Jahon | 16:12 / 08.09.2022
10226
21 daqiqa o‘qiladi

Mehnat lageridan rahbarlikkacha: Si Jinpingning siyosiy yo‘li haqida

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping kelasi hafta davlat tashrifi bilan Toshkentga keladi. Xitoy rahbari Samarqandda bo‘ladigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ham ishtirok etadi.

Foto: Greg Baker / AFP / Getty Images

1976 yil 9 sentabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining birinchi rahbari Mao Tszedun vafot etadi. Shundan buyon bu davlat tepasida bir necha rahbar almashdi. Jumladan, 1976-1981 yillarda Xua Gofen, 1981-1989 yillarda Den Syaopin, 1989-2004 yillarda Tszyan Tszemin, 2004-2012 yillarda Xu Tszintao rahbarlik qilgan. 2012 yildan boshlab Chin yurtini Si Jinping boshqarib kelmoqda.

Bugun Si Jinping haqida gap ketganda, uning Mao Tszedun va Den Syaopin kabi liderlar bilan bir safda turishi aytiladi. U yoshligida bir necha yil umrini mehnat lagerida og‘ir sharoitda o‘tkazgan, kambag‘allarning mashaqqatli turmush tarzini yaxshi biladigan shaxs sifatida ta’riflanadi.

Yuqoridagi ta’riflar mubolag‘a emas – Si Jinping davrida Xitoy rivojlandi. Mamlakatda aholining turmush tarzi keskin oshdi. Xitoyning AQShni quvib o‘tib, dunyoning eng kuchli davlati bo‘lishi haqidagi taxminlar reallikka aylandi.

Albatta, dunyodagi eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan mamlakat muvaffaqiyatini birgina shaxsga nisbat berish to‘g‘ri emas. Ammo ko‘p narsa boshqaruv tizgini qo‘lida bo‘lgan odamga ham bog‘liqligi bor gap.

Foto: Podrobno.uz

Xitoydagi boshqaruv tizimi

Xitoyda rahbarlik qiladigan shaxs bir vaqtning o‘zida XXR kompartiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi, XXR markaziy harbiy kengashi raisi, XXR kompartiyasi markaziy qo‘mitasi harbiy kengashi raisi lavozimlarini egallashi mumkin.

Tarixda boshqacharoq vaziyatlar ham bo‘lgan va yuqoridagi uchta amalga bir necha kishi egalik qilgan. Bunday holatlarda de-fakto Xitoy kompartiyasi markaziy qo‘mitasi harbiy kengashi raisi Xitoyga rahbarlik qilgan.

Masalan, 1983-1988 yillarda Li Syannyan XXR raisi bo‘lgan. Amalda mamlakatni 1981-1989 yillarda Xitoy kompartiyasi harbiy kengashi raisi Den Syaopin boshqargan.

Hozirgi kunda XXR rahbari bo‘lib turgan Si Jinpin g yuqoridagi uchta amalning ham egasi hisoblanadi. Undan avvalgi rahbar, Xu Tszintao bilan ham shunday bo‘lgan.

Foto: alamy.com

Sining yoshligi va siyosatga kirib kelishi

Si Jinping 1953 yilda Pekinda tug‘ilgan. Uning otasi 1930-yillardan Mao Tszedunning hammaslagi bo‘lgan va Xitoy Xalq Respublikasi tuzilgandan so‘ng yuqori darajadagi amallardan biri – Xitoy davlat kengashi raisi o‘rinbosarligiga tayinlangan.

1962 yilda Si Jinpingning otasini partiyaga qarshi fitna uyushtirishda ayblashadi. Otasining qamalishi Si Jinpingning hayotiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

1966 yilda, Si Jinping 13 yoshda bo‘lganida, Pekinda Madaniy inqilob nomi bilan atalgan to‘polonlar boshlanib ketadi. Bu to‘polonlarda maktab o‘quvchilari ham faol qatnashadi.

Oqibatda, poytaxtdagi barcha maktablar yopiladi va bolalarning aksariyati uyda individual tarzda bilim oladi. Shu jumladan, Si ham.

