O‘zbekiston | 11:39 / 07.09.2022
4605
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yetishtiriladigan 1 mln tonna paxta mamlakatda to‘liq qayta ishlanishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston to‘qimachilik sohasidagi salohiyati Ispaniyada taqdim etildi.

Mamlakat korxonalari xorijiy brendlar ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilishi bo‘yicha yetakchi kompaniyalar va riteylerlar bilan muzokaralar olib borishga yo‘naltirilgan faoliyat doirasida O‘zbekiston Ispaniyadagi elchixonasi vakillari Valensiya hamjamiyati ATEVAL to‘qimachilik tadbirkorlari uyushmasi rahbariyati va yirik to‘qimachilik kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Uchrashuv doirasida Ispaniya tomoniga O‘zbekiston to‘qimachilik sohasidagi salohiyati taqdimoti tashkil etildi. Hozirgi paytda mamlakatda yetishtiriladigan 1 million tonna paxta O‘zbekistonda to‘liq qayta ishlanishi ta’kidlandi. O‘zbek kompaniyalari o‘z mahsulotlari uchun Yevropa ittifoqi bozorida talab etiladigan eng nufuzli xalqaro sertifikatlarga ega bo‘layotgani va bunday kompaniyalar soni kundan kunga o‘sib kelayotgani qayd etildi.

Muzokaralar jarayonida ATEVAL uyushmasi raisi Xose Serna Reverta mamlakatdagi o‘zgarishlarni, islohotlarni, O‘zbekiston xalqaro maydondagi obro‘yi va nufuzi o‘sib borayotganini e’tirof etdi.

Xose Serna Reverta so‘nggi 5-6 yil davomida O‘zbekistonda iqtisodiy va tarkibiy islohotlar amalga oshirilishi natijasida biznes yuritish uchun do‘stona va jozibador muhit yaratilgani tadbirkorlar va investorlar respublikaga bo‘lgan ishonchini oshirayotganini ta’kidladi. “O‘zbek to‘qimachilik korxonalari mahsulotlari, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilayotgan paxta va ipak matolariga nafaqat Ispaniyada, balki butun dunyoda qiziqish ortib bormoqda”, dedi xorijlik ekspert.

1977 yilda tashkil etilgan ATEVAL Valensiya hamjamiyati to‘qimachilik tadbirkorlari uyushmasi hisoblanadi. Uyushma faoliyatidan ko‘zlanadigan asosiy maqsad Valensiya to‘qimachilik kompaniyalari umumiy manfaatlarini himoya qilish va ifodalash bilan izohlanadi. Hozirda u 300 dan ortiq a’zo kompaniyalarni o‘z atrofiga birlashtirgan.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid