Sport | 18:57 / 14.10.2022
40951
10 daqiqa o‘qiladi

Chiroqni o‘chiring! Energiya inqirozi Yevropa futboliga zarba bermoqda

Top-ligalar pulni tejash yo‘llarini izlamoqda – ular hatto o‘yinlarni ertaroqqa ko‘chirishga majbur.

Foto: Getty Images

Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar va Yevropaga gaz bilan neft yetkazib berishning qisqarishi, ayniqsa, Rossiya energiya manbalariga qaram bo‘lgan mamlakatlarda kommunal xizmatlar narxi bir necha barobar oshishiga olib keldi. 

Misol uchun, Germaniyada fevral oyida elektr energiyasi uchun to‘lovning o‘rtacha narxi oyiga 127,78 yevro edi, avgust oyida esa 469,35 yevroga ko‘tarildi (Embert ma’lumotlariga ko‘ra); Angliyada oktyabr oyidan boshlab kommunal xizmatlar narxi 80 foizga o‘sishi bashorat qilingan edi (bu esa yiliga 2500 funt sterling!). Boshqa mamlakatlarda ham vaziyat yaxshi emas. 

Yevropa Ittifoqi a’zolari energetika sektoridagi inqirozni yengish uchun bir qator tashabbuslarni ishlab chiqdi va chiqishda davom etmoqda. Masalan, Germaniya hukumati uy xo‘jaliklari, kichik va o‘rta biznes vakillariga oylik gaz to‘lovi miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishini ma’lum qildi – buning uchun 96 milliard yevro ajratish rejalashtirilgan. 

Buyuk Britaniyada elektr energiyasi uchun yagona hisob-kitob to‘lovi sxemasi va uning kafolatlangan narxi bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, davlatlar umumiy tejamkorlik doirasida fuqarolardan jamoat joylarida isitish haroratini bir necha darajaga pasaytirish, termostatlar va issiq suvni o‘chirishni so‘ramoqda. 

Yevropa davlatlarida avj olgan energetika inqirozi allaqachon futbolga ham o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi – qishdan «betalafot» chiqish uchun klublar qat’iy tejamkorlik rejimiga o‘tishiga to‘g‘ri keladi. 

Yevropa ommaviy axborot vositalarida kelgusi oylar chorak asrning eng qiyin davri deb nomlanmoqda, shuning uchun hatto eng boylar ham yangi sharoitlarga moslashishga majbur. 

Futboldagi yechim: o‘yinlar vaqtini ertaroqqa surish, projyektorlarni o‘chirish 

Yevropaning turli mamlakatlarida aksariyat ligalar umumiy bir qarorga kelishdi – elektr energiyasi uchun to‘lovni kamaytirish maqsadida stadionlarda yoritish moslamalaridan foydalanish vaqtini qisqartirish. 

Stadionni yoritish qoidalari turli ligalarda turlicha, lekin yuqori divizionlardagi arenalar uchun o‘rtacha talablar 1500 dan 2500 lyuksgacha. UYeFA standartlariga ko‘ra, Chempionlar Ligasi o‘yinlari o‘tkaziladigan stadionlarning yoritilishi 2000 lyuksdan yuqori bo‘lishi kerak, Bundesligada minimal yoritish 1600 lyuks, ikkinchi divizionda – 1200 lyuks bo‘lishi talab etiladi. 

Agar futbol maydoni o‘rtacha 7140 kv.m. (105x68) bo‘lsa, uni yoritish uchun 14,2 mln lyuks (7140 x 2000 lyuks) yoki kamida 150-300 ming vatt elektr energiyasi talab qilinadi. 

Standartlarga ko‘ra, o‘yinning boshlanish vaqtidan qat’i nazar (ya’ni hatto kunduz kuni bo‘lsa ham) barcha stadionlarda projyektorlar yonib turishi kerak, shunda televizion tasvir bir xil bo‘ladi. 

Stadiondagi yorug‘lik moslamalarining quvvati litsenziyalash talablarining bir qismidir va barcha klublar unga amal qilishi shart. 

Italiya 

A Seriya rahbariyati o‘yin kunlarida yoritish moslamalarining ishlashiga to‘rt soatlik cheklov qo‘ydi: 12:30 - 18:00 oralig‘ida boshlanadigan o‘yinlarda projyektorlar start hushtagidan 1 soat oldin yoqiladi, oldingidek 1,5 soat emas. Yangi qoidalar projyektorlardan foydalanish vaqtini taxminan 25 foizga qisqartirishi kerak, bu esa klublarga katta yordam berishi mumkin. 

«Bugungi kunda stadionlarni yoritish VAR va golni aniqlash texnologiyasining to‘g‘ri ishlashini ta’minlash uchun ham zarur. Ammo biz iste’molni sezilarli darajada kamaytirish uchun o‘yindan oldin va keyin yoritishni maksimal darajada kamaytirish kerak deb topdik. Bu hozircha birinchi qadam. Biz energetika inqirozining og‘ir pallasida munosib namuna bo‘lishimiz kerak», dedi A Seriya prezidenti Lorenso Kazini. 

C Seriyada elektr energiyasidan foydalanishni minimallashtirish uchun barcha o‘yinlarni kunduz kuni o‘tkazish taklif qilinmoqda. Masalan, «Virtus Verona» rahbariyati bu fikrni qo‘llab-quvvatlamoqda: klub o‘tgan yili stadionning energiya ta’minoti uchun 450 ming yevro to‘lagan, bu yil esa xarajatlar 900 ming yevroga yaqinlashyapti – S Seriya klubi uchun juda katta raqamlar. 

Ammo A Seriyada o‘yinlar vaqtini kunduz kuniga ko‘chirish qiyinroq, chunki TV shartnomalari qimmatroq va qat’iy tartibga solinadi. 

Germaniya 

Germaniyada ham projyektorlardan foydalanish cheklanyapti. Masalan, Nyurnberg shahar kengashi stadiondagi projyektorlarni faqat soat 21:00 gacha yoqishga ruxsat berdi. Natijada, mahalliy klub o‘yinlarni ertaroqqa ko‘chirishga majbur bo‘ldi. 

«Qishda gaz va elektr quvvati taqchil bo‘lishi mumkin», – deyiladi shahar kengashi bayonotida. «Shuning uchun biz energiyani qanday tejashni muhokama qildik. Projyektorlardan foydalanishni cheklash va maydonni isitish tizimini o‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi». 

10 oktyabr kuni o‘tkazilgan «Herta» – «Frayburg» o‘yini ikkinchi bo‘limida tomoshabinlar o‘tiradigan tribunalardagi barcha yorug‘lik moslamalari o‘chirildi, projyektorlar faqat maydonni yoritdi. 

«Biz allaqachon soat 15:30 da boshlanadigan o‘yinlar uchun zarur bo‘lgan projyektorlar sonini kamaytirdik. Endi sinov tariqasida 17:30 da boshlanadigan o‘yinlarda ham shunday qildik», dedi «Herta» matbuot kotibi Markus Yung. 

Bundesliga stadionlarida energiya iste’molini cheklash bo‘yicha Italiyadagi kabi yagona yechimga kelish qiyin: ba’zi arenalar klublarga tegishli emas, shuning uchun lampalarni almashtirish yoki yangi quyosh panellarini o‘rnatish kabi ko‘plab o‘zgarishlar ularning vakolatiga kirmaydi.

