Jahon | 22:55 / 13.01.2023
4106
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp kompaniyalari soliq to‘lamagani uchun 1,6 million dollar jarimaga tortildi 

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga tegishli kompaniyalar katta miqdorda jarimaga tortildi. 

Foto: AP

Donald Trampning Trump Organization tashkilotiga kiruvchi ikki kompaniya soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun 1,6 million dollar miqdorida jarimaga tortildi. Bu maksimal jarima bo‘lib, kompaniyalar tomonidan to‘lanmagan soliqlar miqdoridan ikki baravar ko‘pdir. Bu haqda Associated Press xabar berdi. 

Sud qarori bilan Trump Corp. 810 ming dollar, Trump Payroll Corp. esa 800 ming dollar jarimaga tortildi. Sud qaroriga izoh berar ekan, Trump Organization vakili hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaganini, shu sababli jarimalar ustidan shikoyat qilishini aytdi. 

«Nyu-York shahri dunyoning jinoyat va qotillik poytaxtiga aylandi va bu siyosiy motivli prokurorlar Trampni qo‘lga olish uchun hech narsadan to‘xtamaydilar. U o‘z prezidentligini e’lon qilgan kunidanoq ta’qiblarga uchramoqda», deyiladi bayonotda. 

Trump Organization va uning sobiq moliya direktori Allen Vaysselbergga 2022 yil iyul oyida ayblov e’lon qilingan edi. Ayblov hukmi 17 ta bandni o‘z ichiga oladi, jumladan, soliqqa oid firibgarlik, xo‘jalik yurituvchi sub’yekt hujjatlarini qalbakilashtirish, bank va sug‘urta operatsiyalarida firibgarlik, foyda olish maqsadida ko‘chmas mulk qiymatini oshirib yuborish yoki past baholash. 

2023 yilning 11 yanvarida Trump Organization sobiq moliya direktori soliq firibgarligi uchun besh oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 

Mavzuga oid