Jahon | 19:04 / 31.10.2022
36871
14 daqiqa o‘qiladi

«Ahmoqlik uchun to‘lov». Britaniya qanday qilib inqiroz ichida qoldi va yangi bosh vazir mamlakatni qutqara oladimi?

Buyuk Britaniya hozirda so‘nggi yarim asrdagi eng jiddiy inqirozga duch kelmoqda va bu faqat birgina sohada kuzatilmayapti. Iqtisodiyot, siyosat — hammasi o‘t ichida qolgan, ammo o‘t o‘chiruvchilardan darak yo‘q. So‘nggi to‘rt oy ichida mamlakatda uch nafar bosh vazir va to‘rt nafar moliya vaziri almashdi. Bu safargi kadrlar ruletkasi Rishi Sunakda to‘xtadi. Bugungi kundagi asosiy savol, Sunak Konservatorlar partiyasini hokimiyatda saqlab qola oladimi va Britaniyani boshi berk ko‘chadan olib chiqish uning qo‘lidan keladimi?

Rishi Sunakni hukumatga Brexit yo‘lboshchisi Boris Jonson olib kelgan. Sunak esa Jonsonni qulatdi va uning o‘rnini egalladi. Endi Brexit masalasini hal qilish uning o‘ziga qoldi.
Foto: Getty Images

Sunak sentabr oyida Boris Jonson iste’fosidan so‘ng bosh vazirlik kursisini egallagan Liz Trass o‘rniga hukumat rahbari bo‘ldi. Trass Dauning-stritdan rekord darajada qisqa vaqt ichida — 45 kundayoq «uchib ketdi». Va shu vaqt ichida u «Katta yettilik» mamlakatlari a’zosi, yadroviy qurolga ega va dunyodagi eng yirik beshta iqtisodiyotdan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning moliyaviy barqarorligini buzishga «ulgurdi».

Trassning o‘rniga hukmron Konservativ partiya deputatlari yosh hamda ambitsiyali sobiq bankir va multimillioner Rishi Sunakni tanlashdi.

Sunakning oldida qiyin vazifa turibdi. Britaniyada bir vaqtning o‘zida bir necha inqiroz avj olgan va ularga qarshi kurashish uchun g‘aznada pul yo‘q. Yangi bosh vazir britaniyaliklarning turmush darajasi yanada pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik, funt sterling va Yevropaning bir vaqtlar yetakchi iqtisodiyot va moliya markazi bo‘lgan Britaniyaga nisbatan ishonchni saqlab qolish uchun nima qila oladi?

Sunak hozirda kamida uchta asosiy muammoni hal qilishi kerak, ularning bari bir-biridan qiyinroq.

Birinchi muammo. «Ahmoqlik uchun to‘lov» yoki reputatsiya

Birinchi muammo inson tomonidan yaratilgan. Buyuk Britaniya buning uchun hali yillar davomida to‘lov qiladi.

Hamma gap shundaki, Trass hokimiyat tepasiga kelishi bilan Kvazi Kvartengni moliya vaziri etib tayinladi va ikkalasi shu qadar qiyin islohotlarga kirishdiki, natijada ular davlat qarzi bozori va funt sterling kursini qulatdi hamda pensiya tizimini jar yoqasiga olib keldi.

Trass tormozni bosishga majbur bo‘ldi: Kvartengni ishdan bo‘shatdi, deyarli barcha e’lon qilingan islohotlarni bekor qildi va bir necha kundan so‘ng o‘zi ham iste’foga chiqdi. Trass Britaniyaning omadsiz va eng tez hokimiyatdan ketgan rahbari sifatida tarixda qoldi.

Bozor Trassni hayqiriqlar bilan kuzatdi va Sunakni xursandchilik bilan kutib oldi. Rishi Sunak nafaqat sobiq bankir, balki fiskal barqarorlikka beparvo munosabatda bo‘lmagan moliya vaziri ham edi. Yozda, Trass bilan olib borilgan bosh vazirlik poygasida Sunak Trassning soliqlarni keskin kamaytirish rejalarini «ertaknamo» deb atagandi.

Bosh vazir kursisini egallagan Sunak mamlakatni oldinda og‘ir kunlar kutayotgani haqida ogohlantirdi.

U davlat g‘aznasidagi ulkan «teshik» bilan qanday kurashishi, qaysi soliqlarni ko‘tarishi va qanday xarajatlarni qisqartirishini noyabr oyi o‘rtalarida, yangi budjet rejasi taqdim qilinganda bilib olish mumkin.

Ammo hozir uchta narsa aniq: bittasi yaxshi va ikkitasi o‘ziga yarasha.

Britanlarning daromadlari asr boshidan buyon deyarli o‘smayapti. Foto: Getty Images

Sunak o‘zidan oldingi partiyadoshi Trass Konservativ partiyaning iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan ishonchni eng quyi chiziqdan ham pastga tushirgani uchun moliyaviy bozorlarga «asal oyi»ni kafolatladi. Bu yaxshi yangilik bo‘ldi. Yong‘in o‘chirildi, endi fikrlarni yig‘ib olish va inqiroz yong‘ini sabab yo‘qotilgan partiya reputatsiyasini (obro‘-e’tiborini) tiklash uchun vaqt bor.

Yomon xabarlarning birinchisi shuki, ishonch yo‘qotildi. Kelgusi yillarda Britaniya kreditorlarga ko‘proq pul to‘lashi kerak, demak ayni damdagi xarajatlar uchun mablag‘ kam qoladi.

Iqtisodchilar va jurnalistlar Trass islohotlarining bu natijasini «moron risk premium», ya’ni «ahmoqlik uchun to‘lov» deya nomladi. Trass iste’foga chiqishidan oldin bu to‘lov «kvartenglar» bilan o‘lchangandi, unga ko‘ra to‘lov yiliga taxminan 3,5 milliard funt sterlingni tashkil qiladi. Shundan so‘ng bu miqdor pasaydi, ammo butunlay yo‘qolmadi.

Financial Times gazetasining taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, endilikda Britaniya qarzlarga xizmat ko‘rsatish uchun yiliga qo‘shimcha 1,3 milliard funt sterling sarflashi kerak bo‘ladi, chunki stavkalar avvalgi darajasiga qaytmadi.

Ikkinchi yomon xabar esa shuki, Sunak Jonson mojarolari va Trassning sharmandaligidan keyin konservativ hukumatga ishonchni tiklashga va’da bergan zahoti o‘zi ham «qoqilib ketdi».

Sunak hukumatga ikki yangi vazirni tayinladi. Ular avvalroq mamlakat ichki va tashqi xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan huquq-tartibot idoralarining maxfiy ma’lumotlarini oshkor qilgani uchun ishdan bo‘shatilgandi.

U ishdan ketganiga bir hafta bo‘lmagan Suella Bravermanni yana Ichki ishlar vaziri lavozimiga qaytardi. Uch yarim yil avval Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi tafsilotlarini oshkor qilgani uchun Mudofaa vaziri lavozimidan haydalgan Gavin Uilyamsonga ham hukumatdan joy berdi.

Parlamentda Sunakdan nima uchun bunday qilgani haqida so‘rashdi. U Uilyamson xato qilganiga ancha bo‘lgani va Braverman ham tavba qilganini aytib, hammasi joyida deya javob berdi. Biroq muxolifat bosh vazirni bo‘linib ketgan Konservativ partiyaning turli fraksiyalari qo‘llab-quvvatloviga erishish uchun «uyatsiz mansab savdosi»da aybladi.

«Bunday shubhali startdan so‘ng yangi bosh vazir hukumatga, siyosatga va umuman siyosiy tizimga ishonchni tiklashga jiddiy yondashayotganini ko‘rsata oladimi?» – deya savol qo‘ygan Changing Europe tahlil markazining Buyuk Britaniya davlat boshqaruvi bo‘yicha yetakchi ekspertlaridan biri bo‘lmish Jill Rutter.

Ikkinchi muammo. Energetik va moliyaviy inqiroz

Sunakning ikkinchi muammosi global muammo hisoblanadi.

Sunak Trassdan ko‘ra konservativroq, ammo libertarianlarga ham begona emas. Masalan, u portlarda erkin savdo zonalari bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday hududlardan biri hozirda Angliya shimolidagi Tissaydda qurilmoqda. Foto: Getty Images

Kovid pandemiyasidan so‘ng dunyo Xitoydagi karantin tufayli savdo tanqisligi va uzilishlari hamda talabning o‘sishi, taklif va ishchi kuchi yetishmasligi muammosiga duch keldi. Bularning barchasi inflatsiya, markaziy banklar stavkalari oshishi, aholi real daromadlari pasayishi va iqtisodiyot sekinlashishiga sabab bo‘ldi.

Shu bilan bir vaqtda, Putin Ukrainaga qarshi haqiqiy urushni boshlashdan oldin Yevropaga qarshi energiya urushini e’lon qildi. Natijada, eski dunyoda (Afrika va Yevrosiyo) gaz narxi o‘zining tarixiy cho‘qqisiga ko‘tarildi.

Biroq, Britaniyadagi vaziyat ikki yirik G‘arb iqtisodiyoti: AQSh va Yevropa Ittifoqidagidan ham yomonroq. Inflatsiya 40 yillik rekordni yangiladi, ishbilarmonlik faolligi sekinlashishi shu yilning o‘zidayoq retsessiya yuz berishi xavfini tug‘dirmoqda.

Oxirgi moliyaviy inqirozdan keyingi 14 yil yillikda britaniyaliklarning real daromadi 8 yil davomida pasaydi va atigi 6 yil o‘sdi.

Resolution Foundation tadqiqot markazi rahbari Torten Bellning aytishicha, «Oldinlari bu hech qachon ro‘y bermagan, ammo hozir bu odatiy holga aylangan».

Trassning budjet tajribalari tufayli funt sterlingning zaiflashishi muammoni yanada kuchaytirdi va energiya inqiroziga qarshi kurashish uchun yirik subsidiyalar ko‘rinishidagi fiskal yumshatish Angliya Markaziy bankining pul massasini qisqartirish harakatlariga zid bo‘ldi.

Pul-kredit siyosatining qattiqlashuvi Trass inqirozi tufayli kechiktirildi, bunga Angliya bankining pensiya tizimini saqlab qolish uchun o‘nlab milliard funt sterlingni muomalaga chiqarishi majbur qildi.

Filikstou - Britaniyadagi yirik konteyner porti. Brexit’dan keyin Yevroittifoq bilan savdo hajmi 20 foizga qisqargan
Foto: AFP

Britaniyada to‘planib qolgan muammolarga oson yechim topishning iloji yo‘q. O‘tgan asr oxiridan boshlab mamlakat iqtisodiyoti arzon ishchi kuchi, deyarli tekin kreditlar va xalqaro kompaniyalarning yirik sarmoyalari hisobiga o‘sib bordi. Bularning barchasiga globallashuv, global texnologik internet inqilobi, Osiyoda yangi bozorlar va tovarlar yetkazib beruvchilar paydo bo‘lishi yordam berdi. Shu bilan birga, arzon energiya manbalari ham.

Hozir tom ma’noda bu o‘sish dvigatellarining barchasi to‘xtab qoldi. Ularning ba’zilari Yevropa Ittifoqini tark etish natijasida Britaniyaning o‘zi tomonidan yo‘q qilindi.

Uchinchi muammo. Brexit

Va yana inson tomonidan yaratilgan muammo.

Trassning o‘ta liberal islohotlari barbod bo‘lgach, uning ortida turgan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan iqtisodiyot va Yevropa bilan ajralishning eng qattiq tarafdorlari soyaga o‘tdi. Va aksincha, Brexit mavzusi va hatto bu so‘z kutilmaganda jamoatchilik muhokamasiga qaytdi.

So‘nggi yillardagi tabu (taqiq) yo‘qoldi. Siyosatchilar, iqtisodchilar va matbuot yana «Buyuk Britaniya Brexit referendumidan keyin Yevropa Ittifoqi bilan barcha aloqalarini uzib to‘g‘ri ish qildimi va bu hozirgi iqtisodiy muammolarning ildizi emasmi», degan savollarni bera boshladi. Voqealar bunday rivojlanishini iqtisodchilar bir ovozdan eng katta va eng yaqin savdo sherigidan ajralishning oqibati deya atadi.

Brexit Britaniyaning doimiy past mahsuldorlik va past iqtisodiy faollik kabi surunkali muammolarini yanada kuchaytirdi. Bloomberg Economics ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi moliyaviy inqirozdan beri Britaniya iqtisodiyotining o‘sish salohiyati 2,5 foizdan 1,5 foizgacha pasaygan.

«Brexit Britaniyani yakson qildi». Londonda 2022 yil 22 oktyabr kuni Yevroittifoqqa qaytish tarafdorlari o‘tkazgan marsh. Foto: EPA

Bunday vaziyatda tiklanishning sobiq klassik yo‘llari – chet eldan ishchi kuchini jalb qilish va Yevropa Ittifoqi bilan savdoni erkinlashtirish, aynan Brexit tufayli ilojsiz.

Sunak vaziyatni o‘zgartira oladimi va Konservativ partiyaning asosiy savdo sherigiga nisbatan murosasiz pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqadimi? Buning uchun, bir tomondan, Yevropa Ittifoqi bilan kelishish va Shimoliy Irlandiya maqomi bilan bog‘liq muammoli masalani hal qilish, ikkinchi tomondan, Konservativ partiyadagi ultra-brekzitchilar fraksiyasini jilovlash kerak bo‘ladi.

«42 yoshli Sunakning, bo‘linib ketgan partiya rahbari sifatida hozirgi inqirozli vaziyatda Britaniya siyosatining so‘nggi o‘n yillikdagi eng nozik masalasini bosh vazirlik vazifalari markaziga qo‘yishi uchun yetarlicha siyosiy vaznga ega bo‘lishi dargumon. Biroq, bu Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni normallashtirish imkoniyati yo‘qligini anglatmaydi», – deydi Yevropa masalalari bo‘yicha britaniyalik asosiy ekspertlardan biri Mij Rahman.

U Sunakning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birinchi suhbatiga «O‘ylaymanki, hozir ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat bor. Sunak pragmatik va internatsionalist» deya baho bergan.

Biroq, Sunak siyosatga, keyin esa mamlakatdagi asosiy rahbarlik lavozimiga, aynan Brexit tarafdori sifatida keldi. Trass va hatto Jonsondan farqli o‘laroq, Sunak hech qachon Yevropa Ittifoqi bilan yagona bozor tarafdori bo‘lmagan. U 2015 yilda parlamentga saylanishi bilanoq darhol Brexit tarafdorlari lageriga qo‘shilgan.

Sunak bosh vazirligining birinchi haftasida uning asosiy vazifalari inqirozga qarshi kurashish va partiyani birlashtirish ekanligi haqida ko‘p gapirdi. Brexit haqida esa og‘iz ochmadi.

Taniqli britaniyalik moliyachi, Yevropadagi eng yirik investitsiya fondlaridan biri bo‘lgan Terra Firma rahbari Gay Handsning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Sunak bu borada uzoq vaqt jim turolmaydi.

«Brexit orzu edi. Past soliqlar va past ijtimoiy xarajatlar orzusi. Trass bu orzuni amalga oshirishga harakat qildi, ammo bozorlar ham, siyosatchilar ham va aholi buni qabul qilmadi», – deydi Hands.

«Agar endi natija ko‘rsatilmasa, Brexit hozirgi ko‘rinishida muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Britaniyani faqat iqtisodiy falokatga olib bormoqda. Ammo agar Konservativ partiya xatosini tan olsa va Brexit shartlarini qayta muhokama qila oladigan odamni topsa, unda bizda umid paydo bo‘ladi. Busiz Britaniya iqtisodi muqarrar halokatga uchraydi», – deya qo‘shimcha qiladi u.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid