Ukrainalik ikki fotojurnalist «Chegara bilmas muxbirlar» mukofotiga sazovor bo‘ldi
Mariupol voqealarini yoritgan Yevgeniy Maloletka va Mstislav Chernov «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining «Matbuot erkinligi uchun» mukofotini oldi. Marosimda Nobel mukofoti sovrindori Dmitriy Muratov so‘zga chiqdi.
Rossiya qo‘shinlari qurshovida bo‘lgan Mariupoldagi voqealarni yoritgan ukrainalik fotojurnalistlar Yevgeniy Maloletka va Mstislav Chernov «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro notijorat tashkilotining «Ta’sir» nominatsiyasi bo‘yicha «Matbuot erkinligi uchun» (Press Freedom Prize) mukofotiga sazovor bo‘ldi. Taqdirlash marosimi 12 dekabr, dushanba kuni Parijda bo‘lib o‘tdi.
«Frontdagi xavf-xatarlardan Parijning sokin muhitiga o‘tish qiyin. Qayerga bormaylik, Ukraina bizning qalbimizda. Mariupol haqida his-tuyg‘ularga to‘lib-toshmagan holda gapirishning iloji yo‘q. Bu butunlay xaos edi», - deya Mstislav Chernovning izohini keltirgan «Chegara bilmas muxbirlar» rasmiy Twitter-akkaunti.
Taqdirlash marosimida Ukraina madaniyat va axborot siyosati vaziri Aleksandr Tkachenko va 2021 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureatlaridan biri, «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov so‘zga chiqdi. Tkachenko ukrainalik jurnalistlarga og‘ir sharoitda qilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Muratov, shuningdek, so‘nggi 15 yil ichida dunyo bo‘ylab 1200 ga yaqin jurnalist o‘ldirilganini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni «diktatura yoki avtoritar rejimlar va mustaqil jurnalistika o‘rtasidagi qarama-qarshilikning yangi davri» deb atadi.
Chernov va Maloletka Mariupolga 24 fevralda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlangan kuni yetib kelishdi. Ular shaharning Rossiya qo‘shinlari qamalida qanday yashayotganini ma’lum qilib, o‘q otish natijasida yuzaga kelgan vayronagarchilikni tasvirga olishgan, mahalliy kasalxonalardagi shifokorlarning ishini yoritishgan, tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar borligini qayd etishgan. Jurnalistlar Mariupoldan 2022 yil 15 mart kuni gumanitar koridor ochilgandan keyin jo‘nab ketgan kolonna tarkibida chiqib ketishdi.
Yevgeniy Maloletka Deutsche Welle muxbiri bilan suhbatda qamaldagi Mariupolda kechgan faoliyati haqida gapirib berdi. Boshqa narsalar qatorida, u urush ramzlaridan biriga aylangan - otishma natijasida vayron bo‘lgan Mariupol tug‘uruqxonasidan kadrlar qanday olinganini aytib berdi.
May oyida Maloletka va Chernov DW'ning «So‘z erkinligi uchun» (Freedom of Speech Award) mukofotiga sazovor bo‘lishdi.
Chernov va Maloletkadan tashqari «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining «Matbuot erkinligi uchun» 2022 yilgi mukofoti hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan ikki matbuot xodimiga topshirildi. Ular eronlik jurnalist va huquq himoyachisi Nargiz Muhammadiy va nozik mavzularni yoritgani uchun vatanida «josuslik»da ayblanib sudlangan marokashlik tadqiqotchi jurnalist Umar Radiydir. Birinchisi «Jasorat uchun», ikkinchisi «Mustaqillik uchun» nominatsiyasida mukofot oldi.
Bu yilgi mukofotga dunyoning 15 davlatidan jami 15 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari nomzodi ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
09:59
Ukraina xandaqlarida taqiqlangan CS gazi izlari topildi
08:37
Sibiga: Ukraina qanchalik uzoqroq zarba bersa, urush shunchalik tezroq tugaydi
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024