Sport | 17:20 / 27.10.2022
27125
9 daqiqa o‘qiladi

Mbappe yana bir katta mojaroga yo‘liqdi - «PSJ» uni jilovlaydimi?

Fransiyaning obro‘li nashrlaridan biri «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappening juda katta maoshi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi. Bu nima maqsadda qilindi va qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? 

Foto: Getty Images

«PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe shartnomasi moliyaviy jihatdan sport tarixidagi eng yirik bitim hisoblanadi. Yaqinda Le Parisien shov-shuvli maqolasida bu haqda xabar berdi. Nashrning ta’kidlashicha, uch yil ichida hujumchi 636 mln yevro ishlab olishi mumkin (soliqlardan tashqari). 

Kilianning maoshi yiliga 72 mln yevroga teng. Shartnomani imzolash uchun mo‘ljallangan bonus – 180 mln yevro, bu uchta alohida transh bilan to‘lanadi. Bundan tashqari, «sodiqlik bonusi» ham bor. Agar hujumchi 2025 yilgacha Parijda qolsa, 2023 yilda 70 mln yevro, bir yildan so‘ng 80 mln yevro, keyingi yili 90 mln yevro oladi. 

«PSJ» Mbappening maoshi miqdori haqidagi bu xabarni darhol rad etdi. Klub bu ma’lumotlarning barchasi mutlaqo noto‘g‘ri ekanini ta’kidlamoqda. Insayder Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, parijliklar Le Parisien bilan sudlashish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

Ammo Mbappe yangi katta mojaroga yo‘liqdi. Ilgari ziddiyatli vaziyatlarga Kilianning o‘zi turtki bergan: Neymar bilan janjallashdi, «PSJ» rahbariyatidan tarkibni o‘ziga mos ravishda kuchaytirishni talab qildi, yanvarda o‘zini sotishni so‘radi, Fransiya futbol federatsiyasiga homiylik shartnomasi bo‘yicha ultimatum qo‘ydi va boshqalar. Bu safar u hech narsa qilmadi. Axborot bombasi portlashi uchun Mbappe nomining bir marta tilga olinishi yetarli bo‘ldi. 

Le Parisien ma’lumotlariga ishonish mumkinmi? 

«PSJ» may oyida Mbappe bilan imzolangan yangi shartnoma tafsilotlarini oshkor qilmadi. Klub Kilianni «Real»ga o‘tishdan bosh tortgani uchun saxiylik bilan mukofotlagani aniq. Sky Spors ma’lumotlariga ko‘ra, Mbappe oyiga 4,5 mln yevro oladi va dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchi hisoblanadi. Shartnomani imzolagani uchun olgan bonusi 120 mln yevroga teng. 

Forbes ham Kilianni maoshi bo‘yicha sayyorada birinchi o‘ringa qo‘yadi. Nashrning yozishicha, Mbappe yiliga 128 mln yevro oladi. Undan 110 mln yevro futbol daromadlari, qolgan qismi homiylik shartnomalaridan tushadigan mablag‘dir. Shubhasiz, bu 110 mln yevroga Kilianning klubdagi maoshi hamda «imzo bonusi» ham kiradi. 

Sky Spors, Forbes va Le Parisien xabarlaridagi raqamlar bir-biridan farq qilmoqda. Dastlabki ikkita nashr Mbappening bir yillik daromadi haqida yozdi, uchinchisi esa shartnomaning umumiy tuzilmasini tasvirladi. 

Agar imzo bonusi haqiqatdan ham uchta alohida transhda to‘lansa, raqamlar bir-biriga mos kelmoqda. 

Kilian bu mavsumda taxminan 50 mln yevro maosh va 60 mln yevro «imzo bonusi»ni (180 mln yevroning uchdan bir qismini) oladi. Natijada, Mbappening 110 mln yevro miqdoridagi yillik daromadi kelib chiqmoqda. Moliyaviy masalalarga ixtisoslashgan Forbes aynan shu raqamlarni keltirgan. 

Le Parisien ma’lumotlari ichida umumiy qiymati 240 mln yevro bo‘lgan «sodiqlik bonusi» shubha uyg‘otadi. Aynan shu pul evaziga Mbappening shartnomasi sport tarixidagi eng yirigi hisoblanadi. Bu ma’lumotlarga ishonsa bo‘ladimi? 

Umuman olganda, raqamlar «PSJ» kabi klub uchun fantastik emas. Sky Spors nashrining yozishicha, Kilian Parijda alohida maqomga ega. Unga kadrlar siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun ruxsat berilgan. Xususan, Mbappe ko‘rsatmasi bilan rahbariyat Luish Kampushni sport direktori lavozimiga tayinlagan. Shuningdek, muvaffaqiyatsiz bo‘lsa-da, yozda Neymar sotilishiga jiddiy harakat qilgan. Katta miqdordagi «sodiqlik bonusi» ham shartnomaga kiritilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. 

Mbappe shartnomasi bo‘yicha ma’lumotlar oshkor qilinishi sababi nima? 

