“Rossiya propagandani haddan tashqari kuchaytirgan bir paytda, biz bor axborot erkinligimizni demontaj qildik” - Rabbimov
“Rossiya oxirgi 20 yilda axborot siyosati uchun misli ko‘rilmagan darajada katta resurs ajratdi. Bugun ham Rossiyada eng katta axborot propagandachilari yirik milliarderlar hisoblanadi. Bu propaganda mashinasi haddan tashqari kuchayayotgan bir paytda biz bor axborot erkinligimizni demontaj qildik”, – deydi siyosiy tahlilchi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz sayti tashkillashtirgan davra suhbati davomida o‘zbek jamiyatida hurfikrlilik rivojlanmayotgani va hukumatning milliy axborot siyosatida yo‘l qo‘yayotgan xatolari haqida fikrlarini bildirdi.
“Men O‘zbekistondagi birinchi ma’muriyat davriga doim tanqidiy baho beraman. Chunki axborot siyosati davlatning siyosiy tabiatiga borib taqaladi.
Birinchi ma’muriyat davrining asosiy motivi jamiyatni imkon qadar qattiqroq nazorat qilish motivi edi. Ya’ni birinchi ma’muriyat davrida davlatning geosiyosiy mustaqilligiga katta e’tibor berildi. Masalan, Rossiya Qrimni annexia qilganda possovet hududidan Rossiyaga qarshi ikki bor nota yuborgan yagona davlat bu O‘zbekiston bo‘ldi. Lekin axborotni qattiq nazorat qilish oqibatida jamiyatda xato qilish imkoniyati ham bo‘lmadi.
Bilamizki, demokratiya erkinlik jarayonida shakllanadi. Ya’ni birinchi bo‘lib davlat, millat shakllansin, undan keyin erkinlik bo‘ladi, deyilgan joyda erkinlik hech qachon bo‘lmaydi. Erkinlik bu — avvalo jarayon.
Birinchi ma’muriyat davrida axborot shu qadar qattiq nazorat qilindiki, jamiyatda erkin fikrlash va erkin axborot oqimini shakllantirish imkoniyati bo‘lmadi.
Demokratiyaning fundamentida keng siyosiy elita turadi.
Bilasiz, O‘zbekiston, Turkmaniston kabi davlatlarning konstitutsiyalari ham demokratik konstitutsiyalar hisoblanadi, ammo ular yozilgani kabi ishlamaydi. Fikrimcha, uning ishlashi uchun keng siyosiy elita kerak. Bizda siyosiy elita keyingi 6 yildagina kengaya boshladi. Ammo bu boradagi tezlik yetarli emas, juda sekin.
Biz mamlakatda erkin fikr shakllanishi uchun demokratik institutlar kerak dedik. Demokratik institutlar esa hokimiyatlar bir-birini o‘zaro tiyib turganda va tez-tez almashganda shakllanadi.
Bugun bu yerda bizning o‘tgan vaqt davomida nega axborot erkinligini qo‘lga kiritolmaganimiz haqida savol berilyapti. Bu yerda fundamental bir nuqta mavjud. Biz sovet ittifoqida Rossiyaning nazoratidan chiqdik. Lekin mustaqillikka chiqqanimizdan keyin o‘zbek jamiyatida Rossiya, rus, sovet o‘zligi boshqa o‘zlik sifatida ko‘rilmadi. Bu yerda psixologik nuqta bor. Ya’ni biz Rossiya, SSSRga xuddi ota va onaga yoki katta akaga qaragan kabi qaradik. Bu jarayonda uzilish bo‘lmadi va haligacha ham jamiyatning ma’lum bir qismi Rossiyaga begona, mustaqil, boshqa bir davlat sifatida qaramaydi. Buni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Buning ustiga Rossiya juda katta davlat. U keyingi 20 yilda axborot siyosati uchun misli ko‘rilmagan darajada katta resurs tashladi. Bugun ham Rossiyada eng katta axborot propagandachilari yirik milliarderlar hisoblanadi. Ular juda boy odamlar.
Rossiya propaganda mashinasini haddan tashqari kuchaytirayotgan bir paytda biz bor axborot erkinligimizni demontaj qildik”, – dedi tahlilchi.
Rabbimov shuningdek, o‘tgan yillar davomida o‘zbekistonliklarga to‘g‘ri dunyoqarash, hurfikrlilik berolmayotgan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va hukumatning bu borada olib borgan siyosatini ham tanqid qildi.
“O‘zbekistonda axborot ishlab chiqish bor, lekin pozitsiya, dunyoqarash ishlab chiqish yo‘q. Tahliliy ko‘rsatuvlar yo‘q. Jamiyatda mutafakkirlar ko‘p, ammo ulardan foydalanish yo‘q.
O‘zbekistonning eng katta muammosi geosiyosiy ehtiyotkorlik. Bugun xohlagan mavzuingizni xohlagancha tanqid qila olasiz. Birov kelib sizga indamaydi, hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali prezident va bosh vazirni ham tanqil qilish mumkin. Lekin Rossiya bilan Xitoyga kelganda elchixonalar nota berishi mumkin, degan ehtiyotkorlik, xavotir juda kuchli.
Qiyosiy tahlil qilaylik, masalan, qo‘shni Qozog‘iston misolida. U Rossiya bilan dunyodagi eng uzun – 7 ming 500 kilometr uzunlikda chegaraga ega. Lekin qozoq telekanallarida erkin fikrlash, tanqidiy tahlil juda kuchli. Bizga qaraganda nihoyatda oldinda. Qirg‘izistonni aytmasa ham bo‘ladi.
Ya’ni Qirg‘izistonda Putin yoki Moskvaga nisbatan biror-bir tanqid paydo bo‘lganda Rossiyada hech kimning xayoliga bu Bishkekning yashirincha buyurtmasi, degan fikr kelmaydi.
Bizda bugun bir yo‘l borki, unga ko‘ra, aynan geosiyosiy masalada axborot erkinligini jamiyatga berish kerak. Bunda hokimiyat 6 oy yoki 1 yil tishini-tishiga qo‘yib, sabr qilishi kerak. Shunda tashqi dunyoda ham O‘zbekistonda axborot erkinligi shakllanadi, bu Kun.uz, bu “Azon.uz” va bu Qalampir.uz’ning o‘z pozitsiyasi, buni prezident administratsiyasi topshiriq bermagan, degan fikr shakllanadi. Shu xulosaga kelishi uchun davlat hokimiyati sabr qilishi kerak”, – dedi Kamoliddin Rabbimov.
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024