21:58 / 01.11.2022
19186

«Tolibon» ayollarni politsiya bo‘limiga ishga oldi

«Tolibon» harakati Afg‘oniston muvaqqat hukumati qoshidagi Ichki ishlar vazirligining jamoat xavfsizligi bo‘limiga ayollarni yolladi. 

Foto: moi.gov.af

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, ayni paytda mazkur qismda 100 nafar xotin-qiz xizmat qilish uchun o‘qitilmoqda.

«Tolibon» ayollarning politsiyadagi vazifalari nimadan iborat bo‘lishi haqida rasman izoh bermadi. Biroq, ekspertlar fikriga ko‘ra, ular ayollarning norozilik namoyishlariga qarshi turish uchun ishlatilishi mumkin. 

«Bu «Tolibon» tomonidan ayollarning norozilik namoyishlari va yig‘ilishlarining oldini olish taktikalaridan biri. «Tolibon» bu bilan ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarga jamoatchilik reaksiyasi qanday bo‘lishini nazorat qilmoqchi», - deydi ayollar huquqlari faoli Muhadisa Amina. 

«RIA Novosti» tasarrufiga tushgan videoda, ayollar mashg‘ulot paytida qalqon ushlab, dubulg‘a kiyib olgani ko‘rinadi, bunday vositalar namoyishlarni tarqatishda ishlatiladi. 

«Tolibon» hukumat tepasiga kelganidan so‘ng, ayollarga nisbatan bir qator cheklovlarni joriy qildi, jumladan, ularga ro‘molsiz ko‘chada yurish va mashinalarga chiqish, oltinchi sinfdan keyin maktabga borish taqiqlandi. Bundan tashqari, erkaklar va ayollarning ko‘ngilochar bog‘lariga birga borishi ham taqiqlangan edi. 

Top