10:46 / 30.11.2022
2358

O‘zbekiston va Saudiya Afg‘onistonni og‘ir gumanitar inqirozdan olib chiqish masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Valid al-Xarijiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik hozirgi darajasi, Afg‘oniston iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalasi muhokama qilindi. Valid al-Xorijiy O‘zbekistonning Afg‘oniston yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, eng dolzarb va o‘z vaqtidagi sa’y-harakatlarini ta’kidladi. Bunda O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar yo‘nalishi bo‘ylab temiryo‘l qurish kabi yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy qadamlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar mamlakat yangi hokimiyat organlari tomonidan xalqaro hamjamiyat asosiy talablari – keng vakillikka asoslangan hukumat yaratish, inson asosiy huquqlari, ayollar va qizlarni, mamlakat milliy ozchiliklarini hurmat qilish kabi muhim talablarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Tomonlar Afg‘onistonni og‘ir gumanitar inqirozdan olib chiqish, mamlakat milliy iqtisodiyotini bosqichma-bosqich tiklash masalasida jahon hamjamiyati kelishilgan va jamoaviy harakatlari zarurligini qayd etdi.

Top