Jahon | 15:29 / 01.09.2022
3296
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish haqida topshiriq berdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish haqida ko‘rsatma berdi, deb xabar qilmoqda Tengrinews.

Foto: AP

Davlat rahbari Qozog‘iston xalqiga murojaat qilar ekan, oiladagi zo‘ravonlikni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligini ta’kidladi

«Jamiyatda oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat toifasiga kiritish masalasi anchadan beri muhokama qilib kelinmoqda. Huquq-tartibot idoralari buning to‘g‘riligiga shubha qilmoqda. Buning sababi shundaki, bunday kundalik vaziyatlarni aniqlash oson emas, ya’ni bu kabi voqealarni tekshirish qiyin. Bu ham bir jihatdan to‘g‘ri. Lekin oiladagi zo‘ravonlikni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Oilalarni buzayotganlar jazolanmasa yanada depressiyaga tushishadi. Jabrlanganlar esa butunlay himoyasiz. Menimcha bunday qilmishlar uchun jazoni kuchaytirish vaqti keldi. Jabrlanuvchilar kimningdir so‘zi yoki bosimidan qo‘rqmasliklari kerak», deb ko‘rsatma berdi To‘qayev. 

To‘qayev parlament har ikki palatasining qo‘shma majlisida murojaatnoma bilan chiqish qildi. Murojaatnomaning asosiy qismi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini kuzda o‘tkazishni taklif qildi. U o‘zi ham saylovda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezidentlik uchun bitta muddat kiritishni taklif qilmoqda. U 7 yil davom etadi.

Bundan tashqari, To‘qayev yanvardagi tartibsizliklar ishtirokchilariga amnistiya e’lon qildi. Bu davlatga xiyonat, terrorizm va takroriy jinoyat sodir etganlikda gumon qilinganlarga ta’sir qilmaydi.

Shuningdek, Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon sud hukmi bilan korrupsionerlardan undirilgan mablag‘lar faqat maktablar qurilishiga sarflanadi.
 
Mamlakat prezidenti oxirgi marta 2022 yil mart oyida murojaatnoma bilan chiqqan edi. O‘shanda Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi siyosiy islohotlar dasturi va qator ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni taqdim etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid