09:05 / 10.12.2022
53573

Bu yilgi qish seryog‘in kelarmish. O‘zi qor bizga qanchalik zarur?

Dekabr kelishi bilan respublikaning aksar hududlarida qor yog‘ib, sovuq havo zabtiga olyapti. Izg‘irinli kunlarda shahar infratuzilmasidagi muammolar, gaz-svet ta’minotidagi qiyinchiliklari battar bo‘rtib ko‘rinib qoldi. Biroq qor qanchalik noqulayliklar kelib chiqarmasin, uning ko‘p yog‘ishi aslida koni foyda.

Bu qish sovuqroq bo‘ladimi?

O‘zgidromet oy boshida dekabrda qanday ob-havo prognoz qilinayotgani haqida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, dekabr sovuq ob-havo bilan boshlanishi kerak edi va shunday bo‘lyapti.

«Dekabr oyi ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida me’yoriy qiymatlarga yaqin bo‘lgan fonda havo harorati kechalari +2...+7 daraja iliqdan –2...–7 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari +10...+15 daraja iliqdan –2 daraja sovuq +3 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda», deyiladi prognozda.

O‘zgidromet matbuot kotibi Munisa Asilxo‘jayevaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, oy boshida qilingan prognoz hozirgacha o‘zini oqlab kelyapti. Keyingi oylar prognozi ham oy boshlanishiga qarab tayyor bo‘ladi va e’lon qilinadi.

O‘tgan yili eng issiq qish bo‘lgandi

O‘tgan yilgi qishda esa havo ancha iliq bo‘lgan. O‘zgidromet o‘tgan yili oy boshida bergan prognozda «Qishning birinchi kunlari mamlakatimiz aholisini anomal iliq ob-havo bilan qutlaydi, 1-2 dekabrda xorijiy janubiy hududlardan iliq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, harorat kechalari +6...+9 daraja iliqqacha, kunduz kunlari +17...+22 daraja iliqqacha ko‘tariladi, bu dekabr oyi boshi uchun bo‘lgan me’yordan +8...+11 darajaga yuqoridir», deb ma’lumot berilgan.

Darhaqiqat, 2021 yilgi dekabr O‘zbekistonning 20 yillik tarixida eng iliq yil sifatida qayd etilgan.

Bu yilni oldingisi bilan solishtirganda esa qish ancha keskin sovuq bilan boshlandi. O‘zgidromet tomonidan kuz oylarida qish uchun taxminiy prognoz ham e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 2022/2023- yillarning qish mavsumi uchun tuzilgan dastlabki hisoblariga ko‘ra, qish mavsumi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlari atrofida va undan biroz ko‘p va yog‘ingarchilik taqchilligi bo‘lishi aytilgandi. Ushbu prognoz aniqligi — 50-60 foiz atrofida.

Qor ko‘p yog‘ishiga umid bormi?

Germaniya Yer tadqiqotlari markazining «Markaziy Osiyoda suv» loyihasi rahbari, Berlindagi Humboldt universiteti dotsenti Abror G‘afurov yoz faslida Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘tgan yilgi qishda qor achinarli darajada kam yog‘ganini qayd etgandi.

«Markaziy Osiyoda suv» loyihasi rahbari Abror G‘afurovning ma’lumot berishicha, bu yilgi qishda esa yog‘ingarchilik unchalik muammoli bo‘lishi kutilmayapti. Loyiha faollari qish fasli qanday o‘tayotganini sputnik ma’lumotlari yordamida o‘rganadi. To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Markaziy Osiyoda qishki yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lishi kutilyapti.

«Shu kungacha butun Markaziy Osiyoda oxirgi yillarga qaraganda ancha ko‘proq qor yog‘di. Masalan, Chotqol daryo havzasida oxirgi 22 yil ichidagi eng maksimum qor qoplami kuzatilyapti.

Grafiklardagi uzuq qizil chiziq — bu yilgi qor yog‘ish holati. Ko‘k chiziq — oxirgi 22 yildagi eng maksimum qor qoplami, sariq chiziq esa minimum qor qoplami. Yashil chiziq esa oxirgi 22 yildagi o‘rtacha qiymatni anglatadi.

manba: MODSNOW. 5 dekabr holatiga

Solishtirish uchun ko‘rish mumkinki, o‘tgan yili Amudaryo havzasida oxirgi 22 yillikda o‘rtacha miqdordan kamroq qor to‘plangan.

  

O‘zbekistonda oxirgi marta qachon ko‘p qor yog‘gan edi?

Oxirgi 10 yillikda eng qattiq kelgan va qor ko‘p yog‘gan qish — 2007-2008 yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha yilgi qishda yog‘gan qor respublika bo‘ylab dekabr oxiridan to fevralning o‘rtalarigacha saqlanib qolgan, erib ketmagan. Qor qoplami 60-65 kun saqlangan. O‘sha yilgi qish — oxirgi 10 yillikdagi eng qorli qish bo‘lgan.

Qor nimasi bilan foydali?

Qor yog‘ishi — ekotizim uchun o‘ta muhim hodisa hisoblanadi. Agar qor qoplamlari bo‘lmaganda Quyosh harorati Yerga 4-6 marta ko‘proq singigan bo‘lardi. Qor qoplamlari mavjud bo‘lishi yoki bo‘lmasligi Yer yuzasining isishi va sovishini nazorat qiladi.

Qor — Yerning mavsumiy siklining bir bo‘lagidir. Uning qish faslida yog‘ishi tabiat muvozanati joyida bo‘lishini anglatadi. Bahorning aldamchi tarzda qish payti boshlanib ketishi va ortidan qor yog‘ishi kabi hodisa kuzatilsa, tabiatga zarari katta bo‘ladi.

Bundan tashqari, bahor va yozdagi suv miqdori qishda yog‘gan qor qoplamiga bog‘liq bo‘lgan hududlar borki, ularda qish bo‘lmasligi, ya’ni qor yog‘masligi kelayotgan dehqonchilik mavsumida qurg‘oqchilik ehtimoli borligini bildiradi.

Qorning O‘zbekiston uchun ahamiyati-chi?

O‘zbekiston xuddi shunday hududlardan hisoblanadi. Ya’ni yozda suvning tanqis bo‘lmasligi qishda qorning yaxshi yog‘ishiga bog‘liq.

Markaziy Osiyoda suv shakllanishi asosan tog‘larda qorlar to‘planishiga bog‘liq. Abror G‘afurovning ma’lumot berishicha, mintaqaning asosiy suv manbasi — qor va muzliklar, ammo ko‘p qismi qor hisobiga shakllanadi. O‘rta Osiyodagi tog‘lar qishda yog‘gan qorlar evaziga yoz fasli uchun suv saqlash funksiyasini ham bajaradi. Agar yog‘ingarchiliklar qor ko‘rinishida tushmay qo‘ysa, muammoli vaziyat paydo bo‘lishi mumkin. Bunda yog‘ingarchilikning asosiy qismi yomg‘ir ko‘rinishida tusha boshlaydi va Markaziy Osiyo tog‘lari suvni yoz fasli uchun saqlash funksiyasini yo‘qotishi mumkin.

Qisqacha aytganda, Markaziy Osiyo hududida bu yil ko‘proq qor yog‘ishiga umid bor. Katta qismi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanib daromad topadigan O‘zbekiston aholisi uchun bu xursand bo‘ladigan holat.

Qorli kunlar bolalarning xursandchiligidan tashqari, shahar avtoyo‘llarida tirbandliklar keltirib chiqarishi, yo‘lkira oshishi, gaz bosimi pasayib ketishi bilan, qishloqlarda esa shundoq ham gazsiz uylarda chiroqlar ham tez-tez o‘chib qolishi bilan kayfiyatsiz tarzda qarshilanishini yaxshi bilamiz. Taassufki, is gazi tufayli nobud bo‘layotganlar to‘g‘risidagi xabarlar ham mavsum boshlanishi hamono ko‘payib qoldi. Ammo qorsiz ham holimiz havas qilarli bo‘lmaydi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzuga oid
Top