi.
Urushdan oldingi «mashg‘ulotlar» haqida
Fevral oyi o‘rtalarida mening rotam Eski Qrimdagi poligonda edi. Men nimadir yetilib kelayotganini tushunib turardim — poligonga hammani, xizmatdan bo‘shaganlar va kasallanib qolganlarni ham haydab kelishardi.
Keyingi bir necha kunlarda biz o‘q otish maydonchasiga bordik, o‘sha yerda men nihoyat ilk marta o‘z avtomatimni oldim. Ma’lum bo‘lishicha, menga tekkan avtomatning tasmasi buzilgan va shunchaki zanglab ketgandi. Birinchi tungi otishmadayoq patron tiqilib qoldi.
Taxminan 20 fevralda barchaga zudlik bilan to‘planish va yuklarsiz yo‘lga tushish buyrug‘i keldi, hech kim qayerga yo‘l olayotganimizni bilmasdi. O‘shandayoq barcha kirlangan va toliqqandi. Ayrimlar qariyb bir oydan buyon hech qanday sharoitlarga ega bo‘lmagan poligonda yashab kelar, barchaning asabi charchagan, muhit tobora jiddiy va tushunarsiz bo‘lib borardi.
23 fevral kuni diviziya komandiri keldi, bizni bayram bilan tabrikladi va keyingi kundan kunlik to‘lov 69 dollarni tashkil etishini e’lon qildi. Bu qandaydir jiddiy voqea sodir bo‘lishining aniq belgisi edi.
Urushning ilk kunlari haqida
[24 fevral kuni men] tungi soat ikkida [KamAZ kuzovida] uyg‘ondim, kolonna qandaydir ovloq joyda saf tortib turar, barchaning dvigatellari va faralari o‘chirilgandi. Bizning kolonnadan o‘ngda va so‘lda reaktiv artilleriya ishlardi. Men tushuna olmasdim: biz bostirib kelayotgan ukrainlarga o‘t ochyapmizmi? Balki, NATO kuchlariga? Yoki hujum qilayotgan bizmi? Bunday jahannamiy o‘t ochish kimga qaratilgan?
Kolonna sekinlik bilan harakatlana boshladi. Men biz borayotgan tomonda otishma va portlashlar ovozini eshitdim. Qayerga, nega, nima uchun ketayotganimiz noma’lum edi. Shunisi aniq ediki, haqiqiy urush boshlangandi. [Keyinroq] bildimki, [bizda] Xersonga borish bo‘yicha buyruq bo‘lgan. Biz Ukrainaga hujum qilayotganimiz ayon bo‘ldi… Bizda dastlabki yaradorlar va qurbonlar bor edi. Qo‘mondonlik aloqadan uzilgandi. Komandir nima bo‘layotganini tushunmasdi.
[28 fevral kuni] kimdir BMD zambaragi bilan fuqarolik avtomobilini o‘qqa tutgani, avtomobilda ona va bir necha bolalari bo‘lgani, faqat bir bola tirik qolganini bilaman.
Xersonga hujum haqida
Bizning butun tayyorgarligimiz faqat qog‘ozda bo‘lgan, texnikamiz juda eskirib ketgandi. Bizda taktika hamon bobolarimizniki kabi! Oldinga yorib o‘tganlar yakson etiladi. Yigitlardan biri menga ularning brigadasidan faqat 50 kishi qolganini aytib bergandi.
Qorong‘i tusha boshlaydi, butun jamoa okop qazishiga to‘g‘ri keladi. Juda sovuq edi. Hech kimda ko‘rpa-to‘shak yo‘q, muz suyukkacha yetib boradi. Bizga dushmanning keragi yo‘q, qo‘mondonlik bizni shunday sharoitda qoldirdiki, uysiz darbadarlar bundan yaxshiroq yashaydi.
[Keyingi kuni] biz Xerson dengiz portiga yetib bordik. Barcha oziq-ovqat, yegulik, suv, dush va uxlash uchun binolarni tintib chiqa boshladi, kimdir kompyuterlar va uchragan istalgan qimmatli narsalarni olib chiqa boshladi. Men ham istisno emasdim: yakson bo‘lgan furada shlyapa topib oldim va uni o‘zim bilan olib ketdim.
Ofislarda oshxona va muzlatgichlar bo‘lgan ovqatlanish joylari bor edi. Biz, xuddi yovvoyilar kabi u yerlarda bo‘lgan barcha narsani yeb tashladik. Bir tun ichida barini ostin-ustun qildik.
Frontdan qaytish haqida
Aprel oyi o‘rtalarida artilleriya zarbalari vaqtida ko‘zimga tuproq kirib ketdi va keratit (ko‘z muguz pardasi yallig‘lanishi) boshlandi. Besh kunlik azoblanishdan keyin, ko‘zim yopilib qolganida meni baribir evakuatsiya qilishdi. Meni evakuatsiyaga yuborgan feldsher tibbiy otryadga unda shpritslar va og‘riq qoldiruvchi vositalar qolmaganini yetkazishimni so‘radi.
Bizni kasalxonadan chiqarilganlar uchun mo‘ljallangan kazarmalardan biriga olib kelishdi. [U yerda] urushdan qaytgan, boshidan o‘tgan ishlardan keyin aqlidan oza boshlagan yuzlab odamlar bor edi. Kimdir qattiq duduqlanardi, xotirasini yo‘qotgan ikki kishini ko‘rdim, u yerdagilarning ko‘pchiligi qattiq ichar, topgan pulini ichkilikka sarflardi.
Davolanish va dori-darmon sotib olish o‘z hisobimdan bo‘ldi. Ikki oy davomida armiya hisobidan davolanish uchun urindim, prokuraturaga qatnadim, qo‘mondonlikka, hospital boshlig‘iga uchradim, prezidentga yozdim.
Oxir-oqibat barchasiga tupurib, harbiy-tibbiy komissiyadan o‘tib, sog‘ligim tufayli [armiyadan] ketishga qaror qildim. Qo‘mondonlik men xizmatdan bo‘yin tovlayotganimni aytib, jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun hujjatlarni prokuraturaga topshirdi. Shunday yo‘l bilan ko‘pchilikni ortga qaytarishga urinishadi.
Armiyadagi kayfiyat haqida
Boshqa davlatga, ayniqsa bizga eng yaqin bo‘lgan xalqqa hujum qilishga ma’naviy haqqimiz yo‘q edi. Bularning bari boshlanganida natsistlar borligiga ishongan va Ukraina bilan jang qilishni istaydiganlarni juda kam uchratganman. Bizda nafrat yo‘q edi va biz ukrainlarni dushman deb bilmaganmiz.
Armiyadagilarning ko‘pchiligi u yerda bo‘layotgan ishlardan norozi edi, hukumatdan va o‘z qo‘mondonligidan, Putin va uning siyosatidan, armiyada xizmat o‘tamagan mudofaa vaziridan norozi edi.
Biz barchamiz ko‘plab omillar asiriga aylandik va men hisoblaymanki, biz o‘yinga berilib ketdik. Biz dahshatli urushni boshladik. Qaysiki, shaharlar vayron qilinadigan va bolalar, ayollar hamda keksalarni halok qiladigan urushni.
Kitob muallifi Fransiyadan boshpana so‘radi
Endilikda rossiyalik sobiq harbiy xizmatchi Pavel Filatev Fransiyadan siyosiy boshpana so‘radi.
Filatev «Frans press» agentligi jurnalisti bilan suhbatda kitob chiqqanidan keyingi vaqt mobaynida qo‘lga olinishidan qo‘rqib, bir shahardan boshqasiga ko‘chib yurgani, shu haftada Tunis orqali Fransiyaga yetib kelganini aytgan.
Iddao qilishicha, uni Rossiya armiyasi faoliyati to‘g‘risida «feyk» tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishmoqchi.
«Boshliqlarim «feyklar» uchun meni 15 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qilayotganini eshitganimda, u yerda meni hech qanday yaxshilik kutmayotgani va advokatlarim Rossiyada hech narsa qila olmasligini tushundim», deya Filatevning so‘zlarini keltirgan «Frans press».
Jurnalistlarning aniqlik kiritishicha, Filatev bilan Parijning «Sharl-de-Goll» nomidagi aeroporti hududida boshpana so‘rovchilar joylashgan hududda gaplashishgan.
Yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Filatev Rossiyada olgan hujjatlari, jumladan pasporti va harbiy biletini yirtib tashlab, ularni hojatxona unitaziga tashlab yuborgani aks etgan video tarqaldi. Undan oldinroq u Parijga kelgani va siyosiy boshpana so‘rash niyatida ekanini bildirgan.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024