Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa Ittifoqi davlatlari gaz va neft narxi yuqori chegarasi bo‘yicha kelisha olmadi
Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya gazi va nefti narxini cheklash borasida kelisha olmayapti.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari energetika vazirlari 24 noyabr, payshanba kuni gaz narxini cheklash bo‘yicha kelisha olmadi. Ularning Bryusseldagi favqulodda yig‘ilishi Yevropa komissiyasining gaz narxini tartibga solish mexanizmi bo‘yicha taklifi yuzasidan chuqur kelishmovchilik bilan o‘tdi.
Vazirlar yana uchrashishni rejalashtirmoqda, ularning navbatdagi kengashi 13 dekabrga belgilangan, dedi mamlakati Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Chexiya sanoat vaziri Yozef Sikela.
Shu bilan birga, yig‘ilish ishtirokchilari boshqa chora-tadbirlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi darajasida gazni birgalikda sotib olish, gaz yetkazib berishda mamlakatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga ruxsat berish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi.
22 noyabr kuni Yevropa komissiyasi gaz bozori korreksiyasi uchun favqulodda mexanizmni taqdim etdi. Uning rejasiga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida ikkita holatda kuchga kirishi kerak. Birinchisi, kelgusi oy uchun fyuchers narxining ikki hafta ichida bir megavatt soatiga 275 yevrogacha oshishi (TTF gaz indeksi asosida). Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqida gaz narxining boshqa xalqaro indekslarga nisbatan yoki suyultirilgan gaz bozoridagi farqi o‘n kun ichida bir megavatt/soat uchun 58 yevrodan ortiq bo‘lishi. Ikkala shart ham bajarilgan taqdirda, belgilangan darajadan yuqori narxlarda savdo operatsiyalari amalga oshirilmaydi.
24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qatnashgan bir qancha vazirlar bu chora samarasizligidan noligan, Polsha va Ispaniya vakillari esa bu taklifni hatto hazil deb atagan.
Rossiya neftining narxini cheklash masalasida Yevropa Ittifoqi hukumatlarining fikrlari bir-biriga mos kelmaydi. 24 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlati elchilari bu borada kelisha olmadilar, shu sababli muzokaralar ertasi kuni davom etadi.
«Katta yettilik» Rossiyadan dengiz orqali yetkazib beriladigan neft narxini bir barrel uchun 65-70 dollar darajasida belgilashni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, ba’zi Yevropa Ittifoqi davlatlari buni juda yuqori, boshqalari esa juda past deb hisoblashadi. Ayni paytda, Rossiya neftiga narxlarni cheklash 5 dekabrdan kuchga kirishi kerak.
«Hozir juda yuqori darajada ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar olib borilmoqda. O‘zgarishlar bo‘lishi bilan barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘zgarishlar bo‘lmaguncha, boshqa uchrashuv chaqirishdan ma’no yo‘q», — deya Reuters agentligi yevropalik diplomatlardan biridan iqtibos keltirdi. Diplomatlarning aytishicha, Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan oltitasi G7 taklif qilgan narxlarni cheklashga qarshi chiqdi.
Rossiya xom neft eksportining taxminan 70-85 foizi tankerlardan keladi. Dengiz orqali tashiladigan neft narxini cheklash orqali G7 davlatlari yuk tashish va sug‘urta kompaniyalariga Rossiya nefti belgilanganidan yuqori narxda sotilsa, yuklarni qabul qilishni taqiqlashi kutilmoqda.
Mavzuga oid
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
08:50 / 05.06.2026
YeIda ukrainalik qochqinlarni himoya qilish tartibi o‘zgarishi mumkin
08:58 / 04.06.2026
Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi yo‘lida muhim qadam tashlandi
08:48 / 03.06.2026