Bloomberg: Rossiya nefti bozor narxidan ikki barobar arzonga sotilgan
G‘arb Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar kiritganidan keyin Xitoy, Hindiston va Turkiya ushbu xomashyoning yagona yirik xaridorlari bo‘lib qoldi, deb yozadi Bloomberg.
Rossiyaning Urals markali nefti 6 yanvar kuni bir barrel uchun 38 dollardan pastroq narxda sotildi, bu bozor narxidan ikki barobar arzon degani, deb yozadi Bloomberg 9 yanvar, dushanba kuni. Bu Moskvaning Ukrainadagi urushni moliyalashtirish qobiliyatini kamaytirish uchun "katta yettilik" tomonidan kelishilgan Rossiya nefti narxining chegarasidan pastroqdir.
Xomashyo narxlari rivojlanishini tahlil qiluvchi Argus agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya eksportining asosiy qismini tashkil etuvchi Urals markali neft 6 yanvar kuni Primorsk portida bir barrel uchun 37,80 dollardan sotilgan bo‘lsa, Brent nefti bir barreli shu kuni 78,57 dollardan sotildi.
«Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Rossiyaning Xitoy va Hindistonga qaramligini oshirishga olib keldi», deb ta’kidlaydi Bloomberg nashri. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda ushbu ikki davlat, shuningdek, Turkiya Rossiya neftining yagona yirik xaridori hisoblanadi. Agentlik kuzatuvlariga ko‘ra, Rossiya Yaqin Sharqdagi yetkazib beruvchilar bilan raqobatlashish uchun o‘z neftini arzonroq narxda sotishga majbur.
Yevropa Ittifoqining Rossiya neftini dengiz orqali yetkazib berishga qo‘ygan embargosi 2022 yil 5 dekabrda kuchga kirdi. Xuddi shu kuni "katta yettilik" mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi va Avstraliya tomonidan belgilangan Rossiya neftiga narx chegarasi ishlay boshladi. O‘z navbatida, Rossiya shartnomalarida narx chegarasi qo‘llanilishi nazarda tutilgan mamlakatlarga xomashyo sotilmasligini e’lon qildi.
Mavzuga oid
15:35 / 05.11.2024
Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik 5 yilga qamaldi
09:50 / 05.11.2024
Rossiya KXDRga harbiy yordam uchun 600 000 tonna guruch taklif qilmoqda
09:30 / 05.11.2024
Rossiyadagi «vatanparvarlik aksiyalari» 91 mlrd rublga tushdi
01:01 / 05.11.2024