11:36 / 05.11.2022
6500

9 oyda 16 yoshgacha bo‘lgan 1114 nafar yoshlar ishtirokida yo‘l harakati qoidabuzarligi yuz berdi

Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi yuzasidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yosh haydovchilarni o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni joylarga chiqqan holda o‘rgandi.

Foto: Kun.uz

Komissiya a’zolari IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tasarrufiga kiruvchi “Yo‘l harakati xavfsizligi markaziy komyuterlashtirilgan boshqaruvi va axborot xizmati”, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti kabi yo‘l harakatini tartibga solishga ko‘maklashuvchi hamda yosh haydovchilarni, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlari bilan tanishdi.

Ta’kidlanganidek, Qonunchilik palatasida sohaga oid “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinib, ayni vaqtda mas’ul qo‘mita tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlash va maromiga yetkazish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Qonun loyihasida Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, ayrim turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo choralarini kuchaytirish orqali, har bir yo‘l harakati ishtirokchilari yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishini ta’minlash va og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari oldini olish samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil to‘qqiz oyi davomida jami 6 282 100 ta qoidabuzarlik sodir etilgan, 6449 ta yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelgan. Ushbu hodisalarda 16 yoshgacha bo‘lgan 1114 nafar yoshlar ishtiroki kuzatilib, ularning 192 nafari hayotdan ko‘z yumgan.

Bugungi kunda maktab o‘quvchilarida yo‘l harakati qoidalari, velosiped haydash, yo‘llardan o‘tish ko‘nikmalarini takomillashtirish ham talab darajada emasligi, umumta’lim maktablarida yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlarda harakatlanishni o‘z ichiga qamrab olgan fanni joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Top