Jahon | 11:52 / 24.11.2022
5274
3 daqiqa o‘qiladi

Kosovo va Serbiya avtomobil raqamlari bo‘yicha kelishmovchilikni hal qildi

Belgrad Kosovo shahar kodlari bilan avtomobil raqamlarini berishni to‘xtatadi, Prishtina esa Serbiya raqamlari bilan avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga urinishlarni bas qiladi, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.

Foto: Getty Images

Kosovo va Serbiya mojaroning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Serbiya avtomobil raqamlari masalasida kelishuvga erishdi. «Yevropa Ittifoqi vositachiligida Kosovo va Serbiya bosh muzokarachilari yanada keskinlashuvning oldini oladigan va o‘zaro munosabatlarni normallashtirish taklifiga to‘liq e’tibor qaratadigan chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib olganliklarini e’lon qilishdan mamnunman», — deb yozdi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 23 noyabr, chorshanba kuni kechqurun Twitter mikroblogida.

Kelishuvga ko‘ra, Belgrad Kosovo shahar kodlari bo‘lgan davlat raqamlarini berishni to‘xtatadi, Prishtina esa o‘z navbatida Serbiya raqamlariga ega avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga urinishlarni bas qiladi. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda tomonlar Germaniya va Fransiya vositachiligida munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qiladi. 

Serbiya va Kosovo o‘rtasidagi mojaro iyul oyining oxirida, Prishtina Serbiya fuqarolari kirishda olishlari kerak bo‘lgan vaqtinchalik hujjatlarni joriy etishga qaror qilganda, shuningdek, serb ozchiligidan o‘zlarining eski serb raqamlarini mahalliy raqamlarga o‘zgartirishni talab qilganda yana avj oldi. Kosovo serblari norozilik sifatida barrikadalar o‘rnatdilar, shundan so‘ng Prishtina hukumati yangi qoidalarni joriy etishni keyinga qoldirdi. 

2008 yilda Kosovo Respublikasi bir tomonlama ravishda Serbiyadan mustaqilligini e’lon qildi. Uni Yevropaning ko‘plab davlatlari, jumladan, Germaniya, shuningdek, AQSh ham tan olgan. Belgrad Kosovoni o‘zining avtonom viloyati deb biladi va Prishtina mustaqilligini tan olmaydi. Serbiyaning pozitsiyasini Rossiya, possovet hududidagi aksariyat davlatlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqining beshta davlati, Xitoy va Hindiston qo‘llab-quvvatlaydi. 

Serbiya Yevropa Ittifoqiga kirishga intiladi va shu munosabat bilan Kosovo bilan munosabatlarni normallashtirish majburiyatini oldi. 2013 yildan beri Belgrad va Prishtina munosabatlarni Yevropa Ittifoqi vositachiligida hal qilishga harakat qilmoqda. Rossiya Kosovoning BMTga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. 

Mavzuga oid