Bayram kunlari elektr va gazdan qarz bo‘lganlar tarmoqdan uzilmaydi
Energetika vazirligi bayram kunlarida o‘zbekistonliklarni energiya resurslari bilan ta’minlash borasida ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, bayram kunlari gaz va elektrdan qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilar tarmoqdan uzilmaydi.
Xabarda aytilishicha, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalar va markazlar barqaror ishlashini ta’minlash uchun kuniga o‘rtacha 47-48 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shuningdek, stansiyalar uchun 70 ming tonna mazut va 230 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratilgan. Hududlardagi barcha ko‘mir omborlariga ko‘mirni uzluksiz yetkazib berish ta’minlanadi.
Bayram kunlari iste’molchilarga kuniga o‘rtacha 155 mln kub metr tabiiy gaz, 2 ming tonna suyultirilgan gaz, 5000 tonna avtobenzin, 5000 tonna ko‘mir hamda 235 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilishi ta’minlanadi.
Vazirlik bayonotida yozilishicha, bayram kunlari elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada pasayadi, chunki ta’lim muassasalari va bir qator ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtadi. Shu munosabat bilan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi aholiga va ijtimoiy soha obektlariga yo‘naltiriladi.
Tarmoqlarda nosozlik holatlari yuzaga keladigan bo‘lsa, hududlar bo‘ylab elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tun-u kun ishlaydigan 1200 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlaydilar.
Bayram kunlarida aholi iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlik uchun tarmoqdan ajratilmaydi. Iste’molchilar ushbu resurslar uchun bayram kunlari ham onlayn ravishda to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.
Mavzuga oid
10:18 / 02.11.2024
Chiqindidan qarzdorlar “svet”ga to‘lov qilolmaydi. Mas’ullar yangi tizim tartibini tushuntirdi
10:10 / 01.11.2024
Ikki hududda elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
12:10 / 31.10.2024
Nurafshonda yarim milliard so‘mdan ortiq elektrdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
07:30 / 31.10.2024