O‘zbekiston | 08:03 / 21.10.2022
1746
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoda kiberterrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha virtual tarmoq ishga tushiriladi 

18-19 oktabr kunlari Tojikiston hukumati va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi taklifiga binoan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. 

Foto: Dunyo

Konferensiya doirasida BMT bosh kotibi o‘rinbosari – BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi doirasidagi hamkorlik holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorligi mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida qator hujjatlar qabul qilingan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkent konferensiyasi davomida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni o‘z ichiga olgan hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

«Yo‘l xaritasi» yuqori darajadagi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, Markaziy Osiyoda kiberterrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha virtual tarmoq yaratish, vatanga qaytarilgan fuqarolarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilishda mahallalardan samarali foydalanish bo‘yicha tajriba almashish, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzurida ushbu masala bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashini ta’sis etish va boshqa tadbirlarni ko‘zda tutadi.

Jamiyat barcha qatlamlari ishtirokida bag‘rikenglik, dinlararo va madaniyatlararo muloqot g‘oyalari va tamoyillarini targ‘ib qilish maqsadida 2023 yili BMT shafeligida O‘zbekistonda «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» mavzusida yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid