Jahon | 21:41 / 04.11.2022
14678
3 daqiqa o‘qiladi

«Men buni yana qilaman»: Tramp 2024 yilda Oq uyga qaytishiga shama qildi 

So‘rovlar respublikachilar bo‘lajak oraliq saylovlarda ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. 

Foto: Getty Images

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytishga shama qildi. Siyosatchi Respublikachilar partiyasi bu yilgi oraliq saylovlarda g‘alaba qozonishini kutmoqda. 

Sky News ma’lumotlariga ko‘ra, demokratlarning saylovdagi umidlari saylovchilarning yuqori inflatsiyadan qo‘rqishi tufayli puchga chiqdi, Jo Baydenning reytingi esa 50 foizdan pastga tushdi. Shu bilan birga, muxolifat partiyalar ham oraliq saylovlarda tarixiy natijalarni kutmoqda. 

So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, respublikachilar AQSh Vakillar palatasi va ehtimol Senat ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishi mumkin, bu ularga Baydenning keyingi ikki yil davomidagi tashabbuslarini bloklash imkonini beradi. 

«Endi esa mamlakatimizni muvaffaqiyatli, xavfsiz va ulug‘vor qilish uchun buni juda, juda, juda katta ehtimol bilan yana qilaman. Tayyor turing, yana ta’kidlayman, tez orada. Tayyor turing», - dedi Tramp bu voqealar fonida. 

Reuters manbasi ham Tramp 2024 yildagi saylovda o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligini taxmin qildi. Shu bilan birga, siyosatchi respublikachilar orasida ixtilof keltirib chiqaruvchi shaxs sifatida qolmoqda. 

Ayni damda Tramp ustidan bir qator tekshiruvlar boshlangan, jumladan, lavozimidan ketganidan keyin Oq uydan olib chiqqan maxfiy hujjatlar bo‘yicha, ularning ba’zilari hali topilmagan. O‘tgan oyda o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, amerikaliklarning atigi 41 foizi u haqida ijobiy fikrda. 

Qayd etilishicha, respublikachilar orasidagi bir qator yuqori martabali siyosatchilar 2024 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ehtimoliy nomzodlar sifatida Florida gubernatori Ron DeSantis, Virjiniya gubernatori Glenn Yangkin va Trampning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens ko‘rsatilgan. 

Qo‘shma Shtatlardagi oraliq saylovlar prezidentning to‘rt yillik muddati o‘rtasida, noyabr oyida o‘tkaziladigan umumiy saylovdir. Oraliq saylovlar davomida AQSh Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni va AQSh Senatidagi 100 o‘rindan 33 yoki 34 tasiga nomzodlar saylanadi. 

Oraliq saylovlar 8 noyabr kuniga belgilangan. 

Mavzuga oid