08:42 / 04.11.2022
10703

NATO bosh kotibi Finlandiya va Shvetsiyani alyansga tezroq qabul qilishga chaqirdi

Finlandiya va Shvetsiya Turkiyaning NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha barcha talablarini bajardi, dedi Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Anqaraga tashrifi chog‘ida. Turkiya uning fikriga qo‘shilmadi.

Foto: Getty Images

Shvetsiya va Finlandiya imkon qadar tezroq NATOga qabul qilinishi kerak va Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish uchun Turkiya tomonidan ilgari surilgan talablarni bajardi. Bu haqda 3 noyabr, payshanba kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan Anqarada o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Finlandiya va Shvetsiyani NATOning to‘laqonli a’zosi maqomida kutib olish vaqti keldi», bu tashkilotning o‘zini mustahkamlaydi va uning tarkibiga kiruvchi barcha mamlakatlar xavfsizligini oshiradi. Stoltenberg, shuningdek, 4 noyabr, juma kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ikkala davlatning ittifoqqa qo‘shilishi masalasini muhokama qilishini, «Rossiyaga to‘g‘ri signal yuborish» uchun ularning kirishi amalga oshishi kerakligini aytdi.

NATO bosh kotibining ta’kidlashicha, Ukrainaga qarshi urushda «hech bir davlat Moskvani qo‘llab-quvvatlamasligi kerak». Shu munosabat bilan u Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasiga zarba berish uchun Eron dronlaridan foydalanilgani va Eronning Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berish rejalarini eslatdi.

Mavlud Chavusho‘g‘li Yyens Stoltenbergga e’tiroz bildirar ekan, Turkiya va Shvetsiya o‘rtasidagi munosabatlarda olg‘a siljish bo‘lsa-da, har ikki Skandinaviya davlatining ham ittifoqqa yaqin orada kirishi haqida gapirishning imkoni yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Finlandiya va Shvetsiya Anqara qo‘ygan barcha talablarni hali bajarmagan. Ulardan asosiysi kurd ekstremistlari va 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinganlarni ekstraditsiya qilishdir. Bu voqealardan so‘ng Turkiyada qo‘lga olishlar boshlandi va ko‘plab faollar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, Anqara Finlandiya va Shvetsiya o‘zi da’vo qilganidek, Turkiya terrorchi deb hisoblagan kurd qurolli guruhlarini qo‘llab-quvvatlayotganiga ishora qilmoqda.

NATO bosh kotibi bunga javoban Turkiyaning bu boradagi xavotirini tushunishini hamda Finlandiya va Shvetsiya «terrorizm»ga qarshi kurashda Anqara bilan yaqinroq hamkorlik qilishdan «juda manfaatdor» ekanini aytdi.

2022 yilning bahorida Turkiya va Germaniya Turkiya sudi mahalliy tadbirkor 64 yoshli Usmon Kavalaga hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun chiqargan hukmi yuzasidan tanqidiy bayonotlar berdi - u ozodlikka chiqish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Germaniya hukumati hukmga norozilik bildirdi va Turkiyaning Berlindagi elchisini Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi. Anqara, o‘z navbatida, Germaniyani mamlakat ichki ishlariga aralashishda aybladi.

May oyida minglab odamlar Istanbulda rejimni tanqid qilgani uchun mahalliy hokimiyat tomonidan ayblangan yana bir faolga nisbatan hukm chiqarilishiga qarshi namoyishga chiqqan. Gap Xalq-respublika partiyasi (XRP) Istanbul bo‘limi rahbari Canan Kaftanjio‘g‘li haqida ketmoqda, u ijtimoiy tarmoqdagi bir nechta postlari tufayli Erdo‘g‘anni haqorat qilish va terrorizmni targ‘ib qilish kabi bir qator ayblovlar bilan qariyb 10 yilga qamalgan. 

XRP Kaftanjio‘g‘liga chiqarilgan hukmi avvalroq bu partiya vakili Akrom Imomo‘g‘li Istanbul merligiga saylovda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasidan (ATP) nomzod Binali Yildirimni mag‘lub etgani uchun qasos, deb hisoblaydi. Natijada Turkiyada uzoq vaqtdan beri birinchi marta eng muhim shahar hokimi lavozimini ATP a’zosi emas, balki muxolifatchi egalladi.

Mavzuga oid
Top