Jahon | 11:54 / 20.10.2022
12405
6 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoy britaniyalik iste’fodagi harbiy uchuvchilarni og‘dirmoqda

Britaniya hukumati iste’fodagi harbiy uchuvchilar Xitoy armiyasi vakillariga ustozlik qilayotgani haqidagi xabarlardan xavotirda. Endi Britaniya bu amaliyotning yanada tarqalishi oldini olish uchun qonunchilikni kuchaytirmoqchi.

Foto: Getty Images

Gap Britaniyaning «Milliy xavfsizlik to‘g‘risida»gi qonuni va unga ayrim mamlakatlar yoki xorijiy tashkilotlarda ishlayotgan shaxslarga o‘z faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydigan o‘zgartirishlar haqida bormoqda.

Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Harbiy havo kuchlarining (HHK) iste’fodagi 30 nafarga yaqin uchuvchilari yaqinda Xitoy armiyasidan daromadli taklif olgan va hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. Britaniyaliklarni ishga olish jarayoni uchinchi mamlakat, xususan, Janubiy Afrikadagi parvozlar akademiyasi orqali amalga oshirilgan.

«Odamlarga juda daromadli kompensatsiya paketi taklif qilinmoqda. Bu yerda pul asosiy turtkidir», dedi ismi sir qolishini so‘ragan hukumat vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchilarga yiliga 270 ming dollar maosh to‘lashni nazarda tutuvchi shartnomalar taklif qilinmoqda.

Mudofaa vazirligidagilar fikricha, Xitoy Britaniya va G‘arbning boshqa davlatlari uchuvchilarini taklif qilish orqali armiyaning ish uslubini o‘rganish va boshqa foydali ma’lumotlarni olishni maqsad qilgan. Bu Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi ehtimoliy urushda asqatishi mumkin.

O‘tgan yili Pentagon Xitoy armiyasini modernizatsiya qilish rejalari haqidagi hisobotini e’lon qildi. Unda Xitoy rahbari Si Jinping 2035 yilgacha harbiy sohani modernizatsiya qilishni va 2049 yilda jahon darajasidagi armiyaga aylantirishni rejalashtirayotgani haqida xulosa bor edi.

G‘arb hukumatlari taxminiga ko‘ra, Britaniya va boshqa mamlakatlardan uchuvchilarni yollash orqali Xitoy bu maqsadga yaqinlashmoqda.

«Bu uchuvchilardan juda ko‘p narsani o‘rganish mumkin, ular juda foydali odamlar guruhi. Ular Xitoy harbiy havo kuchlari taktikasi va imkoniyatlarini yaxshilashga yordam beradigan eng tajribali uchuvchilarni yollamoqda», dedi g‘arblik rasmiy.

Xitoy taklifini qabul qilgan uchuvchilar nafaqat harbiy-havo kuchlarida, balki qurolli kuchlarning boshqa qismlarida ham jangovar samolyotlar va vertolyotlarda uchish tajribasiga ega. Ammo so‘nggi rusumdagi F-35 qiruvchi samolyotlarida emas, garchi Xitoy aynan shunday mutaxassislarga qiziqish bildirsa ham. Ko‘pgina uchuvchilarning yoshi 50 dan oshgan», deydi BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Gordon Korera.

Amaldagi qonun buzilmagan

Ayni damda sobiq harbiy uchuvchilar Xitoy taklifini qabul qilib, Britaniyaning amaldagi qonunchiligini buzmayapti, biroq Buyuk Britaniya va G‘arbning boshqa davlatlari bunga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Britaniya harbiy razvedkasi yaqinda tahdid haqidagi ogohlantirishni e’lon qildi – Xitoy Xalq ozodlik armiyasi o‘z uchuvchilariga ta’lim berishi uchun harbiy havo kuchlarining sobiq va hozirgi uchuvchilarini yollashga harakat qilmoqda. Bu sxemalar G‘arb manfaatlariga tahdid soladi, deyiladi hisobotda.

Ogohlantirishdan maqsad – xizmatga aloqador ma’lumotlarni Xitoy vakillariga oshkor qilish mumkin emasligini britaniyalik uchuvchilarga eslatish. Shuningdek, Mudofaa vazirligi vaziyatni kuzatib borishi uchun bunday shartnomalar haqida idorani xabardor qilish.

Ayni damda Mudofaa vazirligida Xitoy harbiylariga ko‘rsatmalar berayotgan britaniyalik uchuvchilar davlat siri haqidagi qonunni buzganiga oid hech qanday dalil yo‘q.

Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Si Jinping Xitoy qurolli kuchlarini 2049 yilgacha jahon darajasidagi armiyaga aylantirishni rejalashtirgan
Foto: Reuters

Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi vakillari ogohlantirishlar yetarli emasligi va milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini ta’kidlamoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Jyeyms Hippining so‘zlariga ko‘ra, uchuvchilar kelajakda Xitoyga sirlarni oshkor qilmasligi uchun qonunni o‘zgartirish kerak.

«Hatto allaqachon nafaqaga chiqqan bo‘lsa ham, biror kishi xorijiy davlatga, ayniqsa Buyuk Britaniyaga qarshi chiqishga tayyor bo‘lgan davlatga ishga ketishini hazm qila olmayman. Bu mening o‘z vatanimga xizmat qilish haqidagi tushunchamga to‘g‘ri kelmaydi», dedi Hippi.

«Milliy xavfsizlik to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish masalasi hozirda parlament qo‘mitalarida muhokama qilinyapti.

Unga ko‘ra, Buyuk Britaniyada xorijiy davlatlar manfaatlari yo‘lida siyosiy ta’sir tarqatuvchi shaxslar 10 kun ichida o‘z faoliyat turi va kim uchun ishlayotganini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Agar bunga amal qilmasa yoki noto‘g‘ri ma’lumot bersa, ular jarima yoki ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Istisnolar – diplomatlar va xorijiy davlatlarning rasmiy vakillari.

O‘zgartirishlarning qo‘shimcha jihati shundaki, Ichki ishlar vazirligiga muayyan davlatlar va xorijiy sub’yektlar ro‘yxatini tuzish huquqi beriladi. Agar ularning qo‘l ostida ishlovchi britaniyaliklar ro‘yxatdan o‘tmasa, parlament roziligi bilan jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘ladi.

Bu me’yorlar Amerikada 1938 yilda qabul qilingan FARA qonuniga o‘xshab ketadi. Bu me’yorlardan Rossiyada «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi keng qamrovli kamsituvchi qonunni qabul qilishda ham namuna olingan.

Mavzuga oid