Logistik muammolar import mahsulotlar narxlari oshishiga ta’sir qilishi mumkin – Markaziy bank
Regulyator tahlillariga ko‘ra, logistika bo‘yicha muammolar saqlanib qolayotgani import mahsulotlar narxi yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu tendensiya kelgusi oylarda ham saqlanib qolishi mumkin.
8 avgust kuni Markaziy boshqaruvning navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Regulyator sharhiga ko‘ra, ichki iqtisodiy sharoitlarda narxlar va yalpi ichki talabning shakllanishi bilan bog‘liq bir qator xatarlar saqlanib qolmoqda.
O‘tgan yillarda amalga oshirilgan va joriy yilda davom etayotgan fiskal rag‘batlantirishlarning ichki narxlarga oshiruvchi ta’sirlari davom etmoqda. Xususan, fundamental omillar hisobiga bazaviy inflatsiya o‘suvchi dinamikani hosil qilib, uning umumiy inflatsiyadagi hissasi oshib bormoqda.
Mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq logistik muammolarning saqlanib qolayotganligi va asosiy import mahsulotlari narxlarining yuqori shakllanayotganligi kelgusi oylarda ham iste’mol bozorlaridagi narxlarga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yilning qolgan qismida asosan nooziq-ovqat tovarlari narxlari bo‘yicha xavotirlar bor.
Shu bilan birgalikda, kuz oylarida iqtisodiy faollikning yanada jonlanishi va qishloq xo‘jaligi sohasida daromadlarning mavsumiy oshishi ichki iste’mol bozorida yil so‘ngigacha qo‘shimcha talabni shakllantirib boradi. Kuz-qish mavsumida ayrim yoqilg‘i-energetika mahsulotlari va isitish vositalariga bo‘lgan talabning ortishi, tashish va yetkazib berish xizmatlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha ham xavotirlarni yuzaga keltiradi.
Global iqtisodiyotdagi o‘zgaruvchan vaziyat, xalqaro moliya bozorlarida sharoitlarning qat’iylashtirilishi va inflyatsion jarayonlar natijasida yuzaga kelayotgan noaniqliklar, makroiqtisodiy prognozlar va baholashlarni amalga oshirishni murakkablashtirmoqda.
Jahonda va savdo hamkorlarida iqtisodiy o‘sish bo‘yicha kutilmalar avvalgi prognozlarga nisbatan yomonlashgan, shuningdek asosiy xomashyo tovarlari narxlarining ham pasayib borish trendi kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida, kelgusida tashqi talab hajmiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mavjud inflyatsion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflatsiyasi ta’sirining saqlanib qolayotganligi va yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo‘yicha inflatsiya darajasi 12-14 foizli prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada shakllanishi borasidagi oxirgi prognozlar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Avvalroq, avgustda yillik inflatsiya darajasi 12,3 foizni tashkil etgani ma’lum qilingandi.
Mavzuga oid
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarini 30 foizga oshiradi
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024