18:30 / 02.02.2023
18236

256 metrlik to‘g‘on va arzon energiya. Qambarota-1 GES qurilishidan kutilmalar

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokida qurilishi rejalashtirilgan Qambarota-1 gidroelektr stansiyasi yiliga 6 mlrd KW-soat elektr energiyasini ishlab chiqarishi kutilmoqda. Buning uchun hajmi 5,4 mlrd kub metrga teng suvni saqlaydigan balandligi 256 metrlik to‘g‘on quriladi. Megaloyiha suv resurslarining to‘g‘ri taqsimlanishiga ham hissa qo‘shadi, shuningdek har yili 234 mln dollarlik energiya eksport qilish imkonini beradi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

26-27 yanvar kunlari Bishkekdagi uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikki davlat aloqalarini keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdi. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Javohir Badalovga ko‘ra, tashrif davomida imzolangan eng muhim hujjatlardan biri Qambarota-1 GESni birgalikda qurish bo‘yicha kelishuv hisoblanadi.

«Fikrimcha, o‘tgan tashrifning asosiy voqealaridan biri bu Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish bo‘yicha kelishuvga erishilishi bo‘ldi. Xususan, tashrif arafasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi. 6 yanvar kuni Bishkekda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolangan edi.

Unga ko‘ra, balandligi 256 m bo‘lgan to‘g‘on va hajmi 5,4 mlrd kub metrga teng suv ombori, 1860 MW quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Qurilayotgan GES yiliga 5,6 mlrd KW-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda», – deydi mutaxassis Kun.uz’ga taqdim qilgan maqolasida.

GES nafaqat jalb qilingan mamlakatlar, balki butun mintaqa uchun ham ilg‘or loyiha hisoblanadi.

«Gidroelektr stansiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u mintaqaning yaqin tarixida uchta mamlakat ishtirokida amalga oshirilishi kutilayotgan birinchi qo‘shma megaloyihadir. Tomonlar yiliga 930 mlrd KW-soatni tashkil etadigan Markaziy Osiyoning kuchli gidroenergetika salohiyatini ishga solish uchun sa’y-harakatlarini birlashtirmoqda. Shu bilan birga, ko‘rilgan choralarga qaramay, bugungi kunda u atigi 11 foiz o‘zlashtirilgan.

Shubhasiz, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini ishga tushirish masalasi arzon va ekologik toza energiyaga bo‘lgan ehtiyojning barqaror o‘sishi fonida dolzarbligi ko‘rinib turibdi. Bu birinchi navbatda mintaqada iqtisodiyot va aholi sonining jadal o‘sishi hamda sanoat kooperatsiyasining kengayishi bilan bog‘liq».

Javohir Badalov keltirgan raqamlarga ko‘ra, 2030 yilga borib Qozog‘istonda elektr energiyasi iste’moli 136 mlrd KW-soatni (2020 yilga nisbatan 21% o‘sish), O‘zbekistonda 120,8 mlrd KW-soatni (1,7 baravar o‘sish), Qirg‘izistonda 20 mlrd KW-soatdan ko‘proqni (50% o‘sish) tashkil etishi kutilmoqda.

«Shu nuqtai nazardan, rejalashtirilgan gidroelektr stansiya Markaziy Osiyoning yagona energetika halqasiga birlashtirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishni ta’minlaydi. Bu o‘z navbatida ichki mintaqaviy bozorni arzon elektr energiyasi bilan ta’minlashga ko‘maklashadi. Shunday qilib, umumiy energetika bozorini shakllantirish yo‘lida yana bir qadam qo‘yiladi.

Bundan tashqari, chiqarilgan energiya manbalari uchinchi mamlakatlar bozorlariga yetkazib berilishi mumkin. Qambarota-1 GESning ishga tushirilishi har yili 234 mln dollarlik energiya eksport qilish imkonini beradi».

Yana bir muhim jihat, loyihaning amalga oshirilishi Norin daryosi suv resurslarini samaraliroq boshqarish orqali sug‘orish ehtiyojlarini ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, yozda yuqori harorat tufayli suv tanqisligi kuzatilayotgan mintaqa uchun juda dolzarbdir. Bundan tashqari, Qambarota-1 GES loyihasining amalga oshirilishi nafaqat sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlashda, balki sanoat obektlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi.

«Umuman olganda, arzon va ekologik toza energiya manbai bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini qurish zamon talabidir. Xususan, dunyo bo‘ylab tovarlarning ekologik tozaligi ustidan nazorat kuchaymoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqi 2026 yilda yuqori karbonat angidrid chiqindilari bilan ishlab chiqarilgan tovarlarga soliq solishni rejalashtirmoqda. Shu munosabat bilan GESda elektr energiyasini ishlab chiqarish O‘zbekiston va Qirg‘izistonga ekologik toza energiyadan ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish imkoniyatini beradi», – deydi mutaxassis.

Qambarota-1 GESni qurish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasi O‘zbekiston va Qirg‘iziston suv-energetika sohasida hamkorligining mantiqiy davomi ham hisoblanadi.

«O‘tmishdagi munozaralarga qaramay, Toshkent va Bishkek bu boradagi hamkorlikning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqdi. Mamlakatlar o‘rtasida mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, O‘zbekiston qo‘shni davlatga bahor va kuzda elektr energiyasini yetkazib beradi. Qirg‘iziston esa yozda uni qaytaradi. Buning natijasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ehtiyoji uchun zarur miqdorda suv oladi, Qirg‘iziston o‘z navbatida undan kerakli vaqtda foydalanish uchun suv to‘plash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu va boshqa jarayonlarni yanada samarali muvofiqlashtirish maqsadida 2022 yil avgust oyida Suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha qo‘shma komissiya o‘z ishini boshlagan.

Bundan tashqari, mamlakatimiz Qirg‘izistonga elektr energiyani yetkazib berish va tranzit qilishda faol ishtirok etmoqda. Shunday qilib, O‘zbekiston nafaqat Qirg‘izistonga elektr energiya yetkazib beradi, balki o‘zining energiya tarmoqlari orqali Turkmanistondan elektr energiyasi tranzitini ta’minlamoqda. Uning hajmi 2021-2022 yillarda 1 mlrd KW-soatdan oshdi», – deyiladi Badalovning maqolasida.

Ma’lum bo‘lishicha, bir qancha muddat avval O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida ikkita gidroelektr stansiya qurishni boshlagan. Bu kabi loyihalar Markaziy Osiyoda suv-energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik – birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

«Umuman olganda, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha misli ko‘rilmagan kelishuvlarga erishildi. Tomonlar o‘zaro maqbul kelishuvlarni topish orqali eng qiyin masalalarni ham konstruktiv ravishda hal qilish qobiliyatini namoyish etdi. Bunday hamkorlik shunga o‘xshash masalalar bilan to‘qnashib, yechimini izlayotgan boshqa mintaqalar uchun namunali modelga aylanishi mumkin», – deydi SMTI yetakchi ilmiy xodimi Javohir Badalov.

Top