07:13 / 01.10.2022
18959

«Ukraina hududlarini ozod etish huquqiga ega»: jahon yetakchilari Putinning qaroriga munosabat bildirdi

«Qrim, Xerson, Zaporijjya, Donetsk va Luhansk bu - Ukraina», - deya ta’kidladi dunyo yetakchilari. Ular Rossiyaning Ukraina hududlarini annexia qilganini keskin qoraladi.

Foto: Michele Ursi

Yevropa ittifoqi davlatlari, NATO, G7 va dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari Rossiyaning Ukraina to‘rtta hududini annexia qilganini, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30 sentabr, juma kuni imzolagan «shartnoma»ni keskin qoraladi. Jahon yetakchilari Ukrainaning annexia qilingan Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini Rossiya bir qismi sifatida tan olish niyatida emasliklarini bildirdilar, shuningdek, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyaning Ukraina to‘rt oblastini annexia qilishini «BMT nizomini qo‘pol ravishda buzish» deb atadi. «Annexia va soxta referendumlar teatri» bu «yarim yildan beri ko‘rayotgan narsamiz – shafqatsiz zo‘ravonlik, tasavvur qilib bo‘lmaydigan usullar bilan kechayotgan yerlarni tortib olishni yashirishga urinishdir», dedi Berbok ARD nashriga bergan intervyusida. Dunyoning birorta davlati bunga qo‘shila olmaydi, dedi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari.

AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveytsariya, Isroil, Moldova va boshqa davlatlar ham annexia qilingan Ukraina hududlari Rossiya tarkibiga kirganini tan olish niyatida emasliklarini e’lon qilishdi.

«Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukraina hududini annexia qilishga bo‘lgan firibgarlik harakatini qoralaydi. Rossiya xalqaro huquqni , BMT nizomini buzmoqda va tinchliksevar xalqlarga nisbatan nafratini namoyish qilmoqda», - deyiladi Oq uy bayonotida.

«Biz xalqaro hamjamiyatni bu qadamlarni qoralash va Rossiyani javobgarlikka tortish uchun birlashtiramiz. Rossiyaning qo‘shni davlat chegaralarini o‘zgartirishga qo‘pol urinishlariga qaramay, Ukrainani o‘zini himoya qilish uchun zarur vositalar bilan ta’minlashda davom etamiz», dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. U egallab olingan hududlardagi psevdoreferendumlarni «mutlaq fars» deb atadi.

Putin Ukraina hududlarini Rossiyaga «qo‘shib olish» to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan so‘ng, AQSh va Buyuk Britaniya Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishini e’lon qildi. Shu jumladan, Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina Vashington va Londonning sanksiya ro‘yxatiga kiritildi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning rafiqasi va qizi ham AQShning jazo choralari ostida qoldi.

Rossiyaning Ukraina hududlarini annexia qilishini va «qurol ostida o‘tkazilgan» soxta «referendumlar»ni va «Yettilik guruhi» (G7) mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari hech qachon tan olmaydi. «Biz Donetsk, Luhansk, Xerson, Zaporijjya oblastlari va Qrim Ukrainaning ajralmas qismi ekanligini yana bir bor ta’kidlaymiz», — deyiladi ularning qo‘shma bayonotida. Katta yettilik mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga nisbatan keyingi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilishidan ogohlantirdi.

Yevropa ittifoqi ham xuddi shunday pozitsiyani egalladi. «Biz noqonuniy «referendumlar»ni, shuningdek, ularning soxtalashtirilgan va noqonuniy natijalarini tan olmayapmiz va hech qachon tan olmaymiz», — deyiladi Yevropa kengashi bayonotida. - Bu qarorlar yuridik kuchga ega emas va hech qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin emas. Qrim, Xerson, Zaporijjya, Donetsk va Luhansk bu - Ukraina».

Yevropa ittifoqi «qat’iy Ukraina va uning xalqi tomonida», deb ta’kidladi Yevropa kengashi. «Kremlning yadroviy tahdidlari, harbiy safarbarlik va Ukraina hududini Rossiyaniki deb noto‘g‘ri ko‘rsatish, endi esa u yerlardagi urush Rossiya hududida deb hisoblanishi to‘g‘risida da’vo qilish strategiyasi bizning qarorimizni o‘zgartirmaydi», — deyiladi bayonotda.

NATO davlatlari annexia qilingan hududlarni Rossiyaning bir qismi sifatida hech qachon tan olmaydi, dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg o‘z navbatida.

Alyansdagi ittifoqchilar Ukraina BMT nizomida mustahkamlangan «hududlarini ozod etishda davom etish huquqiga ega va annexia hech narsani o‘zgartirmasligiga» ishonchi komil. «Agar biz annexiani qabul qilsak, bu Rossiyaning yadroviy shantajiga berilib ketganimizni anglatadi, keyin esa boshqa avtoritar rejimlar o‘zlari xohlagan narsaga erishish uchun xuddi shunday tahdidlardan foydalanadilar», deb ta’kidladi NATO bosh kotibi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top