Mixail Gorbachyov sovuq urushni tugatish uchun hammadan ko‘proq harakat qilgan inson sifatida dunyo bo‘ylab chuqur hurmat qozondi. Ammo sobiq sovet ittifoqi hududida ko‘plar uni umrining oxirigacha mamlakat parchalanishida aybladi.

1985 yilda, Gorbachyov KPSS (Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi) Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi lavozimini egallaganida, o‘zining 54 yoshida u siyosiy byuroning eng yosh a’zosi edi va ungacha mamlakatni boshqarib kelgan boshqa qarib qartayib qolgan apparatchilar fonida alohida ajralib turardi.

Leonid Brejnev, Yuriy Andropov va Konstantin Chernenkoning 20 yillik boshqaruvi davrida sovetlar ittifoqi chuqur turg‘unlikka yuz tutgandi.

1970-yillarda neft dollari oqimi kirib kelishi sovet xalqiga kamtargina bo‘lsa-da, avval misli ko‘rilmagan farovonlik taqdim etgandi. Ammo rejali iqtisodiyotning tizimli muammolari hal etilmagandi.

Pasayish va parchalanish

Sovet iqtisodiyoti sariyog‘ o‘rniga zambaraklar ishlab chiqarardi. Iste’mol tovarlari, jumladan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi sovetlar ittifoqida kundalik turmush tarzini zaharlab, odamlarni juda ko‘p vaqtini navbatlarda turishga sarflashga majbur qilardi.

80-yillar boshida jahon bozorida neft narxi qulashi resurs talab etadigan, rentabellik bilan ishlamaydigan korxonalar faoliyatini saqlab qolishni qiyinlashtiradi. Bu vaqtda sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirgandi va u yerda tez orada qonli partizan urushi botqog‘iga kirib qolgandi, bu urushning oxiri ko‘rinmasdi.

Urush, xalqaro izolyatsiya, Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklarda ro‘yobga chiqmagan kommunistik mo‘l-ko‘lchilik va’dalari - bularning bari sovet odamlarining hukumatga ishonchiga putur yetkazdi. Bunday ishonchsizlik turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi: alkogolizm, davlat mulkini o‘g‘irlash va rejimga bo‘ysunmaslik bo‘yicha tobora jasoratli harakatlar.

Gorbachyovning bosh kotiblikdagi o‘tmishdoshlaridan biri Yuriy Andropov gaykalarni qattiqroq burash orqali tizimni saqlab qolishga urinib ko‘rgandi: ishlab chiqarish intizomini kuchaytirish (militsiya kun bo‘yi zaruratsiz ish joyida bo‘lmaganlarni reyd qilardi), korrupsioner byurokratlarning alohida klanlari ustidan ochiq sud jarayonlari, dissidentlarni ta’qib qilish.

Ammo Andropov oliy lavozimda atigi 15 oyga yaqin o‘tirib, vafot etdi - shundan amalda 10 oyga yaqinida ishladi. Uning o‘rniga kelgan Konstantin Chernenko ham allaqachon munkillab qolgandi va kasal edi - u Andropovdan ko‘ra ko‘proq yashay olmadi va tarixda fuqarolar deyarli tanimagan rahbar sifatida qoldi.