O‘shanda yoshlar Mao Tszedun asarlarini, uning iqtiboslari jamlangan kitob va hukumatning davriy nashrlarini o‘qishga majbur bo‘lgan. Yonidan boshqa adabiyotlar chiqqan o‘quvchilar jazolangan.

1960-yillarda Xitoydagi qishloqlarda ahvol juda og‘ir edi. Elektr tarmoqlari tortilmagan, transport umuman yo‘q, xalq 1958-1961 yillarda kuzatilgan ocharchilikdan so‘ng hali o‘ziga kelmagan, odamlar juda qashshoq yashardi.

1968 yilda Ma Tszedunning maxsus qarori e’lon qilinadi. Unga ko‘ra, Xitoyning turli shaharlarda yashovchi millionlab yoshlar qishloqlarni rivojlantirish uchun mamlakatning qoloq hududlariga majburan jo‘natiladi. 1969 yilda 16 yoshli Si Jinpingni ham «dushmanning o‘g‘li» sifatida Xitoydagi eng qoloq hududlardan biri bo‘lgan Shensi provinsiyasida joylashgan Lyanszyaxe qishlog‘idagi mehnat lageriga «qayta tarbiyalash» uchun jo‘natib yuborishadi.

Foto: tianya.cn

Si Jinping u yerda juda og‘ir sharoitda yashaydi. Uy o‘rnida g‘or, g‘isht ustidagi yotoq, hojatxona vazifasini esa chelak bajargan. Keyinchalik Si Jinping o‘sha davlarlarni eslab, og‘ir jismoniy mehnat, doimiy yolg‘izlik va burgalarga chidashga to‘g‘ri kelganini bildirgan.

«Men 15 yoshimda begona joyga borib qolganman. O‘shanda hali hayotning past-balandlarini ko‘rmagan, xom bir o‘spirin edim. Biz yosh bo‘lishimizga qaramay kattalar kabi og‘ir ishlarda ishlardik – yo‘llar va dambalar qurardik. U yerni yoshim 22 da, qiyinchiliklarda toblangan va o‘zimga ishonch paydo bo‘lgan holda tark etganman. Men umrbod o‘sha zaminning o‘g‘li bo‘lib qolaman. Mening yuragim Lyanszyaxeda qolgan», degan edi u keyinchalik.

Ammo OAVda Si Jinpingning mehnat lageridagi mashaqqatli hayoti tasvirlangan kitoblar va chop etilgan maqolalar xitoyliklar orasida davlat rahbarining oddiy xitoyliklar qanday yashayotgani haqida tasavvurga ega ekanligini ommaga singdirish maqsadida qilingani haqida yozishgan. Ammo u bir necha yil umrini mehnat lagerida o‘tkazgani fakt.

1971 yilda Si Jinping mehnat lageriga yuborilganiga 2 yil bo‘lganda Xitoy komsomoli safiga kiradi va zo‘r berib mamlakat kompartiyasini targ‘ib qila boshlaydi. Bularning barchasi jazoni yengillatish va mehnat lageridan tezroq chiqib ketish uchun bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Ammo Si Jinping mehnat lageridagi surgunda 7 yil qolib ketadi.

Foto: avaz.ba

Ilk amal va mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish

Komsomol safiga kirgandan so‘ng Si Jinping Xitoy kompartiyasi safiga kirish uchun ko‘p marta ariza bera beradi. Ammo otasi qamoqda ekani uchun har safar rad javobini oladi.

Nihoyat 1974 yilda u Xitoy kommunistik partiyasi safiga qabul qilinadi. Uni mehnat lageri joylashgan qishloqdagi partiya tashkiloti rahbari etib tayinlashadi. Bu unga surgundan tezroq qaytishiga imkoniyat beradi. Chunki Xitoy kompartiyasi safida bo‘lgan odamning surgunda yurishi partiya obro‘siga to‘g‘ri kelmasdi. Oradan bir yil o‘tib Si Jinping surgundan qaytadi va Pekindagi nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Tsinxua universitetining kimyo texnologiyalari fakultetiga o‘qishga kiradi.

1979 yilda Si o‘qishni bitiradi va bir muddat davlat kengashi ma’muriyatida hamda markaziy harbiy kengashda kotib vazifasida ishlaydi.

O‘sha yili uning otasi qamoqdan ozod qilinadi va o‘zining siyosiy faoliyatini qayta boshlaydi. Bu paytda Mao Tszedun vafot etgan, mamlakatni yangicha islohotlar tarfdori bo‘lgan Den Syaopin boshqarayotgandi.

Si Jinpingning otasi kompartiyaning Guandun provinsiyasi bo‘limi rahbari va provinsiya gubernatori vazifasiga tayinlanadi. Bu provinsiya Hongkongga yaqin bo‘lib, keskin rivojlanyotgan hududlardan biri edi. Shundan so‘ng Si Jinping ham mansab pillapoyalaridan tez ko‘tarila boshlaydi.

Foto: huhaokan.com

1970-yillar oxirida u Xitoy xalq ozodlik armiyasi zobiti bo‘ladi. 1982 yilda esa mudofaa vaziri Gen Byaoga kotib etib tayinlanadi. Si bu vazifaga tayinlanishi bejiz emasdi, Gen Byao uning otasi bilan do‘stona aloqada bo‘lgan. Mudofaa vaziri kotibi sifatida bir yil ishlagach, u partiya rahbarlaridan o‘zini provinsiyalardan biriga ishga jo‘natishni iltimos qiladi. Uni Xebey provinsiyasidagi Chjyendin uyezdi partiya komiteti kotibi o‘rinbosari qilib yuborishadi.

1982-1994 yillar oralig‘ida, 12 yil davomida Si Jinping uncha muhim bo‘lmagan hududlarda bir necha uyezd, shahar va provinsiya partiya qo‘mitasi rahbari sifatida ishlaydi. 1995 yilda u yana harbiy sohaga qaytadi va 2002 yilgacha Futszyan provinsiyasining birinchi harbiy komissari lavozimida ishlaydi. Shu orada, 1997 yilda Xitoy kompartiyasi markaziy qo‘mitasi a’zoligiga nomzod bo‘ladi. 1998-2003 yillarda xalq vakillari Umumxitoy kengashiga deputat etib saylanadi.

Xitoy kompartiyasi markaziy qo‘mitasi safida va mamlakat rahbari

2002 yil noyabrda Xitoy kompartiyasining navbatdagi s’yezdida Xu Tszintao partiyaning yangi bosh kotibi etib tayinlanadi. Ana shu s’yezdda Si Jinping kompartiya markaziy qo‘mitasi tarkibiga kiritiladi.

Keyingi 5 yil davomida Si Jinping bir necha muhim shahar va provinsiyalarda rahbar bo‘lib ishlaydi. Jumladan, ancha rivojlangan Chjyetszyan provinsiyasi va Shanhay shahar partiya qo‘mitalarining birinchi kotibi sifatida ishlaydi. Shu bilan birga bir muddat parallel ravishda Nankin harbiy okrugi partiya qo‘mitasini boshqaradi.

2007 yilda Xitoy kompartiyasining navbatdagi s’yezdida Xu Tszintao mamlakat rahbari etib qayta saylanadi. Ayrim xorijiy nashrlar o‘sha paytlardanoq 2012 yilda Si Jinping yoki yana bir taniqli siyosatchi Xitoy kompartiyasi siyosiy byurosi a’zosi Li Ketsyan Xu Tszintaoning o‘rniga mamlakat rahbari bo‘lishi haqida yoza boshlaydi.

Keyinchalik Li Ketsyan o‘zaro norasmiy raqobatda Si Jinpingga yutqazadi. U avvaliga Hitoy hukumati raisi o‘rinbosari etib tayinlanadi. 2013 yildan boshlab Xitoy hukumati raisi lavozimida ishlab kelyapti.

Foto: alamy.com

2008 yilda Si Jinping xalq vakillari Umumxitoy yig‘ilishida raislik qiladi. Ana shu yig‘ilishda u XXR raisi o‘rinbosari lavozimiga saylanadi. 2010 yilda Xitoy kompartiyasi markaziy qo‘mitasi plenumida Si Jinping kompartiya markaziy harbiy kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlanadi.

Amalda har ikki lavozimga mamlakat rahbarining vorisi bo‘lgan shaxs tayinlanardi. Shundan so‘ng Xu Tszintaodan so‘ng Si Jinping Xitoy rahbari bo‘lishi oydinlashadi.

