Urf-odatlar har qanday xalqning hayotida muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, to‘y va ma’rakalarda ular yaqqol ko‘zga tashlanadi. Vaqt o‘tgani sayin urf-odatlarni ham zamonga moslab borish lozimmi yoki ibtidoiy ko‘rinishda qoldirish kerakmi? Etnograf Adhamjon Ashirov bilan shu xususda suhbatlashdik.

— Har bir xalqning urf-odatlari va marosimlari millat qanday ekanini ko‘rsatuvchi etnik pasporti hisoblanadi. O‘zbeklarning marosimlarini katta uch turkumga bo‘lishimiz mumkin: Oilaviy, taqvimiy va diniy marosimlar.

Bu marosimlarning tarixiy o‘zagiga qaraydigan bo‘lsak, jamoaning o‘rni nechog‘lik muhim ekani ko‘zga tashlanadi. Tarozining bir pallasiga marosim ishtirokchilarining fikrini yana bir pallasiga jamoa fikrini qo‘yadigan bo‘lsak, jamoaning fikri tosh bosadi.

Chunki ajdodlarimiz azaldan jamoaviy hayot kechirgan. Aks holda, bu mintaqada hayot kechirish birmuncha og‘ir bo‘lgan. Vaqt o‘tib, turmush sharoiti yaxshilanib borgani sari urf-odatlar ham jamiyat hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni o‘ziga singdirib borgan.

Lekin so‘nggi vaqtlarda paydo bo‘layotgan an’analarning hammasini ham mazmun-mohiyatini bilmaymiz. Ularni odamlarga ko‘r-ko‘rona ergashib amalga oshiramiz.

— Bir millatga tegishli bo‘lsa-da, hududlarga bog‘liq holda urf-odatlarda farq bo‘ladi. Bunda o‘sha muhit, shart-sharoit rol o‘ynaydi, albatta. O‘zbekiston hududida voha va vodiy to‘y marosimlarida qanday tafovutlar bor?

— Urf-odatlar shakllanishida nafaqat xalqlarning qadriyatlari, balki geografik joylashuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun O‘zbekistonning janubiy qismi— Surxondaryo, Qashqadaryoda ko‘proq to‘y tantanalari, ayniqsa sunnat to‘yi katta e’tibor bilan o‘tkazilishini ko‘rishimiz mumkin. To‘y marosimlarida minglab odamlarni chaqirib uloq, ko‘pkari musobaqalari o‘tkazish keng ommalashgan.

Buxoro yoki Samarqandda azaliy o‘troq xalqlarga xos bo‘lgan an’analar, misol uchun tog‘aning o‘rni, kelin-kuyovning o‘rni, turli vazifalarni bajaruvchi odamlarga ko‘proq e’tibor beradi.

Vodiy tomonlarda esa islom dini bilan bog‘liq diniy an’analarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. To‘ylarda islomiy tarzda erkaklar va ayollarni alohida-alohida o‘tkazish bilan bog‘liq o‘ziga xos jihatlarni ko‘rishimiz mumkin.

Bularning negizida millatning o‘tmish tarixi, o‘zbeklarning o‘tmishi bilan bog‘liq turfa xil qarashlar, an’analar aks etgan. Umuman, o‘zbek xalqining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, to‘rtta diniy-mafkuraviy bosqichlarni bosib o‘tgan.