Jamiyat | 22:48 / 04.11.2022
30090
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk bor bir paytning o‘zida yurak va buyrakda noyob operatsiya o‘tkazildi

Bunday murakkab amaliyot dunyo bo‘yicha yiliga atigi 5-10 marta amalga oshiriladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk bor bir paytning o‘zida yurak va buyrakda noyob operatsiya o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir vaqtning o‘zida yurak koronar-shuntlash va buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Milliy xirurgiya tarixida ilk bor amalga oshirilgan bu noyob operatsiya o‘zbek kardiojarroh va transplantologlari tomonidan mustaqil bajarilgan.

Bemor Davronbek G‘oyibov 47 yoshda. Yuqori qon bosimi, bosh og‘rig‘i, ko‘z xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib kelgan bemor o‘zida surunkali buyrak yetishmovchiligi borligidan xabar topadi va dializ muolajalarini ola boshlaydi.

Qolaversa, u ko‘p yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi bilan kardiolog va endokrinolog nazoratida ham turardi. Bularning barchasi uning ahvolini yanada og‘irlashtirdi.

Natijada sentabr oyida Xirurgiya markaziga buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murojaat qiladi. Bemorga o‘z qizi Zebiniso G‘oyibova donorlik qiladigan bo‘ldi.

«Buyrak transplantatsiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli buni xastaning yuragi ko‘tara olmasligi mumkin edi. Chunki tekshiruvlar davomida bemor yuragining uchta joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operatsiya davomida yurak tanaga qon yetkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda o‘tishi belgilandi», deydi markazning bo‘lim mudiri, professor Fazliddin Bahriddinov.

Birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilingan. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday murakkab amaliyot dunyo bo‘yicha yiliga atigi 5-10 marta amalga oshiriladi. O‘zbekiston hududida esa hali bunday operatsiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya a’zolarining ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yaqunlangan.

Hozir bemor va donorning ahvoli yaxshi, ularni tibbiy standartlar bo‘yicha davolash jarayoni davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid