Jahon | 08:01 / 03.12.2022
11602
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Vagner XHK - alohida tashvishga sabab bo‘luvchi tashkilot

Vagner XHK AQSh Davlat departamenti tomonidan Markaziy Afrika Respublikasidagi faoliyati bilan bog‘liq alohida tashvish uyg‘otuvchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan, dedi Entoni Blinken.

Foto: theglobeandmail

AQSh Davlat departamenti Vagner XHKni Markaziy Afrika Respublikasidagi faoliyatiga ko‘ra alohida tashvish beruvchi tashkilot sifatida belgiladi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning 2 dekabr, juma kuni e’lon qilingan diniy erkinlik bo‘yicha bayonotida aytiladi.

Vagner XHK bilan bir qatorda quyidagi tashkilotlar ham xuddi shunday ro‘yxatga kiritildi: "Ash-Shabob", "Boko Haram", "Hayat Tahrir ash-Sham", husiylar, "IShID - Katta Sahroi", "IShID - G‘arbiy Afrika", "Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin" va "Tolibon".

Shu bilan birga, Rossiya, shuningdek, Birma, Xitoy, Kuba, Eritreya, Eron, Nikaragua, Shimoliy Koreya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmaniston AQSh tomonidan alohida tashvish beruvchi davlatlar qatoriga kirdi. 1998 yildagi Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi qonunni buzayotganlar, Qo‘shma Shtatlar ma’lumotlariga ko‘ra, diniy e’tiqod erkinligi huquqining jiddiy buzilishiga aloqador yoki bunday buzilishlarga toqat qiladilar.

"Bunday maqomning (yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar va tashkilotlarga) berilishi to‘g‘risidagi e’lon butun dunyoda milliy xavfsizlikni himoya qilish va inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga mos keladi. Bu va boshqa inson huquqlarini himoya qilayotgan davlatlar Qo‘shma Shtatlarning tinch, barqaror, farovon va ishonchli hamkorlaridir", dedi Blinken.

Avvalroq, 1 dekabr kuni AQShning ikki senatori Vagner XHKni xorijiy terrorchilik tashkiloti deb tan olishni talab qilib, Kongressga rossiyalik yollanma askarlarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha ikki partiyaviy qonun loyihasini taqdim etgan edi.

Mavzuga oid