O‘zbekiston | 14:53 / 23.12.2022
6671
7 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obektlari va korxonalarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Shiddatli taraqqiyot davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talablar keskin oshib bormoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda mamlakatimiz hududlarida yangidan-yangi ko‘p qavatli turar joy binolari, madaniy-ma’muriy va ishlab chiqarish, savdo hamda xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ish olib borayotgani elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 sentabrdagi “Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 523-sonli qaroriga muvofiq ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining maqbullashtirilgan mablag‘lari hisobidan Termiz shahri va Termiz tumanining bir qismini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli 110/35/6 kVli “Termiz” podstansiyasidagi 20 ming kVA quvvatdagi kuch transformatori 40 ming kVA quvvatli transformatorga almashtirildi. Buning natijasida Termiz shahridagi 15 ta mahallada yashovchi 18 103 ta xonadon va Termiz tumanidagi 6 ta mahallada yashovchi 4055 ta aholi sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi. 

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali ma’muriy binosiga “Sanoat texnik qurilma” MChJ tomonidan 40 kVtli quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi. Ushbu quyosh panellari yiliga 219 ming kVt/soat elektr energiyasi bilan binoni ta’minlaydi va 98 million 550 ming so‘mlik xarajat iqtisod qilinishiga erishiladi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari
Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

 “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obektlari va iqtisodiyot korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga doir keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Viloyat hududida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali ishchi-xodimlari tomonidan 30 ta mahalla va qishloqlarda 146 km 700 metr uzunlikdagi elektr tarmoqlari tortildi va 30 ta transformator punktlari yangidan o‘rnatildi. Bundan tashqari, dastur asosida 2457 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatildi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Jumladan, Angor tumanidagi “Qorasuv” va “Gulzor”, Bandixon tumanidagi “Bektepa” va “Qo‘rg‘on” aholi punkti, Boysun tumanidagi “To‘da” va “O‘rmonchi” MFY, Denov tumanidagi “Chorgul” va “Oxtom”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Maslahattepa” va “Zartepa”, Qiziriq tumanidagi “Qishloqozon”, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Nurli diyor” va “Islomobod”, Muzrabot tumanidagi “Duoba”, “Gulobod”, Oltinsoy tumanidagi Navro‘z” va “Botosh”, Sariosiyo tumanidagi “Ehtirom” va “Nurbuloq”, Termiz tumanidagi “Bunyodkor” va “Kelajak”, Termiz shahridagi “Bog‘ishamol” va “Chegara”, Uzun tumanidagi “Oqostona” va “Uzunqishloq”, Sherobod tumanidagi “Bog‘ibod” va “Boyqishloq”, Sho‘rchi tumanidagi “Oqtumshuq” va “Hurlik” MFYlarida olib borilgan qurilish-montaj ishlari mazkur hududlarda elektr energiya ta’minotini yaxshilash imkonini berdi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, jamiyatga qarashli elektr tarmoqlari va qurilmalarini kuz-qish mavsumi oldidan 6462,1 km 0,4-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari, 1790 dona transformator punktlari, 35-110 kV podstansiyalardagi 37 dona 35-110 kV o‘chirgichlarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 1944 km elektr tarmoqlari va 565 dona transformator punktlarida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. 

Mavsum davomida zaxira quvvat yaratish maqsadida Jarqo‘rg‘on tumanidagi 110/35/10 kV “Jarqo‘rg‘on” podstansiyasidagi quvvati 16000 kVA bo‘lgan kuch transformatori yangi 25000 kVA quvvatli kuch transformatoriga, Boysun tumanidagi 110/35/10 kV “Olmazor” podstansiyasidagi quvvati 6300 kVA kuch transformatori 16000 kVA quvvatlisiga, Termiz shahridagi 35/6 kV “MVZ” podstansiyasidagi quvvati 2500 kVA bo‘lgan kuch transformatori 10000 kVA quvvatlisiga, Uzun tumanidagi 35/10 kV “Qoratog‘” podstansiyasidagi quvvati 4000 kVA bo‘lgan kuch transformatori 6300 kVA quvvatlisiga, Oltinsoy tumanidagi 35/10 kV “Botosh” podstansiyasidagi quvvati 2500 kVA bo‘lgan kuch transformatori 4000 kVA quvvatlisiga almashtirilishi natijasida ushbu podstansiyalardan chiqqan kuch transformatorlari evaziga, har birining quvvati 2500 kVA bo‘lgan (2 dona 110 kV va 2 dona 35 kV) jami 4 dona kuch transformatorlari zaxirasi yaratildi. Bu boradagi ishlarni tez va sifatli amalga oshirishda jamiyat ishchi xodimlarining xizmatlari beqiyosdir. 

Shuningdek, Respublika ishchi guruhi tomonidan hududlarda birinchi navbatdagi dolzarb muammolar aniqlanib, elektr tarmoqlari va transformator punktlarini yangilash va rekonstruksiya qilish, og‘ir hududlarning elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida bayonnoma tuzildi. 

Tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarida olib boriladigan avariya-tiklash va qurilish ishlarini bajarish uchun jami 17 dona Yamabur maxsus texnikalari va 13 dona “Gazel” brigada maxsus texnikalari, 4 dona sinov-o‘lchov laboratoriya maxsus texnikasi, 3 dona avtokran va 2 dona shalandalar mavsumga shay holatga keltirildi. Tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarining tezkor-dispetcherlik guruhlarida tezkor xizmat ko‘rsatish elektromontyorlari va dispetcherlar tun-u kun navbatchilik tashkil qilgan. Ular tomonidan mavsum davomida favqulodda holatlar natijasida elektr tarmoq va qurilmalarda sodir bo‘ladigan nosozliklar tezkor bartaraf etilishi ta’minlanmoqda.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimida 1154 qisqa raqami tashkil etilgan. Ushbu raqamga qilingan murojaatlar hududlararo tegishliligi bo‘yicha yo‘naltirilib, belgilangan muddatlarda muammolarni bartaraf etish yo‘lga qo‘yilgan.

Bir so‘z bilan aytganda viloyatdagi aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obektlari va iqtisodiyot korxonalarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga jamiyatning barcha ishchi-xodimlari, tezkor qutqaruv brigadalari safarbar etilgan. Bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar esa iste’molchilar talab va istaklarini qondirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Zero, uzluksiz elektr energiyasi ta’minoti odamlar kayfiyati, ularning farovon hayotini belgilovchi muhim omillardan sanaladi.

Mavzuga oid

E`lonlar