O‘zbekiston | 23:11 / 06.10.2022
6510
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «Odam savdosiga aloqador xorijdagi shaxslarni aniqlash ishlari talab darajasida emas» 

5 oktabr kuni Toshkentda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. 

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Suhbat doirasida Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyevaning YeXHT Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili Valiant Richi bilan ikkitomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda janob Richi O‘zbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berib, parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini kuchaytirish zarurligi to‘g‘risidagi tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. O‘z o‘rnida YeXHT doirasidagi davlatlarning odam savdosiga qarshi kurashishga mutasaddi davlat va nodavlat tashkilotlari O‘zbekistonning amaliy taklifi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun YeXHT tomonidan barcha zarur ko‘mak ko‘rsatilishi bildirildi. 

Senat raisi Tanzila Norboyeva tadbir davomida odam savdosi jinoyati xalqaro miqyosdagi global muammolardan biri hisoblanishini, bu illat nafaqat odam savdosidan jabrlangan shaxslar, balki ularning oilasi, ayniqsa farzandlari uchun, jamiyat uchun ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi xavf ekanini ta’kidladi. 

«Eng yomoni, odam savdosi ayrim shaxslar uchun katta daromad manbai bo‘lib, ushbu daromadlar global xavfsizlikka tahdid solishga xizmat qilayotgani achinarli holatdir», dedi Norboyeva. 

Shuningdek, Senat raisi bu illatning transmilliy xarakterga ega ekanini, bir hududda, davlatda boshlanib, boshqasida davom etishini va yana bir uchinchi davlatda boshqacha tusga kirishini, shu tariqa global xavfsizlikka tahdid solishini ta’kidladi. 

«Biz aksariyat hollarda mamlakatimiz ichidagi jinoyatga aloqador bo‘lgan, yollash bilan shug‘ullanadigan shaxslarni aniqlayapmiz xolos. Lekin aynan xorijda ularni ekspluatatsiya qilayotgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortilishiga erishish ishlarini hali talab darajasida deb bo‘lmaydi. Ushbu davlatlarning tegishli organlari bilan o‘zaro hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilmagani tufayli bu borada real natijaga erishilmayapti», dedi Norboyeva. 

Senat raisi odam savdosiga qarshi kurashda nodavlat notijorat tashkilotlari rolini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. 

«Odam savdosiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro va milliy darajadagi amaliy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo, hukumatlararo, idoralararo aloqalarni yanada kengaytirish zarur. Bu ishlarni tashkil etishda xalqaro hamkorlarimizning metodik, konsultativ, texnik ko‘magi ham zarur», deb qo‘shimcha qildi Norboyeva.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid