17:45 / 17.01.2023
27754

Filippin 90-yillardagi elektr energiyasi inqirozidan qanday chiqib keta oldi?

1990-yillar so‘ngiga kelib, Filippinning elektr energetikasi tizimi moliyaviy jihatdan zaif holatga kelib qolgan edi. Bu inqirozdan chiqib ketish yo‘lini qidirib, mamlakat 2001 yilda jiddiy o‘zgarishlar qilishga kirishdi va ijobiy natijalarga erishdi.

Foto: KUN.UZ

Filippinda 2001 yilgacha elektr energiyasi davlat korxonasi hisoblangan. Odamlar monopollashgan Milliy energetika korporatsiyasi (NPC) ishlab chiqargan energiyani iste’mol qilgan. Bu monopollashuv, bozor qoidalariga amal qilinmasligi oqibatida mamlakat elektr energiyasining surunkali tanqisligiga uchragan.

Xo‘sh, bu muammo qanday yechildi?

Hukumat elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish uchun mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar (IPP) uchun elektr ishlab chiqarishni bozor qoidalari asosida amalga oshirishni qo‘llab-quvvatladi.

Filippinda elektr energetikasi tizimida amalga oshirilgan islohotlar

Tizimda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilarning paydo bo‘lishi (IPP) va ular elektrning asosiy qismini ishlab chiqarishi, xorijiy valuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i narxining oshishiga mos ravishda elektr energiyasi narxlari ham bozor qonunlari asosida o‘sib bordi. Energetika tizimida bozor qonunlarining amal qilmasligi natijasida 1990-yillarning oxiriga kelib, Milliy energetika korporatsiyasi (NPC) moliyaviy jihatdan nochor ahvolga tushib qolgan edi. Bu 1997 yildagi Osiyo moliyaviy inqirozidan keyin o‘sib borayotgan xarajatlarga qaramasdan tarif stavkalarining oshirilmaganligi, shuningdek, talab pasayishi (tashqi qarz yukining yuqoriligi)ga bog‘liq bo‘lgan.

O‘zgarishlar nimadan boshlandi?

Hukumat 2001 yil «Elektr energetikasi tizimini isloh qilish to‘g‘risida» (EPIRA) qonun qabul qiladi. Unda quyidagi vazifalarni bajarish belgilanadi:

  • ishlab chiqarish va yetkazib berish tizimidagi davlat aktivlarini xususiylashtirish;
  • elektr energiyasi uchun tariflarni bozor qoidalariga muvofiqlashtirish;
  • tariflarni mustaqil tartibga soluvchi organ sifatida Elektr energiyasi narxlarini tartibga solish komissiyasini (EPC) tashkil etish;
  • elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish;
  • uzoq muddatli chakana iste’molni rag‘batlantirish;

Vazifalar aniqlab olingangach, elektr energiyasi uchun tariflarni belgilash va sohada davlat mulkini xususiylashtirishga bo‘lgan cheklovlarni olib tashlashga kirishildi. Shu orqali energetika sektorining davlat budjetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri kamaydi.

Biroq qonun qabul qilinishi elektr energetikasi tizimining moliyaviy barqarorligini darhol tiklamadi. 2001 yilda Elektr energiyasi narxlarini tartibga solish komissiyasi (ERC) tashkil etilgandi. Lekin bu tariflar o‘zgartirilmadi. Oqibatda Milliy energetika korporatsiyasi (NPC) ning moliyaviy taqchilligi ortib bordi. Boz ustiga, hukumatning ushbu komissiya ishiga doimiy aralashuvi islohotlarning kechikishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, 2000-yillarning o‘rtalariga kelganda ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish jarayoni boshlanmagani sababli Milliy energetika korporatsiyasi (NPC) mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar (IPP)dan elektr energiyasini qimmat narxlarda sotib olishi oqibatida zarar ko‘rishda davom etdi. Natijada, 2004 yilda Milliy energetika korporatsiyasining (NPC) moliyaviy taqchilligi YaIMning 1,5 foiziigacha o‘sdi.

1-diagramma. Makroiqtisodiy rivojlanish va elektr energetikasi tizimini subsidiyalash (YaIM yoki stavkaning foizi)

Arroyoning elektr energiyasi siyosati

2004-2005 yillarda tariflar kuchli siyosiy iroda tufayli sezilarli darajada oshirildi. 2003 yilga kelib, Filippin moliyaviy inqiroz yoqasida edi. Elektr energetikasi tizimidagi kamomad yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetdi. Mamlakat xarajati va tashqi qarzi oshishiga esa quyidagi omillar sabab bo‘ldi:

  • elektr energetikasi tizimi daromadlarining pastligi;
  • Milliy energetika korporatsiyasi (NPC)ning budjetdan ajratiladigan mablag‘larga qaramligi;
  • davlat tashqi qarzining YaIMga nisbatan 100 foizdan oshishi;
  • investorlar uchun elektr energetikasi tizimiga investitsiya kiritish ishonchining yo‘qolishi.

Arroyo ma’muriyati (2001-2010 yillarda Filippin prezidenti) energetika inqirozining oldini olish uchun kuchli siyosiy iroda ko‘rsatdi. 2004 yildagi prezident saylovidan ko‘p o‘tmay fiskal konsolidatsiya (budjet taqchilligi va qarzlarni kamaytirish) siyosati olib borildi. Islohotlar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va aksiz solig‘i stavkalarini oshirish, shuningdek, davlat xarajatlarini cheklash hamda daromadlar bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oldi. Shu nuqtayi nazardan, 2004 yilning oxiri va 2005 yilning boshlarida elektr energiyasi uchun tariflar 30 foizga oshirildi va bu Milliy energetika korporatsiyasi (NPC) moliyaviy taqchilligini 2005 yilda YaIMning 0,2 foizigacha qisqartirishda yordam berdi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar moliyaviy inqirozning oldini oldi.

Islohotlarning keyingi bosqichi

2003-2011 yillarda ham sohadagi islohotlar davom ettirildi. Xususan, elektr energiyasini ishlab chiqarishda xususiy sektorning roli oshdi, elektr energiyasining ulgurji bozorlari tashkil etildi. Chakana tarif stavkalari ishlab chiqildi, yetkazib berish va taqsimlash to‘lovlariga bo‘lindi. Iste’molchilarga subsidiya ajratish to‘xtatildi, shahardan uzoqda va rivojlanmagan hududlardagi foydalanuvchilar hamda kambag‘al oilalar uchun Kichik energiya kompaniyalari guruhi (SPUG) tomonidan beriladigan subsidiyalar joriy qilindi. Milliy energetika korporatsiyasi (NPC) tomonidan hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolardan biri bu — qaytarib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplash uchun to‘lovlarni qanday to‘lash bilan bog‘liq edi.

Yumshatish choralari

2004-2005 yillardagi islohotlar chog‘ida tariflar oshirilishining salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari uchun yengillik berildi. EPIRA qonuniga ko‘ra, kambag‘al uy xo‘jaliklari uchun subsidiya ajratish sifatida doimiy iste’mol tariflari stavkasi joriy qildi. Elektr energiyasi narxlarini tartibga solish komissiyasi (EPC) tomonidan 2006 yilga kelib, ko‘pgina elektr energiyasi iste’molchilari uchun «Hayotiylik tarifi» stavkasi tasdiqlandi. 3 million kambag‘al uy xo‘jaliklari ushbu tarif asosida 5 foizdan 50 foizgacha imtiyozdan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

Narxlarni belgilash, tartibga solish, elektr energetikasi tizimini xususiylashtirish va aholining kam ta’minlangan qatlamlari manfaatini inobatga olishga qaratilgan harakatlar sohaga ajratilayotgan subsidiyalarni qisqartirishga sabab bo‘ldi. Mustaqil elektr energiyasi regulyatorining tashkil etilishi narxlarni tartibga solishga qaratilgan siyosatdan voz kechishda yordam berdi. Xususiylashtirish energetika tizimining budjetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirini kamaytirganini ko‘rish mumkin. «Hayotiylik tarifi» islohotlarning kambag‘al uy xo‘jaliklariga salbiy ta’sirini kamaytirishda drayver bo‘ldi.

Islohotlarni amalga oshirish uzoq vaqt talab qildi. Bu elektr energetikasi tizimiga davlatning aralashuvi, xususiylashtirish hamda elektr energiyasi narxlarini tartibga soluvchi komissiya salohiyatini oshirish kabi institutsional muammolar bilan bog‘liq.

Islohotlar muvaffaqiyati hukumatning kuchli siyosiy irodasini namoyon etdi. Islohotlarning dastlabki bosqichida davlat kompaniyasining turli ko‘rinishdagi qarzdorligi ortib bordi. Bu esa mamlakatning umumiy fiskal barqarorligiga xavf tug‘dirdi. Narxlarni tartibga soluvchi mustaqil regulyator tashkil etilganidan keyin ham elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish muvaffaqiyatli kechmadi.

Tizimga bozor mexanizmlari faol tatbiq etilganidan so‘nggina davlat energetika kompaniyasining budjetga salbiy ta’siri kamaydi va elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berishda ijobiy natijalar ko‘zga tashlana boshladi.

Shohrux Ochilov,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi

Top