O‘zbekiston | 11:16 / 22.09.2022
9455
3 daqiqa o‘qiladi

1 oktyabrdan Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga ishini boshlash uchun qarz beriladi

2022 yil 1 oktyabrdan 2028 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari beriladi.

Foto: Kun.uz

Prezident farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda hudud investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yoshlar bandligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida:

a) Qoraqalpog‘iston barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda;

ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida;

yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdori bir baravari miqdorida belgilandi.

Bunda, yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarga mazkur bandda belgilanayotgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi;

b) 2022 yil 1 oktyabrdan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlari 70 foizi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan ro‘yxatga asosan Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;

ajratiladigan kredit summasi 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kafilliklar taqdim etiladi;

v) Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida hukumat komissiyasi qaroriga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari taqdim etiladi.

Bunda, ajratilgan mazkur kredit mablag‘lari Qoraqalpog‘iston vazirlar kengashi takliflari asosida hukumat komissiyasi tomonidan taqsimlanadi;

g) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2022 yil yakuniga qadar dastur uchun ajratilgan resurslar hisobidan qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m kredit ajratilishini ta’minlaydi.

Belgilanishicha, qonunchilikda mazkur banddagidan ortiq soliq imtiyozlari nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay soliq imtiyozlari tatbiq etiladi. Mo‘ynoq tumanidagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun qonunchilikda soliq imtiyozlari kengaytirilgan ro‘yxati mavjud.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid