O‘zbekiston | 20:35 / 13.01.2023
3221
3 daqiqa o‘qiladi

Jiddada O‘zbekistonning 17 ta eksponati namoyish etiladi

23 yanvardan 23 aprelgacha Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Islom san’ati bo‘yicha birinchi Biyennale bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning 27 ta eksponati namoyish etiladi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi

Tadbir Diriy biyennale fondi va Saudiya Arabistoni Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar bermoqda..

Biyennalening bosh mavzusi “Avval bayt” deb nomlanib, u arab tilida “birinchi uy” degan ma’noni bildiradi. Avval Bayt – Qur’oni karimda keltirilgan ibora bo‘lib, u musulmonlarning eng muqaddas maskani – Makkadagi Ka’baga nisbatan qo‘llaniladi.

Tashkilotchilarning qayd etishicha, tadbir an’analarni saqlashni qo‘llagan holda, innovatsiyalarni ilgari suradi. Unda san’at sohasidagi ma’naviy izlanishlar uning barcha ko‘rinishdagi badiiy ifoda va shakllarida taqdim etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston tarixiy merosini Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tanishtiradi.

“Islom san’ati biyennalesida O‘zbekistonning bebaho eksponatlari turkumini tanishtirish biz uchun katta sharaf. Yurtimizning boy merosini xalqaro hamjamiyatga namoyish etish hamda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining muhim vazifasi hisoblanadi. Biyennaleda ishtirok etish – bu ishlarni amalga oshirish uchun ajoyib imkoniyatdir”, – deydi Jamg‘arma kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva.

Jiddadagi ko‘rgazmada O‘zbekiston madaniy merosini aks ettiradigan 17 ta eksponat namoyish etiladi. Islom olamining muhim qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan VIII asrga oid Kattalangar Qur’onining bir necha sahifasi, XVII asrga oid “Imom al-Buxoriyning Al-Jome’ as-Sahih” hadislar to‘plami, Samarqand va Afrosiyobning X-XII asrlarga oid sopol ko‘za va kosalari, milliy liboslar, poyabzallar va boshqa noyob eksponatlar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerovaning ma’lum qilishicha, islom san’ati biyennalesi – ushbu nodir madaniyat bilan bog‘liq loyihalarni namoyish etish imkonini beruvchi muhim xalqaro tadbirdir.

“O‘zbekiston boy tarixga ega, o‘tmishimizning aksariyat qismi islom an’analari bilan chambarchas bog‘liq. Mamlakatimiz tomonidan namoyish etilayotgan eksponatlar jahon hamjamiyatining ularni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan”, – deydi u.

Biyennale doirasida jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston madaniy merosi bilan tanishtirishga qaratilgan keng ommaviy dastur tashkillashtiriladi. U munozaralar, musiqiy chiqishlar, kino namoyishlar va amaliy darslarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, an’anaviy musiqiy asboblar jo‘rligida “O‘lim minorasi”(1924) nomli ovozsiz film, “Al-Buxoriy” (1998) ham namoyish etilib, kulolchilik, so‘zana va boshqa mavzular bo‘yicha mahorat darslari va boshqa tadbirlar ham tashkil etiladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid