18:04 / 09.09.2022
7307

Iqtisodchi Botir Qobilov: “Tashabbusli budjet” parlament bajarishi kerak bo‘lgan ishni qilmoqda

Iqtisodchi Botir Qobilov o‘z Telegram-kanalida nima uchun “Tashabbusli budjet” O‘zbekistonda oxirgi yillarda sodir bo‘lgan eng zo‘r jarayonlardan biri ekanini izohladi.

Foto: Kun.uz

Uning fikricha, erkinlik va rivojlanishning garovi quyidagi savollarni bera olishda va unga javob izlashda yotadi: Soliqlarim qayerga, nega, nima uchun ketyapti, uning nazorati, ijrosi qanday bo‘lyapti?

“Bu savollar barchamizni o‘ylantirishi kerak, uni berishimiz kerak, javob izlashimiz kerak. Eng muhimi, soliqlar taqsimlash jarayonida faol ishtirok etish kerak. Agar shu savollar bizni qiziqtirmasa, nega rivojlanmayapmiz kabi savolni berish ortiqcha. Yaqinda mustaqillikni nishonladik, bir qancha mamlakatlar aynan shu oddiy savollar deb mustaqillikni, erkinlikni qo‘lga kiritganlar”, deb yozadi u.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, “Tashabbusli budjet” orqali insonlar o‘z soliqlarini o‘zlari muhim deb bilgan, kerakli bo‘lgan manzillarga sarflash uchun ovoz yig‘moqdalar, qiziqmoqdalar.

“Qarang, o‘tgan yilgi loyihaning ma’lumotlariga ko‘ra, tashabbuslarning aksariyati maktabni ta’mirlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tizimini yaxshilash bo‘yicha ekan. Ya’ni insonlar festival qilish uchun, mahallada yangi biznes markaz qurish, bir tonna osh qilish uchun, davlatdan qandaydir kontrakt yoki imtiyoz olish uchun emas, balki hayot uchun muhim bo‘lgan oddiy manzillarga pul taqsimotida qatnashyaptilar. Bu juda zo‘r”, deydi u.

Uchinchidan, deya fikrida davom etadi Botir Qobilov, “Openbudget atrofida men kuzatayotgan fikrlarning aksariyati tashabbuslarga qanday ovoz yig‘ilayotgani haqida ekan. Ya’ni qandaydir loyihaga ovoz to‘plash uchun insonlar ovoz berganlarga ichimlik suvi, pul va boshqa moddiy tovarlarni berib rag‘batlantiryaptilar. Yoki ijtimoiy tarmoqlarda, shaxsiy suhbatlarda “mana bu loyihaga iltimos ovoz bering” degan xabarlarni ko‘ryapman. Qaytaraman, ular diskoteka qilgani yoki shashlik yeyish uchun emas, mahallasiga asfalt qilish, maktabini remont qilish uchun ovoz yig‘ishmoqda. Ovoz uchun Coca-Cola bersa ham, xuddi Instagramda bo‘ladigan konkurslar kabi iltimos mana bu yerga ovoz berib yuboring, desa ham ikkala holda men bular bo‘layotgani uchun xursandman. Insonlar o‘z soliqlari taqsimoti uchun turli yo‘llar bilan kurashmoqdalar, boshqa mahalla, tuman bilan raqobat qilmoqdalar”, deydi u.

Iqtisodchi mazkur loyihada muammolar ko‘pligini, lekin u takomillashib, logistik muammolari to‘g‘rilanishiga ishonch bildirgan. U ovoz berish vositasi bo‘yicha unchalik xavotirda emasligini, har qanday saylovlarda ovoz beruvchining ovozini olish uchun qandaydir ma’naviy rag‘bat, va’da yoki moddiy narsa berilishini qayd etgan. Uning fikricha, eng muhimi, buning qonuniy tarzda bo‘lishi. 

“Ushbu loyiha barchamizga parlamentning o‘rni inson kundalik hayoti uchun naqadar muhimligini eslatmoqda. Aslida Openbudget parlament qilishi kerak bo‘lgan narsani qilyapti. Budjet, soliq to‘lovchilarning pullari taqsimoti aslida uning asosiy maydonida, parlamentda xalq vakillari orqali bo‘lishi kerak edi. Openbudget atrofidagi hozirgi faollik bizga shu jarayon keyingi bosqichda chinakamiga parlamentga ko‘chishiga, tuman, hududlardan saylagan deputatlar o‘z ovoz beruvchilariga nima kerak ekanligini boshqa deputatlar oldida bahslashib kelishishlariga va nihoyat parlament degan davlat instituti to‘liq tashkil topishiga menda umid bor”, deb yozadi u.

Botir Qobilov Openbudget odamlarni birlashtiryapti degan fikrda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Openbudget orqali qishlog‘imiz nihoyat birlashdi, birdamlik paydo bo‘ldi degan xabarlarni ko‘ryapmiz. Nafaqat o‘z hududi, balki boshqa shahar, viloyatdagilar ham befarq bo‘lmayaptilar. Masalan, Mirobod tumanida muammosi nisbatan kamroq bo‘lgan fuqaro Mo‘ynoqdagi loyihaga ovoz berishi ham birdamlikning bir belgisi”, deya ta’kidlagan u.

“Demokratik va fuqarolik jamiyati mana shu orqali paydo bo‘lyapti deb o‘ylayman. Insonlarda bu bizning pulimiz, davlatniki emas degan tushunchalar ko‘paymoqda. Eng muhimi, umumiy qabul qilingan narrativga qarshi o‘laroq insonlar ovoz bermoqdalar, jarayonda qatnashmoqdalar. Insonlar ovoz berishga, saylashga tayyor (har doim shunday bo‘lgan o‘zi)”, deya fikrini yakunlagan Botir Qobilov.

Eslatib o‘tamiz, 24 avgustdan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni boshlandi. Mavsum doirasida fuqarolar tomonidan ilgari suriladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida respublika bo‘ylab qariyb 1 trillion 62 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ovoz berish jarayoni 5 kunga uzaytirilgan holda 17 sentabr soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Top