Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya omili: NATOda zarur, YeIda ortiqchami?
Anqaradagi NATO sammitida Erdo‘g‘an Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik jarayoni bo‘yicha ochiq e’tiroz bildirdi va masalani yana kun tartibiga olib chiqdi. Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Jahongir Akramovga ko‘ra, bu masala ortida murakkab geosiyosiy hisob-kitoblar, tarixiy va ideologik omillar qorishmasi yotadi.
— Turkiya nega Yevropa Ittifoqiga qabul qilinmayapti?
Kamoliddin Rabbimov: Turkiya Yevropa Ittifoqiga qabul qilinmasligining bir nechta sabablari bor. Bu omillar ham ittifoq ichidagi siyosiy muvozanat, ham Turkiya atrofidagi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq.
Yevropa Ittifoqining uchta asosiy instituti mavjud: Yevropa Komissiyasi (ijroiya hokimiyat), Yevropa Kengashi (a’zo davlatlar hukumatlari yig‘ilishi) va Yevropa Parlamenti. Yevropa Parlamentida o‘rinlar a’zo davlatlarning aholi soniga qarab taqsimlanadi. Masalan, eng katta vakillik Germaniyaga tegishli (83 million aholi), undan keyin Fransiya (67 million). Agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lsa, aholi soni 90 milliondan oshgani sababli eng katta fraksiya aynan Turkiyaga tegishli bo‘ladi. Bu esa ittifoq ichidagi siyosiy muvozanatni o‘zgartiradi.
Bundan tashqari, Turkiyadan saylanadigan deputatlarning asosiy qismi “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga mansub bo‘lishi mumkin. Bu partiya diniy qadriyatlarga yaqin siyosiy yo‘nalishga ega bo‘lib, Yevropa Parlamentida yangi ideologik omil paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu sababli ayrim davlatlar, ayniqsa Fransiya, bu jarayonga doimiy ehtiyotkorlik bilan qarab kelgan.
Germaniyada esa pozitsiya vaqt-vaqti bilan o‘zgarib turgan. Ba’zi davrlarda Turkiyani qo‘llab-quvvatlash kuzatilgan, ba’zan esa qarshilik kuchaygan. Masalan, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Yevropa davlatlarini Turkiyani tezroq qabul qilishga chaqirgan, aks holda Turkiya boshqa geosiyosiy yo‘nalishda ittifoqlarni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlagan. Hatto ayrim paytlarda Turkiyaga vizasiz rejim taklif qilinib, biroq to‘liq a’zolikdan voz kechish so‘ralgan.
Ikkinchi muhim to‘siq – Gretsiya va Kipr masalasi. Yevropa Ittifoqiga yangi davlatni qabul qilish uchun barcha a’zo mamlakatlar roziligi talab etiladi. Har qanday davlat veto qo‘yishi mumkin va bu qarorini asoslab berishi shart emas. Turkiya bilan Gretsiya o‘rtasida uzoq yillik hududiy va siyosiy ziddiyatlar mavjud. Kipr esa ikki qismga bo‘lingan: janubida greklar, shimolida turklar yashaydi. Yevropa Ittifoqi Turkiyani Kipr masalasida tanqid qilib keladi. Shu sababli Gretsiya va Kipr Turkiyaning a’zoligiga muntazam qarshilik bildiradi.
Boshqa tomondan, Turkiya NATOning muhim a’zosi hisoblanadi. U 1952 yilda alyansga qo‘shilgan va strategik jihatdan muhim hududda joylashgan. NATO operatsiyalarida Turkiyaning ishtiroki alyansning global legitimligini oshiradi. Ya’ni NATO Turkiyasisiz bu g‘arb klubiga aylanib qoladi. Misol uchun, Yaqin Sharqdagi operatsiyalarda Turkiya bo‘lmaganida bu butun dunyo hamjamiyati, avvalambor musulmonlar tomonidan navbatdagi Salib yurishi deb e’lon qilinar edi.
Shunga qaramay, Turkiya ham o‘z manfaatlarini himoya qiladi, masalan, NATOga Isroilni kiritmaydi. O‘z navbatida, Gretsiya va Kipr Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligiga qarshi.
Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi hozircha uzoq istiqboldagi masala bo‘lib qolmoqda. Biroq so‘nggi yillarda Turkiyaning geosiyosiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi. U Yevropa xavfsizligi va NATO tizimida muhim o‘rin tutmoqda. Shu sababli, rasmiy a’zolik bo‘lmasa-da, Turkiyaning Yevropa bilan munosabatlaridagi ta’siri ortib bormoqda.
Jahongir Akramov: Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasi ko‘proq siyosiy orzu sifatida baholanadi. Nazariy jihatdan bu imkoniyat mavjud bo‘lsa-da, amalda yaqin istiqbolda ro‘y berish ehtimoli past. Kelajakni aniq bashorat qilib bo‘lmaydi, biroq bu jarayonda kuchlar muvozanati hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yevropa Ittifoqining shakllanishida tarixiy va tsivilizatsion omillar ham muhim rol o‘ynagan. Xususan, xristian dunyosining katolik va protestant an’analari asosidagi birlik g‘oyasi muhim ideologik poydevor bo‘lib xizmat qilgan. Shu sababli, Yevropa Ittifoqi nafaqat siyosiy-iqtisodiy, balki ma’lum darajada tsivilizatsion loyiha ham hisoblanadi.
Masalan, Albaniyaning a’zolik istiqboli nisbatan yuqori baholanadi. Bunga sabab – uning kichik hududiy va demografik ko‘lami, shuningdek, Yevropa Ittifoqi talablariga moslashish imkoniyatining yuqoriligidir. Albaniya mintaqaviy raqobat yoki geosiyosiy yetakchilikka da’vo qilmaydi, bu esa uni ittifoq uchun “kamroq xavfli” nomzodga aylantiradi. Turkiya esa mutlaqo boshqa darajadagi davlat. Uning tarixiy merosi, mintaqadagi ta’siri va geosiyosiy ambitsiyalari Yevropa davlatlarida ehtiyotkorlik uyg‘otadi. Ayniqsa, Bolqon mintaqasida turklar bilan bog‘liq tarixiy xotira va xavotirlar hamon sezilib turadi.
Biroq Turkiya strategik jihatdan nihoyatda muhim davlatdir. NATO a’zosi sifatida u Yevropa xavfsizligida muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, Turkiya rahbariyati ham yaqin yillarda Yevroittifoqqa to‘liq a’zolik ehtimoli past ekanini yaxshi tushunadi. Shuning uchun asosiy e’tibor strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilmoqda.
Ichki siyosiy omillar ham muhim: Turkiyada inflatsiya, ijtimoiy keskinlik va siyosiy qutblashuv kuchaygan. Bunday sharoitda hukumat iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash uchun tashqi hamkorlik, ayniqsa Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni kengaytirishi zarur. Vizasiz rejimni rivojlantirish, savdo va investitsiya oqimlarini oshirish shular jumlasidandir.
Shuningdek, mudofaa sohasida ham Turkiya o‘z salohiyatini kuchaytirmoqda. Masalan, milliy havo mudofaa tizimlarini rivojlantirishga katta mablag‘ ajratilmoqda. Bu orqali Anqara Yevropaga “Turkiyasiz xavfsizlikni tasavvur qilish qiyin” degan signalni bermoqda. Turkiya o‘zini faqat mintaqaviy emas, balki global o‘yinchi sifatida ko‘rsatishga intilmoqda.
Turkiya Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zolikni yaqin maqsad sifatida ko‘rmasligi ham mumkin. Aksincha, u Yevropa bilan hamkorlik orqali o‘z ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Hozirgi sharoitda Turkiya – ko‘plab global markazlar uchun muhim hamkor. U Rossiya, Xitoy, Yevropa va AQSh uchun birdek ahamiyatli. Hatto qarama-qarshiliklarga qaramay, iqtisodiy va strategik manfaatlar ustuvor bo‘lib qolmoqda. Masalan, energetika sohasida Turkiya orqali amalga oshiriladigan loyihalar ko‘plab davlatlar, masalan Isroil uchun muhim ahamiyatga ega. Turkiya va Isroilning bir-biriga qaratilgan siyosiy bayonotlari keskin bo‘lishi mumkin, biroq iqtisodiy aloqalar odatda davom etadi.
Xulosa qilib aytganda, Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar murakkab va ko‘p qatlamli. To‘liq a’zolik masalasi ochiq qolayotgan bo‘lsa-da, o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik yaqin yillarda asosiy yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
11:30
NATO to‘rt davlat qiyofasida yangi raqibni ko‘rmoqdami?
18:32 / 09.07.2026
«Kuchliroq NATOda kuchliroq Yevropa» – Anqaradagi sammit qanday o‘tdi?
18:10 / 09.07.2026
Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga shaxsiy to‘pponcha sovg‘a qildi
14:13 / 09.07.2026