Jahon | 12:40 / 19.11.2022
11489
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya urushdan oldin yuqori aniqlikdagi raketalar uchun butlovchi qismlarni to‘plab olgan

Ukrainaga hujumdan oldingi yillarda Rossiya aniq boshqariladigan raketalarni yaratish uchun zarur bo‘lgan elektronika zaxirasini to‘play boshlagan. Bu Ukrainaning davom etayotgan ommaviy o‘qqa tutilishini tushuntirishi mumkin.

Foto: AP

Ukrainaga bostirib kirishdan ancha oldin Rossiya aniq boshqariladigan raketalarni yaratish uchun zarur bo‘lgan mikrochiplar va boshqa texnologiyalarni zaxiralab qo‘ygan, deb yozadi The New York Times 18 noyabr, juma kuni Janes harbiy razvedka kompaniyasi hisobotiga tayanib.

Janes ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya texnologiyani bir necha yil oldin zaxiralashni boshlagan. Hisobotda ta’kidlanishicha, ko‘plab komponentlar fuqarolik maqsadlarida ham qo‘llaniladi, shuning uchun Rossiya unga qarshi kiritilgan sanksiyalarga qaramay, ularni uchinchi davlatlar orqali yoki xususiy shaxslardan olishga muvaffaq bo‘lgan.

Rossiya hujumdan oldin ham «Iskander», «Kalibr» va qanotli raketalarni ishlab chiqarishni kuchaytirgan, zaxiralar esa ularning kamayib borayotgan arsenalini to‘ldirish uchun zarur, deb yozadi Janes. «Ehtimol, ular ishlab chiqarilmoqda, chunki iqtisodiyot harbiy holat yoqasida va Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga aloqador ko‘plab zavodlar uch smenada va hatto dam olish kunlarida ishlayapti», dedi kompaniya tahlilchisi.

Bahordan beri AQSh Mudofaa vazirligi Kremlda aniq boshqariladigan raketalar yo‘qligini taxmin qilmoqda, chunki Rossiya o‘z zaxiralarini tezda tugatyapti, deb eslatgan NYT. Bu Britaniya razvedkasining kuzda e’lon qilingan hisobotida ham qayd etilgan. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov oktyabr oyida Rossiya urushdan oldingi raketa zaxiralarining deyarli 70 foizini ishlatib bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, Rossiyada atigi 609 ta shunday raketa qolgan. Shu bilan birga, bu taxminlarning hech birini mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas, deya ogohlantiradi NYT.

Nashr Rossiyaga Ukrainaga keng ko‘lamli raketa zarbalarini berishda davom etishiga imkon beruvchi to‘rtta ehtimoliy sababga ishora qiladi. AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning aytishicha, urushdan oldin zaxiralarni to‘plab olishdan tashqari, Moskva qurol-yarog‘ uchun Eron va Shimoliy Koreyaga murojaat qilgan. «O‘ylaymanki, bu davlatlar ularga qandaydir imkoniyatlar beradi», dedi u. Har ikki davlat Moskvaga qurol yetkazib berayotganini rad etyapti.

Uchinchi izoh shundaki, Rossiya hujumlar uchun havo hujumidan mudofaa raketalaridan foydalanishni ko‘paytirgan. Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 17 noyabr kuni Rossiya front chizig‘iga yaqin bo‘lgan shaharlarga kamida o‘nta S-300 zenit raketalarini uchirdi. Ularning quruqlikdagi nishonlarga zarba berish quroli sifatida ishlatilishi G‘arb harbiy amaldorlari va ekspertlariga Rossiyada qanotli raketalar yoki boshqa oddiy hujum qurollari tugab borayotganidan dalolat beruvchi signallardan biri bo‘ldi.

Bundan tashqari, NYT bilan suhbatlashgan tahlilchilar, agar NATO bilan urush boshlansa, Rossiya raketa va boshqa qurollar zaxirasini saqlab qolishini istisno etmayapti.

Mavzuga oid