Biroq, klublar o‘z imkoniyatiga qarab tejash variantini izlamoqda. Masalan, «Bavariya» o‘z arenasining tashqi LED yoritkichlari ishlash vaqtini qisqartirdi va xonalardagi haroratni ikki darajaga pasaytirdi. «Hoffenhaym» va «Borussiya Myonxengladbah» ham ichki, ham tashqi yoritishni, jumladan, avtoturargohlarni yoritish moslamalarini tejamkor rejimga o‘tkazdi. «Verder» mart oyidayoq «energiya ishchi guruhi»ni tashkil qildi, ular tejamkorlik bo‘yicha yechim izlash bilan shug‘ullanmoqda. 

Hammadan ham «Bayyer»ning omadi keldi. Klub avvaldan gaz va neftdan uzoqlashish bo‘yicha yechimlarni topgan edi. Masalan, stadion maydonining isitish tizimi «meteostansiya bilan bog‘langan bo‘lib, undan faqat zarur hollarda foydalanishni ta’minlaydi». Bundan tashqari, klub shamol va quyosh energiyasidan foydalanadi. 

«Biz hozirgi inqiroz holati bevosita ta’sir qilmaydigan ikkita energiya manbasidan foydalanmoqdamiz», deb ma’lumot berdi «Bayyer» rahbariyati. «Biz odatda yashil elektr energiyasini oldindan sotib olamiz, bu esa uzoq muddat davomida energiya xavfsizligimizni ta’minlaydi». 

Ammo muammo hali ham saqlanib qolmoqda va u juda jiddiy. Ha, oldinda jahon chempionatining bir oyi bor, bu ko‘p narsalarni tejashga yordam beradi. Biroq, keyingi o‘yinlar qishda o‘tkaziladi. DFL sobiq direktori Andreas Rettig muammo yechimi sifatida tub o‘zgarishlarni taklif qilmoqda: tizimni «bahor-kuz»ga o‘zgartirish. 

«Futbol o‘yinlari martdan dekabrgacha o‘tkaziladi. Projyektorlar, maydonni yoki xonalarni isitish tizimidan juda katta mablag‘ni tejab qolish mumkin», dedi u. 

Ammo bunday o‘zgarish qisqa muddatda amalga oshiriladigan jarayon emas. 

Angliya 

Angliya Premer-Ligasi klublari tejamkorlik bo‘yicha hech qanday bayonot berishmadi. Biroq ommaviy axborot vositalarida jamoalar projyektorlardan foydalanish vaqtini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma olgani haqida ma’lumotlar bor. 

EFL (Chempionship, 1 Liga va 2 Liga) rahbariyati barcha klublar bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Shundan so‘ng, «Mansfild» klubi energiyani tejash maqsadida o‘yin boshlanishini soat 13:00 ga ko‘chirgan (odatda barcha o‘yinlar soat 15:00 da boshlanadi). 

Boshqa klublar ham undan o‘rnak olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Ammo liga rahbariyati klublarni tezkor qaror qabul qilmaslikka chaqirdi. 

EFL fikriga ko‘ra, o‘yinni erta boshlash mantiqan to‘g‘ridek tuyuladi. Ammo bunda o‘yinlarni jonli efirda ko‘rsatish imkoniyati tug‘iladi (hozir 15:00 – 17:00 oralig‘ida o‘yinlar namoyish etilmaydi). Shu sababli, chipta sotishdan va o‘yin kunlari tushadigan boshqa daromadlar yo‘qotilishi mumkin. Bundan tashqari, klublar bir kun oldin mehmonxonada tunashiga to‘g‘ri keladi, bu esa qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltiradi. Natijada tejash samarasi nolga teng bo‘lib qoladi. 

Ispaniya 

Biroq, barcha ligalar ham yangi voqelikka moslashmayapti – masalan, Ispaniyada ular hozircha energiya resurslarini cheklash bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmaslikka qaror qilishdi. Bunda pandemiya davridan o‘rnak olishdi, o‘sha vaqtda ijro hokimiyati futbolga ko‘plab imtiyozlarni bergan edi, chunki futbolga borish odamlarni birlashtiradi va dunyoda bo‘layotgan voqealardan chalg‘itadi.

Mavzuga oid