Kutilganidek 2012 yilda o‘tkazilgan kompartiya s’yezdida Xu Tszintao partiya markaziy qo‘mitasi tarkibidan chiqadi. O‘sha yili 15 noyabr kuni Xitoy kompartiyasi markaziy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida Si Jinping markaziy qo‘mita bosh kotibi va Xitoy markaziy harbiy kengashi raisi etib saylanadi. 2013 yil 14 mart kuni xalq vakillari Umumxitoy yig‘inida u XXR raisi etib saylanadi.

Qiziqishlari va oilasi

Si Jinping kitob o‘qish o‘zining sevimli mashg‘uloti ekani, rus klassik adabiyoti, ayniqsa Dostoyevsikiy, Tolstoy va Sholoxov asarlarini sevib mutolaa qilishini bir necha bor ta’kidlagan. Bundan tashqari, u futbol muxlisi hisoblanadi. Shuningdek, tsigun gimnastikasi va xitoy jang san’ati bilan shug‘ullangan.

Si Jinping bir necha bor Forbes va Time tomonidan tuzilgan dunyoning eng kuchli ta’sirga ega insonlari reytingiga kirgan.

Si Jingping 1980-yillar boshida Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchisi qiziga uylangan, ammo u bilan uzoq yashamay ajrashgan. OAVda elchining qizi Xitoyda yashashni xohlamagani uchun Si Jinping bilan ajrashgani va Britaniyaga qaytgani haqidagi gaplar yozilgan.

Keyinchalik u Xitoydagi mashhur xonanda Pen Liyuanga uylanadi. U paytlarda Si Jinping uncha mashhur emas, xitoyliklar uni tanimasdi ham. O‘shanda odamlar uni mashhur xonandaning eri sifatida taniy boshlashgan.

Xitoyda ham aksariyat yuqori lavozimli shaxslarning farzandlari xorijiy davlatlarda o‘qiydi va yashaydi. Shu jumladan, Si Jinpingning qizi ham boshqa ism-sharif bilan Harvardda o‘qishi haqida gaplar yuradi.

Bundan tashqari, Si Jinpingning singillari Kanada va Avstraliyada, akasi esa Hongkongda yashashi aytiladi.

Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra Si Jinpingning xotini va qizi biznes bilan shug‘ullanmaydi. Ammo uning yaqin qarindoshlari boy kompaniyalarda ulushlarga egalik qiladi. Jumladan, Vikipediyada Si Jinpingning singillari va boshqa qarindoshlari turli kompaniyalarda bir necha yuz million dollarlik ulushlarga egalik qilishi aniqlangani haqida yozilgan.

Internet ustidan nazorat kuchaytirilishi

Su Jinping 2012 yilda hokimiyatga kelar ekan, Xitoyda hech qachon «Arab bahori»ga o‘xshash hodisa sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini tushunib turardi. Qolaversa, birgina 1989 yilda Pekindagi Tyananmen maydonida talabalar bosh ko‘tarishi mamlakat va unda hukmron bo‘lgan kommunistik partiya obro‘siga jiddiy zarba bergani barchaning yodida edi.

Shu sababli Chin yurtida internet ustidan nazoratni kuchaytirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratila boshlanadi. 2017 yilda Xitoyda ommabop bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda Si Jinping va Barak Obamaning 2013 yilda uchrashganda yonma-yon ketayotgan holda tushgan surati yoniga multfilm qahramonlari ayiqcha Vinni-Pux va yo‘lbarsning yonma-yon turgan surati qo‘yilgan mem tarqaladi.

Foto: BBC

Oradan biroz o‘tib Si Jinping Yaponiya bosh vaziri bilan uchrashganda uning qo‘lini siqib turgan holati tasvirlangan fotosurat bilan Vinni-Puxning do‘sti Ia-Ianing qo‘lini siqib turgan holati yonma-yon qo‘yilib, hazil mem qilinadi.

Foto: BBC

Shundan so‘ng Xitoyda ayiqcha Vinni-Puxga qarshi «urush» boshlandi. Uning tasviri barcha joydan olib tashlanadi. Televideniyeda Vinni-Pux haqidagi multfilmni qo‘yish taqiqlanadi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar yanada kuchliroq nazoratga olina boshlanadi. 2017 aprelda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Si Jinpingni bulochkaga o‘xshatgan shaxs 2 yilga qamaladi.

