19:31 / 29.01.2023
33719

“O‘zbekistonda astronomiyani rivojlantirmoqchiman” – AQShdagi 4 ta oliygohga 300 ming dollarlik grant yutgan qiz

Farangiz Xolmatova Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining O‘qchi qishlog‘ida yashaydi. Hozirda 17-maktabning 11-sinfida tahsil olayotgan o‘quvchi qiz muddatidan avval AQShning 4 ta universitetiga qabul qilinib, 300 ming dollarga yaqin grant yutdi. Kun.uz bilan suhbatida u bu natijaga qanday erishgani haqida gapirib berdi.

Qahramonimizning aytishicha, u yanvar boshida 30 tadan ortiq xalqaro universitetlarga hujjat topshirgan. Hozircha shulardan 4 tasidan o‘qishga qabul qilinganlik haqida javob xatlari kelgan. Bitiruvchi qiz AQShda joylashgan The university of Ozarks (jami grant: $80 000), Seton Hall University (jami grant: $104 500), Hofstra University (jami grant: $112 000) hamda University of Delaware kabi oliygohlarga talabalikka tavsiya etilgan.

Farangiz Xolmatovaning aytishicha, uning xalqaro universitetga kirish uchun tayyorgarlik vaqti ayni karantinga to‘g‘ri kelib qolgan.

“Telefon olib berishgach, ko‘p narsalarni internetdan o‘rgana boshladim”

Oilada bir o‘g‘il, ikki qizmiz. Eng kattasi akam, undan keyin opam bor, u turmushga chiqib ketgan, keyin men. Akam ham oilali bir nafar farzandi bor. Umumiy hisobda, uyda men, akam, kelinoyim, jiyanim va ota-onam – jami 6 kishi yashaymiz. Eng kichik farzandman, ota-onam nafaqaga chiqqan.

Aynan biz o‘qiydigan yilga fransuz tili to‘g‘ri kelib qolgani uchun maktabimizda fransuz tili o‘qitiladi. 5-sinfdan beri fransuz tilini o‘qib kelamiz. Ingliz tilini 8-sinfda noldan boshlab o‘rganishni boshlaganman, o‘quv markazida 6 oy o‘qidim. Undan keyin 9-sinfga o‘tganimda karantin boshlanib qoldi, shu sabab bu darslarim to‘xtab qoldi. 10-sinfga o‘tayotganimda Farg‘onada prezident maktabi ochilishi kerak edi, prezident maktablari – xorij universitetlariga kirish uchun katta rag‘bat beradigan maskan bo‘lgani uchun shu yerga kirishni istagandim. O‘zim “self study” qilib, tayyorlanib yurdim. O‘sha vaqtda ham karantin davom etayotgandi. Ota-onam onlayn dars qilishim uchun telefon olib bergach, ko‘p narsalarni internetdan o‘rgana boshladim. Prezident maktabi imtihonidan o‘tish uchun matematikani You tube’dan o‘rgandim (Sardorxon Urfonxonovning You tube’da oq to‘plamdan o‘tgan darslari bor). Keyin maktabga kirish uchun testlarni topshirdim, birinchi bosqichdan o‘tdim ham, lekin ikkinchi bosqichda ozgina ball yetmay qoldi.

Prezident maktabiga kirolmagach, hujjatlarimni Toshkentdagi 5 ta litseyga topshirib qo‘ygandim, hammasiga kirdim, shundan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi akademik litseyni tanladim. Borib bir muddat o‘qidim ham, ammo moliyaviy sabablar tufayli Farg‘onaga qaytib ketishga majbur bo‘ldim, keyin 17-maktabimda o‘qishni davom ettirdim.

Farg‘onaga qaytib borganimdan keyin o‘qituvchilarim yaxshigina qo‘llab-quvvatlashdi. Shaxsiy kompyuterim yo‘q paytlarda ustozlarimiz o‘zining kompyuterini berib, vaqtlarini ajratishdi. Xorij universitetlariga hujjat topshirish jarayonida o‘qituvchilarning ham o‘rni juda katta. Ularning nomidan tavsiyanomalarni yuklash kerak bo‘ladi. Shunda ham hech kim yo‘q demadi, meni yaxshi biladigan o‘qituvchilarim nomidan bemalol tavsiyanoma tashlashga muvaffaq bo‘ldim. Mana shu tomondan ayniqsa katta yordam berishdi.

“Qozog‘istonga borib, imtihon topshirish oson emas ekan, bunga ota-onamni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi”

Chet el universitetlariga kirishim uchun IELTS imtihoniga ham tayyorlanishim kerak edi. Biz tomonda bu bo‘yicha mutaxassislar yo‘q, buning ustiga o‘sh paytda pandemiya boshlangandi. Butun boshli Qo‘qonda SAT’dan ham dars beradigan o‘qituvchini topib bo‘lmaydi, yashayotgan joyimni aytmasa ham bo‘ladi. Menda o‘qib, tayyorlanish uchun yetarlicha resurslar yo‘q edi, shuning uchun You tube va Google’dan izlab IELTS va SAT imtihoniga o‘zim tayyorlanishga majbur bo‘ldim. Internetdan manba qidirishga ham harakat qildim, xorijda o‘qiydigan talabalar bilan bog‘lanib, ulardan ham ma’lumot oldim. Undan keyin IELTS’ga imtihon topshirdim, yaxshi tayyorlanishga ulgurmagandim, shuning uchun 6,5 ball oldim.

Bu natija menga yomonroq ta’sir qildi, keyin SAT’dan qattiq tayyorlanishni boshladim. O‘zbekistonda SAT’dan imtihon topshirish mumkin bo‘lgan 2 ta o‘quv markazi bor edi, hozir endi 4 ta bo‘ldi. Ular to‘lib qolganidan keyin Qozog‘istonga borib topshirish mumkin edi xolos. Ayni shu yo‘nalishda mutaxassis Hasanxo‘ja Muhammad Sodiq degan ustoz bor, mana shu odam har safar imtihon topshiruvchilarni Qozog‘istonga olib-borib keladi. Shu odamning Telegram-kanalini kuzatayotganimda shunday e’lonni ko‘rib qoldim, keyin zudlik bilan ro‘yxatga qo‘shilish uchun so‘rov jo‘natdim. To‘lovini qildik va barcha borish-kelish, transportlar, ovqatlanishni tashkil qilib berishdi.

Qozog‘istonga borib, SAT’dan imtihon topshirish oson emas ekan, bunga ota-onamni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi. Ro‘yxatdan o‘tganimdan keyin ham uydagilarimga qo‘shni davlatga borishimni aytmagandim, ular meni Toshkentga borib keladi deb o‘ylashayotgandi. Keyin sekin-asta vaziyatni tushuntirdim, shunda o‘qituvchining oldiga yetib borgunimcha ota-onam kuzatib qo‘yishdi.

Imtihonga kirib chiqdim ham, jami 1600 balldan 1230 ballni to‘pladim. Bu – yaxshi natija edi. Menimcha, maktabda matematika yaxshi o‘rgatilgani va onlayn darslarni kuzatganim uchun SAT’dan eng yuqori ballni aynan matematikadan oldim. Aslida ingliz tili fanidan ham yaxshigina shug‘ullangandim, ammo matematikadan olgan bilimim juda katta yordam berdi, deb o‘ylayman.

“Bizda qishloq sharoiti bo‘lgani uchun vaqtimizni juda ko‘p o‘qishga sarflash qiyin”

Uy yumushlaridan tashqari, dars qilishga yozda issiq, qishda esa sovuq xalal berar edi. Imtihon, hujjat topshirish muddatlari yaqinlashgani sari odam qattiqroq tayyorlanishni boshlarkan, kechasi uxlamasdan bo‘lsa-da, dars qilardim. Kechki soat 8:10 larda uxlab, yarim tundan keyin soat 2 larda turib, bomdodgacha dars qilardim. Chunki kechki 2 dan keyin menga uyqu kelmaydi, avtomatik uyg‘onaveraman, miyamda “brainstorming” boshlanadi. Bomdod namozidan so‘ng, darslarimni tushgacha davom ettiraveraman. Dars qilishni ham yarim-yarim soatdan ingliz tili va matematikaga ajratganman, shunga qarab o‘rganaman. Undan keyingi vaqtimni uy ishlariga sarflayman. Bizda qishloq sharoiti bo‘lgani uchun vaqtimizni juda ko‘p o‘qishga sarflash qiyin.

