Jamiyat | 18:19 / 13.12.2022
30174
9 daqiqa o‘qiladi

Onalarini uyga qamab qo‘ygan O‘zbekiston: go‘dak bilan qancha masofaga erkin borish mumkin? 

O‘zbekistonda farzandli bo‘lish - ayol uchun deyarli uydan chiqmaslik, istagan joyiga bormaslik, istagan joyida bolasi bilan sayr qilmaslik, hatto harakatlanadigan yaqin ora manzillarida ham qiyinchiliklarga duch kelish degani. Bir gap bilan aytganda, O‘zbekistonda yosh bolali onalarga juda qiyin.

Farzandli bo‘lgach ayol uni parvarishlash uchun deyarli butun vaqtini uyda o‘tkazadi. Uning uchun eng yaxshi vaqt — farzandini toza havoda aylantirish payti. U bolasini «kolyaska»ga solib, mahallasini, yaqin atrofni aylanib kelishi mumkin. Lekin «kolyaska» bilan harakatlanish oson emas. Agar ayol hovlida yashasa, unda uydan chiqish muammo bo‘lmaydi. Lekin ko‘p qavatli uylarda hatto pastga tushib olish oson emas. Aksar liftli uylar ham aravacha bilan kirib-chiqishga noqulay qurilgan. Liftdan keyin ham 5-6 talik tik zinalardan bolani ko‘tarib tushish kerakmi yo aravachanimi?

4-5 qavatli lifsiz uylardan bola bilan pastga tushish undan ham qiyin bo‘lsa kerak. Amallab aravachada bolani pastga olib tushib bo‘lgach, endi maza  qilib sayr qilish mumkin deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. Ko‘chalarda o‘ydim-chuqurlar, zinali, maxsus pandusli yo‘laklar deyarli yo‘q.

Ona bolasi bilan faqat o‘z uyi atrofidagi yaqin masofani aylanib keladi xolos. Metroda, avtobuslarda bolasini aravachada olib ketayotgan ayollarni ko‘rganmisiz? Ko‘rgan bo‘lsangiz ham, yonida hamrohi bo‘lsa kerak. Sababi aravachalar uchun mo‘ljallanmagan ko‘chalardan bekatgacha, metro stansiyalarigacha yetib olish oson emas. Buni ko‘p onalar tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, aksar jamoat joylarida ona-bola xonalari ham yo‘q. Bu endi alohida mavzu. 

«Bolamni o‘g‘irlab ketishsa-chi, deb qo‘rqaman...»

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 7 ming a’zosi bor «Emizikli onalar» guruhida aynan shu mavzuda onalar fikrini o‘rgandik. Ko‘pchilik bolasi bilan, asosan, uyda bo‘lishini, uni toza havoga olib chiqish vaqti (quyoshli payt) uyda, asosan, yolg‘iz o‘zlari bo‘lishgani sababli aravacha bilan chiqishga qiynalishlarini yozishdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri o‘zi yashaydigan hududdagi do‘kon, dorixonalarda pandus yo‘qligini, shuning uchun juda zarur bo‘lsa ham ularga kira olmasligini yozgan: «Tashqarida qoldirib kirsam, bolamni o‘g‘irlab ketishadi, deb qo‘rqaman».

  • «Bolam 3 oylik bo‘ldi. Deyarli hech qayerga bormaymiz. Chunki ko‘chada yurish — muammo. Faqat ekobozor o‘yin maydonchasi, ota-onamning uyi bilan boradigan manzillarimiz cheklangan»;
  • «Ba’zi do‘konlar pandusi bo‘lsa ham, uning ro‘parasiga muzlatkich qo‘yib qo‘yishadi»;
  • «Yangihayot tumanida kottejda turamiz. Bolamni kolyaskada olib chiqsam bir ko‘chaning u boshidan bu boshiga borib kelaveramiz. Bu ko‘cha ham mashinalar uchun mo‘ljallangan»;
  • «Biz Toshkent viloyatida, qishloqda yashaymiz. Jamoat transporti yo‘q, faqat «Damas» qatnaydi. Unda bola ko‘tarib biror yerga borib bo‘lmaydi. Ko‘chalarimizda trotuarlar yo‘q. Uyimizdan 3 metr naridan katta yo‘l o‘tadi, bolalar chiqib ketmasin deb darvozalarni berkitib o‘tiramiz»;
  • Biz 4 qavatli uyda turamiz. Kolyaskani birinchi qavatda qoldirishdan qo‘rqaman — o‘g‘irlab ketishadi deb. Shuning uchun bolam bilan pastga juda kam tushamiz»;
  • «Piyodalar o‘tish joylaridan «kolyaska» bilan yugurib o‘taman»;
  • «Men Farg‘onada yashayman. Har safar aylanishga chiqsak, asabiylashaman. Yo‘llar qing‘ir-qiyshiq. Piyodalar o‘tish joylarini aytmasa ham bo‘ladi;
  • «Men ham qiynalaman. Yo‘llar noqulayligi uchun faqat bitta yo‘ldan borib-kelamiz. Do‘konga chiqish ham qiyin»;
  • «Bolani aravachasiga o‘tkazib uzoqqa borish tugul zarurat uchun uy atrofiga chiqish ham noqulay. Panduslar bor bo‘lsayam juda tik, ulardan aravacha bilan o‘tishga odam qo‘rqadi. Chet elda qanaqa bilmadim-u, lekin videolarda ularda metrolarda ham bemalol bolalarini aravachalarda olib yurishlarini ko‘ramiz, bizda esa metroga kirishda panduslar bo‘lsayam, ichkaridagi zinalarda yo‘q»;
  • «Andijonda kerak bo‘lsa, markaziy ko‘chalarda ham «kolyaska»lar uchun sharoit yo‘q. Shahardagi osma ko‘prikni qurishayotganda ham «tug‘dingmi, uyda o‘tir», deb qo‘ldan kelgancha qurib qo‘yaverishgan»;