O‘sha paytlarda Xitoy kompartiyasiga qarashli OAV «Internetda mafkuraviy urushlar to‘xtamaydi. Tarmoqni kim nazorat qilsa, o‘sha yutadi», deb yozib chiqib, internetning kuchli nazoratga olinayotganini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Xitoyda sun’iy ong bilan ishlaydigan texnologiyalar rivojlanishiga katta e’tibor berilyapti va bunda ham eng avval mamlakat xavfsizligini ta’minlash masalasi birinchi o‘ringa qo‘yilgan.

Mamlakat bo‘ylab oddiy kuzatuv kameralari bilan birgalikda odamlarning yuz ko‘rinishidan tanib oladigan kameralar yoppasiga o‘rnatila boshlanishi shular jumlasidan. Bu ishlarga ham asosan Si Jinping boshqaruvga kelgach jiddiy e’tibor qaratila boshlangan.

Xitoy AQShdagi turli texnologik kompaniyalar uchun yirik bozor hisoblanadi. Shu tufayli aksariyat ularning aksariyati Xitoyning internetni kattiq nazorat qilishiga ko‘z yumishadi. Hatto bu ishda yordam ham berishadi.

Masalan, Su Jinping 2015 yilda AQShga tashrif buyurganda yirik texnologik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashgandi. O‘shandan keyin Facebook’ka tegishli Whatsapp Xitoyga qarshi targ‘ibot olib boradigan sahifalarni bloklay boshlagan. Apple esa App Store’dagi VPN’larni Xitoyda ko‘rinmaydigan qilib qo‘ygan.

Shu tariqa, Xitoyda bloklangan YouTube’ga VPN orqali kiruvchi tanqidchilar chorasiz qolishgandi.

Foto: BBC

Keyingi yillarda Xitoyda ikki frontda urush olib borishiga to‘g‘ri kelmoqda: biri partiyadagilar nazorati, ikkinchisi internet nazorati.

Imij targ‘iboti

Xitoyda Si Jinping va kompartiyaning ijobiy imijini oshirish uchun tinimsiz ishlar olib boriladi. Mamlakatning juda ko‘p joylarida Xitoy kompartiyasi maqtalgan shiorlar va Si Jinpingning ulkan portretlarini ko‘rish mumkin.

Foto: alamy.com

Shuningdek, Xitoy rahbari doimiy ravishda og‘ir sharoitlarda yashayotgan qishloqlarda bo‘ladi, odamlarga yordam beradi.

Bundan tashqari, tez-tez talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, rasmiyatchilikdan xoli formatda suhbatlashib turadi. Ular bilan oddiy talabalar oshxonasida tamaddi qilib, yegan ovqatining pulini yonidan to‘laydi. Bunday ishlari bilan u ko‘pmillionli talabalar va kambag‘allar qatlami orasida obro‘ qozongan.

Si Jinping bir paytlar mehnat lagerida yashagan Shensi provinsiyasida joylashgan Lyanszyaxe qishlog‘idagi g‘orni har yili millionlab xitoyliklar borib ko‘radi. U yerda oddiy xitoyliklarga mamlakat rahbari og‘ir sharoitda qanday yashagani ko‘rsatiladi.

Foto: BBC

Kuchli targ‘ibot tufayli, hatto xorijiy davlatda yurgan xitoyliklar ham o‘z davlatini, mamlakat rahbarini yoki Xitoy kommunistik partiyasini tanqid qilavermaydi. Aksincha, mabodo xorijda yurgan xitoyliklarga kimdir siyosiy mavzuda savol bersa ular juda xushmuomalalik bilan o‘zlarini javob berishdan olib qochishadi.

Shaxsan Si Jinpingning o‘zi ham bir necha bor mamlakat aholisi bilan birga xorijda yurgan xitoyliklarga «Xitoy haqida faqat yaxshi gaplarni gapiring» deb aytgan. Bundan tashqari, mamlakat tashqi ishlar vazirligi xorijda tahsil oladigan talabalarga Xitoyga qarshi bildirilayotgan gaplarga doim qarshi turish kerakligini uqtirib keladi.

