Jahon | 10:04 / 11.01.2023
2353
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki global iqtisodiy o‘sish prognozini keskin pasaytirdi

Jahon banki tomonidan 2023 yilda kutilayotgan 1,7 foizlik global iqtisodiy o‘sish so‘nggi 30 yildagi eng zaif ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Jahon banki 10 yanvar, seshanba kuni global iqtisodiy o‘sish prognozlarini 3,0 foizdan (2022 yil iyun oyidagi prognoz) 1,7 foizga tushirdi. Bu 2009 va 2020 yillardagi inqiroz yillaridan tashqari so‘nggi 30 yildagi eng past ko‘rsatkichdir.

Qayd etilishicha, Ukrainadagi urush va milliy markaziy banklar tomonidan foiz stavkalarining oshishi tufayli ko‘plab mamlakatlar tanazzul yoqasida turibdi. Shu tariqa, sanoati rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari sezilarli darajada pasayadi, deb hisoblaydi tashkilot ekspertlari. Xususan, AQSh, shuningdek, yevrohudud davlatlari uchun o‘sish sur’atlari bor-yo‘g‘i 0,5 foizni tashkil etadi, deydi Jahon banki tahlilchilari.

Shu bilan birga, prognoz geosiyosiy keskinlikning navbatdagi bosqichi yoki koronavirus pandemiyasining yangi avj olishi kabi kutilmagan zarbalar natijasida boshlanishi mumkin bo‘lgan global retsessiyadan qo‘rqishni bildiradi.

Rivojlanayotgan mamlakatlar investitsiyalarning chiqib ketishi muammosiga duch kelishi mumkin, bu prognozda aytiladi. Hozirning o‘zida bu davlatlar katta miqdordagi davlat qarzi va zaif milliy valutadan aziyat chekmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti 2023 yilda 4,3 foizga o‘sadi. Bu 2022 yil iyun oyidagi prognozda kutilganidan 0,9 foizga kam. Koronavirusga qarshi kurashda qo‘yilgan qat’iy cheklovlar, shuningdek, ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat va talabning pasayishi tufayli Xitoy yalpi ichki mahsuloti 2022 yilda atigi 2,7 foizga o‘sdi, bu 1970-yillarning o‘rtalaridan beri eng zaif ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

Rossiya iqtisodiyoti, Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2023 yilda 3,5 foizga pasayganidan so‘ng, 2023 yilda 3,3 foizga qisqaradi. 2022 yil iyun oyida Rossiya yalpi ichki mahsuloti 2023 yilda 2 foizga qisqarishi kutilgan edi.

Mavzuga oid