Ayrim OAV vakillari sodir bo‘layotgan voqealarda «PSJ» rahbariyatining qo‘li borligiga ishonadi. Bu «janjalkash» Mbappeni tinchlantirishga urinish bo‘lishi mumkin. 

Sport jurnalisti va Fransiyaning nufuzli RMC portali eksperti Daniel Rioloning so‘zlariga ko‘ra, Kilian shartnomasining tafsilotlari ommaga oshkor qilingani bejiz emas. Uning fikricha, bu «PSJ» rahbariyati va futbolchining atrofidagilar o‘rtasidagi kurash natijasi bo‘lishi mumkin. 

«Agar Le Parisien xabari rost bo‘lsa, ma’lumot manbasi kimlar ekaniga shubham yo‘q. Bunday maqolalar qanday paydo bo‘lishini bilamiz, ular «sizdirish» oqibatidir. Shu tariqa, «PSJ» rahbariyati Mbappe oilasiga o‘ziga xos xabar yuboryapti: Sen shirinlikdan bezib ketgan bolaga o‘xshayapsan. Senga ko‘p narsa berdik, ammo baxtsizman deyapsan, yanvarda ketmoqchi bo‘lyapsan. Sen erkalikni biroz oshirib yubording... Endi odamlar sening qancha pul olishingni biladi, bundan keyin og‘zingni yumib, o‘zingni xotirjamroq tutarsan. 

«PSJ» Mbappe qolishi uchun hamma narsaga tayyor ekanligini bir necha bor aytgan edi», – deb ta’kidladi Riolo. 

RMC Sport Mbappe shartnomasi tafsilotlarining oshkor qilinishi bir necha haftadan buyon matbuotda muntazam paydo bo‘layotgan xabarlarning mantiqiy davomi deb hisoblamoqda. Kilianning quyushqondan chiqib ketishi va klubdagi barcha jarayonlarni nazorat qilishga intilishi zamirida prezident Nosir Al-Xilayfiy uning «popugini pasaytirish»ga urinayotgan bo‘lishi mumkin. 

Al-Xilayfiyning qat’iyati juda yuqori. Sizdirilgan so‘nggi ma’lumotlar nafaqat Mbappe, balki boshqa yulduzlar – Lionel Messi va Neymarga ham tegishli. Le Parisien Kilian haqidagi ma’lumotlar bilan birga argentinalik va braziliyalikning maoshi miqdorini ham oshkor qildi. Nashrning yozishicha, Messining maoshi bir mavsum uchun 41 mln yevroni tashkil qiladi. Leo bu qiymatning bir qismini kriptovalutada oladi (ehtimol soliqlardan qochish uchun) va uning shartnomasida sodiqlik uchun bonus ham nazarda tutilgan. Neymarning maoshi yiliga 36 mln yevrodan sal ozroq. Argentinalik va braziliyalik bu ma’lumotlarning oshkor etilishidan mamnun bo‘lishi dargumon, ammo klub Mbappega ta’sir o‘tkazish yo‘lida ularning fikriga unchalik ahamiyat bermasa kerak. 

Xulosa

Le Parisien ma’lumotlari haqiqatga yaqindek ko‘rinmoqda. Aks holda, Fransiyaning yuqori martabali siyosiy amaldorlari bu raqamlarga izoh bermagan bo‘lardi. 

«Mbappe juda ko‘p miqdorda soliq to‘lashi kerak. Ularni boshqa joyda emas, Fransiyada to‘laydi, bu yaxshi. Raqamlar shu qadar kattaki, uni anglash boshni aylantirib yuboradi», dedi Fransiya iqtisodiyot vaziri Bryuno Le Mer. 

«Mbappe «PSJ» uchun xarajat emas, Fransiya uchun xarajat emas. U – investitsiya. Mbappe – mamlakatimizning madaniy boyligi, yurtimizning iqtisodiy boyligi», – dedi Fransiya Milliy kengashi deputati Sharl Oliv. 

«PSJ» klubining keyingi harakatlari ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Agar klub sudga da’vo kiritmasa, demak, ma’lumotlar Mbappeni jilovlamoqchi bo‘lgan Al-Xilayfiy tufayli sizdirilganini anglatadi. Hozircha, u «jilovlash»ni uddalayapti. Matbuotda Kilianning injiqliklari haqidagi xabarlar kamayib qoldi. 

Fransiyalik futbolchi maydonda yaxshi o‘ynamoqda. Mbappe bu mavsumda «PSJ» safida 16 ta o‘yinda 16 ta gol urib, 4 ta golga assistentlik qilgan. Chempionlar Ligasidan o‘rin olgan «Makkabi»ga (7:2) qarshi so‘nggi o‘yinda 23 yoshli hujumchi dubl qayd etdi va Messiga ikkita golli uzatma berdi. Bu Le Parisien nashri xabaridan keyin sodir bo‘ldi. 

Albatta, yanvarga yaqinroq Mbappe yana isyon ko‘tarishi mumkin, ammo hozircha, shunday sharoitda “PSJ” yosh yulduzni nazorat ostida muvaffaqiyatli ushlab turibdi.

Mavzuga oid