Dunyodagi eng kuchli davlat bo‘lishga da’vogarlik

XX asrning ikkinchi yarmida dunyoda eng kuchli davlat AQSh bo‘lgan. Ikkinchi o‘ringa garchi iqtisodiy darajasi past bo‘lsa-da, kosmosni o‘zlashtirish va kuchli qurol-yarog‘lar bilan sovet ittifoqi da’vogarlik qilgan.

1991 yilda SSSR tarqab ketgach, Rossiya o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoldi va mavqeyini 1990-yillardan keyin tez sur’atlarda rivojlana boshlagan Xitoyga bo‘shatib bera boshladi.

Bugun Xitoy nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha, balki harbiy maqsadlar uchun mablag‘ sarflash bo‘yicha ham AQShdan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Foto: adobe.com

Yaqin yillarda Chin yurti AQShni quvib o‘tib, dunyodagi eng qudratli davlat bo‘lishi aytilmoqda. Zero Xitoyning turli sohalardagi ko‘rsatkichlari shuni ko‘rsatmoqda.

Mamlakat bunday darajaga chiqishida Si Jinpingning ham xizmatlari katta. Masalan, u Xitoy rahbari bo‘lgan 2012 yilda bu YaIM hajmi 8 trillion 226 milliard 885 million dollarni tashkil etgan. Si Jinping boshqaruvida o‘tgan 10 yilda mamlakat YaIM hajmi karrasiga oshgan va 2021 yilga kelib 16,94 trillion dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, mamlakat harbiy maqsadlar uchun xarajatlarni ham oshirgan. 2012 yilda Xitoy harbiy maqsadlar uchun 100 milliard dollar sarflagan bo‘lsa, 2021 yilda 293 milliard sarflangan.

2012 yilda Xitoyda aholi jon boshiga daromad 6 091 dollar bo‘lgan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 17,6 ming dollarni tashkil etgan.

Bugun Xitoy dunyoning juda ko‘plab davlatlariga juda katta miqdorda investitsiyalar kiritmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Afrika davlatlariga kiritilayotgan investitsiyalar miqdori keskin oshdi. Bu hududlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tenderlarning aksariyatini arzon narx taklif etayotgan Xitoy kompaniyalari yutib olmoqda.

AQSh bilan savdo urushi

Garchi AQSh bilan Xitoy o‘zaro g‘oyaviy dushman hisoblansa ham, bu ikki davlat yaqin iqtisodiy aloqalarga ega hisoblanadi. So‘nggi 10-12 yilda har ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi yiliga 400-500 milliard dollardan 750 milliard dollargacha oshdi. Jumladan, 2021 yilda esa 755 milliard dollarni tashkil etgan.

O‘rtacha hisoblaganda har ikki davlat o‘rtasidagi umumiy savdo hajmining 80-85 foizi Xitoy eksportiga to‘g‘ri kelgan va bu Chin yurti uchun manfaatli bo‘lgan.

Ana shunday holatda 2016 yilda Donald Trampning prezident etib saylanishi  AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalariga raxna sola boshladi.

Foto: stock.adobe.com

Tramp hali saylov kompaniyasi olib borayotgan paytidayoq Xitoy rahbariyati olib borayotgan siyosatni tanqid qilgandi. 2018 yil 23 yanvar kuni u Xitoydan keladigan ayrim mahsulotlarga 30 foizlik boj joriy qiladi. Keyinchalik ro‘yxat kattalashib boraveradi. Ana shunday holatda Si Jinping ham qarab turmadi va AQShdan Xitoyga keltiriladigan mahsulotlar uchun bojni oshiradi. Oqibatda, har ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushi yuzaga keladi va savdo hajmi salmoqli miqdorda kamayadi.

2021 yanvarda Tramp prezidentlik kursinini bo‘shatib qo‘ygandan so‘ng har ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushi tinganday bo‘lib turibdi. Ammo kelajakda AQSh va Xitoy manfaatlari dunyoning turli burchaklarida to‘qnashar ekan, savdo urushlari takrorlanmasligiga kafolat yo‘q.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid