Bolgariya Turkiyaning gaz uzatish tarmog‘idan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi
Bolgariyaning «Bulgargaz» va Turkiyaning «Botash» shirkati 13 yillik shartnoma imzoladi. Bitim Sofiyaga Rossiyadan gaz yetkazib berishni almashtirishga yordam beradi.
Bolgariya uzoq muddatli shartnoma asosida suyultirilgan tabiiy gaz (STG) terminallari va Turkiyaning tabiiy gaz uzatish tarmog‘iga kirish huquqini qo‘lga kiritdi. Bolgariyaning davlat gaz shirkati "Bulgargaz" va "Botash" turk gaz transport kompaniyasi 3 yanvar, seshanba kuni 13 yillik muddatga shartnoma imzoladi.
Hujjat Sofiyada ikki kompaniya rahbariyati, shuningdek, Bolgariya texnik hukumati energetika vaziri Rosen Xristov va Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Do‘nmez ishtirokida qabul qilindi.
Xristovning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Bolgariyada STGni tushirish uchun yetarli infratuzilma yo‘qligi muammosini hal qiladi.
«Ushbu kelishuv tufayli biz butun dunyo bo‘ylab ishlab chiqaruvchilardan gaz sotib olish va Turkiya hududiga tushirish imkoniyatini yaratamiz», dedi u. Shundan so‘ng Bolgariyaga xomashyo "Botash" tarmog‘i orqali yetkazib beriladi.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlaridan oldin Bolgariya deyarli butunlay rus gaziga qaram edi. Amaldagi kelishuv Turkiyadan Sofiyaga yiliga 1,5 milliard kub metrgacha tabiiy gaz yetkazib berishni nazarda tutadi.
2022 yil aprel oyida Rossiya Sofiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Bolgariya Yevropa Ittifoqi davlatlarini rus gazi uchun rublda to‘lamaslikka chaqirgan Yevropa komissiyasining yo‘nalishiga ergashdi, rublda to‘lovlarni amalga oshirishni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin talab qildi.
Bolgariya Ozarboyjondan gaz sotib olgan Yevropa Ittifoqining uchta davlatidan biri edi. «Interfaks» 2022 yil avgustida xabar qilganidek, IGB (Interconnector Greece-Bulgaria) quvurining ishga tushirilishi Bolgariyaga Ozarboyjondan gaz olishni yiliga 1 milliard kub metrgacha oshirish imkonini berishi kerak edi. Sofiyaning qolgan yiliga 3 milliard kub metrdan ko‘proq ehtiyoji Gretsiyadan STG importi hisobiga qoplanishi kerak edi.
Rossiya Federatsiyasining Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan so‘ng, ko‘plab Yevropa davlatlari Rossiyadan energiya manbalaridan foydalanishdan butunlay voz kechish va ularni boshqa mintaqalardan yetkazib berish bilan almashtirishni maqsad qilib qo‘yishdi.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
12:50 / 28.10.2024