«Hozir sudlar ijro hokimiyatiga moliyaviy qaram» - Oliy sud budjetini o‘zi tasdiqlamoqchi
2023 yil 16 yanvarda e’lon qilingan prezident farmonida sudlarning moliyaviy mustaqilligini to‘liq ta’minlash uchun ularning faoliyatiga zarur mablag‘larni sudlar mustaqil belgilashi haqida gap ketadi. Oliy sud sudyasi Uchqun Ro‘ziyevning aytishicha, kelajakda qonun loyihasi tayyorlanib, sudlar o‘z budjetini o‘zi tasdiqlashi kutilmoqda.
— Yaqinda e’lon qilingan odil sudlovga doir prezident farmonining 1-ilovasida «Ilg‘or xorijiy tajriba asosida sudlarning moliyaviy mustaqilligini to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish orqali ular faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni sudlar tomonidan mustaqil ravishda belgilash mexanizmlarini joriy etish» bo‘yicha band bor. Bu yerda nima nazarda tutilgan, O‘zbekistonda sudlar budjetini o‘zi belgilashi mumkinmi?
Uchqun Ro‘ziyev, Oliy sud sudyasi, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati a’zosi:
— O‘zbekiston Konstitutsiyasida «sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan mustaqil holda ish yuritishi» mustahkamlab qo‘yilgan. Farmonda Konstitutsiyadagi mazkur normani amaliyotga tatbiq qilish masalasi ketyapti.
Bu yerda sudyalarning moliyaviy mustaqilligi haqida gap ketyapti. Bizda davlat budjetini shakllantirish va uning xarajatlari bo‘yicha Moliya vazirligi, ya’ni ijro hokimiyati mas’ul. Sudlar esa hozirgi kunda moliyaviy tarafdan ijro hokimiyatiga qaram, ochiq-oydin aytganda ijro hokimiyatiga moliyaviy jihatdan bo‘ysunadi. Hozir Oliy sud o‘z ixtiyoriga ko‘ra, shakllantirgan budjetdan tashqariga chiqa olmaydi.
AQShda xizmat safarida bo‘lganimizda, ularda sud budjetini tasdiqlash qanday amalga oshiriladi, degan masalani so‘ragandik. Avvaliga ular savolimni tushunmadi. Balki ularda eskidan bordir, sud o‘z budjetini o‘zi tasdiqlar ekan. Menimcha, siz aytgan farmondagi bandda ham shu narsa nazarda tutilgan. Kelajakda qonun loyihasi tayyorlanib, muhokama qilinadi. Shuningdek, sud tizimida qandaydir kollegial tuzilma shakllantirilib, sudlarning budjeti tasdiqlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilsa kerak. Menimcha, farmonda shu narsa nazarda tutilgan.
— Agar Oliy sud o‘zi tasdiqlagan budjet baribir Vazirlar Mahkamasiga kiritilsa, ijro hokimiyatiga moliyaviy qaramlik baribir saqlanib qolmaydimi?
— Buning yechimi, haqiqatda amalda ishlaydigan mexanizm bo‘lishi kerak. Bu qonunni qanchalik puxta ishlab chiqish va o‘zimizga bog‘liq. Yuqorida aytganimdek, bu yerda konstitutsiyaviy norma amalga tatbiq qilinmoqda.
Hasan Ochilov, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi:
— Sudyalar mustaqilligi bo‘yicha juda ko‘p izlanishlar olib boriladi, bu borada xalqaro standartlar bor. Ekspertlar bularga quyidagilarni kiritadi: sudyalarning moliyaviy ta’minoti budjetdan bo‘lishi kerak va sudyalar buni tasdiqlashda bevosita ishtirok etishi kerak.
O‘zbekistonda budjet loyihasi qanday qabul qilinib, tasdiqlanishini bilamiz. Lekin u jarayonda sud organlarining ishtiroki yo‘q. Farmonda shuning uchun bu masala ko‘tarildi. Sud o‘z budjetini tasdiqlashda ishtirok etishi, bir yilda qancha xarajat kerakligini, prognozlarini o‘zi ko‘rsatib berishi kerak. Shunda sud hokimiyati moliyaviy jihatdan ham chin ma’noda mustaqil organga aylanadi.
To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.
Ma’lumot uchun, 2023 yil uchun tasdiqlangan davlat budjetiga ko‘ra, Oliy sudga 1,2 trillion so‘m, Sudyalar oliy kengashiga esa 35 milliard so‘m ajratilgan.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
13:32 / 22.11.2024
Duma 2025 yilgi budjetni urushga rekord xarajatlar bilan qabul qildi
13:44 / 21.11.2024
2025 yilda budjet taqchilligi qanday qoplanadi?
11:25 / 21.11.2024