Sovet ittifoqi qulaganidan keyin NATO öziga yangi mazmun izladi. Ya’ni yangi konseptual tahdid körinmayotgan edi. Ma’lum bir muddat taşkilotning asosiy obekti ekstremizm va terrorizmga qarşi kuraşiş böldi. 11 sentabr voqealaridan keyin, NATO tarixida birinçi va hozirça oxirgi marta 5-modda qöllandi: Amerikani mudofaa qiliş uçun şu modda asosida Afğonistonga kirilgan edi.

Keyingi 20 yilda NATOning tafakkuri yana öşa klassik davrga qaytyapti. Ekstremizm va terrorizm – bu taşkilotlar, Rossiya va Xitoy esa – klassik davlatlar. 75 yillik sammitda avtoritar davlatlar, ayniqsa Xitoydan kelayotgan tahdidlar boş mavzulardan biri böldi.

NATOning bu tafakkurga qaytişi Qrim anneksiyasidan ham avvalroq, Putinning 2007 yili Myunxendagi nutqiga borib taqaladi. Bu Rossiyaning Ğarbga konseptual e’tirozi, vetosi bölgandi.

Umuman, NATOga a’zo davlatlarning tafakkuri har doim şunday bölgan: vaqti kelib baribir Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi bilan global töqnaşuv böladi. 1990-yillardayoq Amerikaning ba’zi bir kongressmenlari va senatorlari NATO bu faqat transatlantik taşkilot emas, global taşkilot bölişi kerak, unga Yaponiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreyani a’zo qiliş kerak, Markaziy Osiyoda ham ba’zi davlatlar a’zo bölişi kerak fikrlarni aytişgandi. Tinç okeani havzasidagi, Xitoy atrofidagi bu törtta davlatlar rahbarlari 75 yillik sammitda asosiy mehmonlar qatorida iştirok etdi.

  • Siyosatşunos Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz studiyasida keçgan suhbatdagi uşbu fikrlari “Nuqtayi nazar” rukni uçun ajratib olindi.