14:03 / 12.12.2022
14288

Kosovo shimolida yana notinchlik. Serbiya bilan mojaro xavfi yuzaga keldi

Serbiya prezidenti qo‘shni Kosovoning asosan etnik serblar istiqomat qiluvchi shimoliy tumanlarida dam olish kunlarida avj olgan keskinlik va tartibsizliklar tufayli mamlakat Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdi.

Kosovo shimolida to‘silgan yo‘l. Bu safargi keskinlik Prishtina o‘z avtomobil raqamlarini joriy etishga urinishi tufayli yuzaga kelmoqda. Belgrad ularni tan olishdan bosh tortgan. Foto: Reuters

«Bugun men prezident bo‘lganimdan buyon eng og‘ir kun, men serblarni provokatsiyalarga uchmaslikka chaqiraman», - degan Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ushbu yig‘ilishdan keyin va Kosovo shimoli va Metoxiyadagi serblardan xotirjamlik va tinchlikni saqlashga chaqirgan.

Mintaqada uzoq vaqtdan buyon keskinlik saqlanib qolmoqda, so‘nggi vaqtlarda esa Kosovo hukumati serblar ko‘pchilikni tashkil qiladigan munitsipalitlarda 18 dekabr kuniga saylovlar belgilagani tufayli bu keskinlik kuchaygan. Serblarning asosiy siyosiy partiyasi bu saylovlarga boykot e’lon qildi.

Vaziyat 11 dekabrga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar politsiya bilan otishma uyushtirib, funksiyalari qatorida Kosovo hukumatini mustaqil huquq-tartibot organlari faoliyatini tashkil etishda qo‘llab-quvvatlash masalasi ham bo‘lgan Yevroittifoq patrul missiyasi (EULEX) binosiga shovqinli granatalar uloqtirishi oqibatida yanada keskinlashdi.

Undan avvalroq Kosovo serblari guruhi Kosovo shimoli va Mitrovitsa okrugida asosan serblar yashaydigan Zvechan, Leposavich va Zubin-Potok shaharlarida bir qancha yo‘llarni to‘sib qo‘ygandi.

Kosovo politsiyasi yo‘llarni to‘sgan odamlar ham uch marta politsiyachilarga qarata o‘q uzganini ma’lum qilgan.

Yakshanba kungi tartibsizliklar

Foto: AFP

Yakshanba kuni serb millatiga mansub, Kosovo politsiyasining sobiq xodimi bo‘lgan Deyan Pantich Serbiyadan qaytib kelganida qo‘lga olinishi tartibsizliklar keltirib chiqardi.

Uning qo‘lga olinishidan g‘azablangan yuzlab serblar shanba kuni o‘rnatilgan va Kosovodan Serbiyaga o‘tish amalga oshiriladigan ikkita chegara nazorat punkti bo‘ylab harakatni falaj qilib qo‘ygan blokpostlar oldida yana to‘planishdi.

Pantich noyabr oyida Prishtinaning shimoliy hududlardagi serblarni Serbiya bergan avtomobil raqamlarni Kosovonikiga almashtirishga majburlashiga norozilik sifatida iste’fo bergan 600 nafar politsiyachidan biri edi.

Bu mojaro yozda, Kosovo hukumati avtomobil raqamlarini majburan o‘zgartirish bo‘yicha ilk urinishni amalga oshirganida yuzaga kelgandi.

O‘shanda 50 ming atrofidagi kishi bunga bo‘ysunishdan bosh tortgandi, chunki ular shu vaqtga qadar Kosovo mustaqilligini tan olishmaydi va raqamlarni almashtirishni bunga bilvosita rozi bo‘lish deb hisoblashadi.

Kosovo hukumati o‘shanda yangi qoidalar joriy etilishini keyinroqqa qoldirishga majbur bo‘lgandi. Yevroittifoq tomonlar o‘rtasidagi kelishuv uchun vositachi bo‘lgan, unga ko‘ra Kosovo tomoni serblarning raqamlarida harakatlanishda davom etgan haydovchilarni jarimaga tortish rejasidan voz kechishga, Serbiya esa Kosovo shahar kodlari bilan avtomobil raqamlarini berishni to‘xtatishni va’da qiladi.

Kosovoning Belgrad tomonidan tan olinmagani faktidan tashqari asosiy muammo shundaki, Kosovo hukumati uchun ham avtomobil raqamlari masalasi Belgrad uchun bo‘lgani kabi muhim masala.

Bu tartib kuchga kirishi muddati 21 noyabr kuniga belgilangandi va 1 noyabrdan Kosovo politsiyasi avtomobil egalarini raqamlarni almashtirish to‘g‘risida ogohlantira boshladi.

NATO kontingenti BMT Xavfsizlik kengashining 1999 yil 12 iyundagi rezolyutsiyasi orqali tashkil etilgan va o‘sha vaqtdan buyon Kosovoda bo‘lib turibdi. Foto: ARMEND NIMANI

Noyabr oyi boshida Kosovo bosh vaziri Albin Kurti Kosovoda yashovchi serblar ularning avtomobillarida Kosovo raqamlari bo‘lishiga rozi bo‘lishi kerakligini aytdi. Shundan so‘ng Kosovo serblari vakillari Prishtinaning barcha davlat muassasalaridan chiqishlarini e’lon qilishdi.

Kosovo shimolida asosan serblar yashovchi to‘rtta munitsipalitet merlari, maslahatchilar, Kosovo Assambleyasi a’zolari, sudyalar, prokurorlar, prokuratura va sud organlarining ma’muriy xodimlari, shuningdek o‘lka shimolidagi Kosovo politsiyasi xodimlari iste’foga chiqishdi, politsiyachilar telekameralar qarshisida namoyishkorona formalarini yechib tashlashdi.

Kosovo hukumati ushbu to‘rt munitsipalitetda saylovlar o‘tkazishga urinib keladi, ammo davom etayotgan keskinlik tufayli ularni ortga surishga majbur bo‘ladi. Serblarning asosiy partiyasi saylovlarni boykot qilishga chaqirgan va prezident Vose Usmoniyda saylovlarni 18 dekabrdan keyingi yil apreliga surishdan boshqa yo‘l qolmagan.

Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya va AQSh elchixonalari saylovlar kechiktirilishini ma’qullab, buni shimolda nisbatan tinchlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga hissa qo‘shuvchi «konstruktiv yechim» deb baholagan.

Biroq serblar orasidagi norozilik saqlanib qoldi va o‘tgan haftada Kosovo rasmiylari serblar ko‘pchilikni tashkil etuvchi hududlarga kuchaytirilgan politsiya patrullarini jo‘natdi.

9 dekabr kuni YeI missiyasi Mitrovitsa shahrini ikkita munitsipial birlikka ajratib turuvchi asosiy ko‘prikda navbatchilik qilayotgan Kosovo politsiyasiga qo‘shimcha kuchlar yubordi. Foto: ANADOLU AGENCY

Serbiya darhol oldingi tinchlik kelishuvlari buzilganini e’lon qildi. Serblar prezidenti Aleksandr Vuchich NATO tinchlikparvar kuchlaridan ushbu hududlarga Serbiya politsiyasi va qo‘shinlarini yuborish uchun ruxsat so‘rashni rejalashtirayotganini aytdi, shu bilan birga, bunday ruxsat bo‘lmasligini amalda tan oldi.

Rasman Vuchich BMTning 1244-sonli rezolyutsiyasi asosida o‘z kuchlarini Kosovo hududiga joylashtirishni so‘rashi mumkin (No 4 bandida aytilishicha, «yugoslav va serb harbiylari hamda politsiyachilarining kelishilgan soniga o‘z funksiyalarini bajarish uchun Kosovoga qaytishga ruxsat beriladi»).

Yo‘llardagi barrikadalar

Kosovo bosh vaziri Albin Kurti mamlakat shimolidagi Zvechan, Leposavich va Zubin-Potok shaharlari ko‘chalarida o‘rnatilgan barrikadalar zudlik bilan olib tashlanishini talab qildi. U mamlakat rahbariyati vaziyatni imkon qadar hal etish uchun KFOR kuchlari (NATO rahbarligidagi BMT kontingenti) bilan doimiy aloqada bo‘lib turilganini ta’kidlagan.

Kurti tvitterdagi sahifasida «Serbiya prezidenti va bosh vaziri harbiy tajovuz bilan tahdid qilgani», ammo Kosovo mojaro istamasligi, shu bilan birga, «tajovuz ro‘y bersa, javob qaytarishi»ni yozgan.

YeIning tashqi ishlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Jozep Borrel to‘qnashuvlarni qoralagan va Kosovo serblarini zudlik bilan barrikadalarni yig‘ishtirib olishga chaqirgan. «Osoyishtalik tiklanishi kerak... barcha ishtirokchilar eskalatsiyadan qochishi kerak», — deya yozgan Borrel tvitterida.

Yakshanba kuni kechqurun Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan keyin Kosovo shimolidagi serblarni tinchlikni saqlashga, provokatsiyalarga berilmaslikka, shuningdek, Yevroittifoq missiyasi va NATO kontingentiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

Kosovo 2008 yilda qonli urushlardan keyin mustaqillik e’lon qilgan. Serbiya uni suveren davlat sifatida tan olmagan, ammo 2013 yilda munosabatlarni normallashtirish uchun tuzilgan kelishuvga muvofiq uning boshqaruvchi hukumatini tan oladi.

Mavzuga oid
Top