«Shaharda yashaydigan onalardagi vaziyatni o‘qib,  tumanda turib men xafa bo‘lmasam bo‘larkan. Bizda yo‘llar asfalsiz, g‘adir-budur». 

Chet elda unday emas

Ayni paytda turli davlatlarda yashayotgan o‘zbekistonlik onalar ham o‘zlari yashab turgan davlatda bola bilan qanday harakatlanish mumkinligi haqida ma’lumot berishdi.

Malika Ziyodullayeva, Janubiy Koreyada yashaydi:

«Koreyada kolyaska bilan yurish juda qulay. Har bitta metro stansiyasi oldida pastga olib tushadigan lift bor. Avtobusda ham aravachalar uchun maxsus joylar bo‘ladi».

Lobar Bahodirovna, AQShda yashaydi:

«Amerikada yangi mahalla qurilsa va butun mahalla bo‘ylab yo‘lakcha qilinmagan bo‘lsa, u yerda odam yashashiga ruxsat berilmaydi. Hamma metro stansiyalarida bolalar va kattalar aravachalari uchun mo‘ljallangan maxsus liftlar bor».

Shodiyabegim Sharofiy, Fransiyada yashaydi:

«Bu yerda bolani aravachada olib yurish juda qulay. Uyimdan 15 km uzoqlikdagi savdo markaziga ham bemalol bolam bilan birga borib kela olaman. Avtobuslarda aravachalar uchun maxsus joylar bor».

Shahnoza Samadova, Janubiy Koreyada yashaydi:

«Koreyada nogironlar aravachada istagan joyiga bora olishadi. Har bir binoning kirish joyiga ahamiyat berilsa, unda aravachalar harakatlanishi inobatga olingan. Metro ichida vagonlarga kirishda ham aravachalar uchun sharoit qilingan». 

Aravachaga o‘tira olmagan quruvchilar

Yaqinda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Yangi Andijon shahridagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirib, aravachalar uchun noqulay yo‘laklarda quruvchilarni aravachada yurishga majburlagandi. Hali qurilishi tugamagan hududda ham aravacha bilan yurish imkoni yo‘qligi qurilish tashkiloti uchun juda uyatli holat.

Hududlarda infrastrukturaga mas’ul odamlarni aravachaga o‘tqazish bilan birga qo‘liga bolalar aravachasi va bola berib, qanday harakatlana olishini tanasida his qildirib ko‘rish kerak. 

Hatto poytaxtda ko‘chalar o‘ta noqulay

Poytaxtning o‘zida ham 2 qadam nariga qiynalmasdan borish imkonsiz: yo‘lusti ko‘priklariga chiqish uchun o‘rnatilgan liftlar aksar hollarda ishlamaydi, metroning ichida panduslar yo‘q, tekis va aravachada yurish mumkin bo‘lgan yo‘lakchalar deyarli yo‘q.

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahridagi ijtimoiy infratuzilma obektlari va binolarning 85 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashmagan.

Kun.uz tayyorlagan mana bu reportajda aravacha bilan yurish ilojsiz ekanini ko‘rish mumkin. Nogironligi bor shaxslar uchun noqulay shahar onalarning ham bolasini erkin aylantirib, biror manzilga qiynalmay borib kelish imkoniyatlarini cheklayapti, afsuski. Qisqacha aytganda, noqulayliklar onalarni uyga qamab qo‘yyapti. 

Uyda qolayotgan onalar

Onalarning og‘riqli muammosini ko‘targanimiz bilan yo‘llarda trotuarlar qurilib, ularning hammasi birdaniga onalar uchun qulay bo‘lib qolmaydi. Bo‘lmasa, «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasi» ratifikatsiya qilinganiga bir yildan oshgan bo‘lsa hamki, shaharlar infratuzilmasida jiddiy o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Muammo ko‘tarilgani bilan mas’ullar «ha, ayollarning shunaqa muammosi ham bor ekan», deb o‘ylab qolishlariga ishonch kam. Lekin ular bilib qo‘yishlari kerak: ularning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi sabab qanchadan qancha onalar ko‘chada bolasi bilan erkin harakatlana olmaydi, uyda yoki uy atrofidan nariga o‘tolmaydi. Bu esa ularning kayfiyatiga, ijtimoiylashuviga ta’sir qilishi, stresslarga olib kelishi mumkin. Stressli ona qo‘lida katta bo‘lishi mumkin bo‘lgan bolajonlar uchun esa ular ham javobgar.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzuga oid