Ta’tilda ham vaqtimni ko‘proq dars qilishga ketkazishim kerak edi, vaqtida dugonalarim aylanishga, ko‘ngilxushlik uchun sayrga taklif qilishardi. Bu narsalar bo‘lishi kerak, ammo takliflarni asosan rad etishimga to‘g‘ri kelgan. Bunday vaqtda cheklanishga majbur bo‘lganman. Hatto, uyimga chiqib, so‘rab kelganlarga: “meni yo‘q deb yuboringlar”, der edim. Chet el OTMga kirish uchun qishloqda umuman “yo‘q bo‘lib qolishga” majbur bo‘lganman.

Xorij universitetlariga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlikni oldinroq boshlash kerak ekan. Aytaylik, 7-8-sinflardan. Chunki bunda abituriyentning IELTS, SAT sertifikatlaridan tashqari, maktablardagi baholar, yutuqlar, tanlovlarga qatnashgani, uning faolligi, xalqaro klublarga a’zoligi ham muhim ahamiyatga ega.

“Maqsadim – O‘zbekistonda astronomiyani rivojlantirish”

To‘g‘risini aytsam, boshida menda xorijga topshirish fikri umuman yo‘q edi. O‘zbekiston davlat jahon tillari yoki Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlariga kiraman deb yurgandim. 9-sinfgacha shu xayol bilan o‘qib yuraverdim. Shu sinflardan boshlab astronomiyaga qiziqa boshladim. Bilasiz, O‘zbekistonda bu yo‘nalishda OTM ham yo‘q. Keyin astronomiya va shu yo‘nalishdagi oliygohlar qayerda borligini internetdan qidirdim. O‘shanda You tubeʼda Harvard universiteti haqidagi, o‘quv binosi ichida olingan videoni ko‘rib qoldim. Menda AQShdagi universitetlarda o‘qishga qiziqish paydo bo‘la boshladi. O‘zim geografiya fanidan olimpiadalarga chiqib yuraman, Amerikani geografik tomondan ham o‘rgandim. Oliygohlari bilan tanishib chiqdim. Menga Amerikada o‘qish qandaydir qulayroq tuyuldi. Shuning uchun aynan astronomiya yo‘nalishi uchun u yerga ham hujjat topshirdim. Bu universitetlardan tashqari, TOP oliygohlarga “regular deicison deadline”(bu – xorij universitetlariga 1 yanvarda hujjat topshirib, qabul qilingan yoki aksiligini martning oxiri aprelning boshida bilish mumkin bo‘lgan muddat)ga topshirdim, yana 30 tacha universitetlardan javoblarni kutyapman, ular orasida boshqa davlatlarning OTMlari ham bor. Hamma javoblarni olgach, universitet mavqeyi va bergan grantiga qarab vizani olib, o‘qishga ketaman.

Avvaliga bu qarorimni eshitgan ota-onam o‘ylanib, “qiz bolaning o‘zini jo‘natish to‘g‘rimi yoki yo‘q?” – deyishdi, lekin keyin shu 4 ta universitetlar qabul qilganini eshitib, odamlar menga ishonayotganini ko‘rgach “mayli, qizim, harakatingni qilaver, bu yerdan pulning harakatini qilib, o‘zing xohlagan universitetingga kirganingdan so‘ng ruxsatni beraveramiz”, deyishyapti. Yaxshi universitetga kirib, ishonchlarini oqlasam, albatta, jo‘natishadi.

Hozircha astronomiya yo‘nalishida qaysi kasb egasi bo‘lishimni hal qilganimcha yo‘q, chunki xorijga borgach kompyuter texnologiyasida ham o‘qishni niyat qilganman. Lekin aniq bir maqsadim bor, bu – O‘zbekistonga qaytib kelib, astronomiyani rivojlantirish va ilm-fan, tadqiqotlar bilan shug‘ullanish uchun observatoriyalar qurish.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top