19:12 / 06.02.2023
8134

Elektron hukumat va boshqaruv sifati – O‘zbekistonning xalqaro reytinglari qanchalik o‘zgarmoqda?

2022 yilda O‘zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida 193 ta davlat orasida 69-o‘rinni egallab, eng katta pog‘ona yuqorilagan mamlakatlar top-10 taligidan joy oldi. Shuningdek, mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan 16 ta reytingda ham o‘sish kuzatilgan.

Foto: KUN.UZ

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda. «Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat hamda amaliy faoliyat uyg‘unligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori asosida respublika kengashi holatni yaxshilash borasida harakat qilmoqda. Jumladan, har yili xalqaro reytinglar forumi hamda uning doirasida seminar-treninglar tashkil qilinmoqda.

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi taqdim qilgan raqamlarga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan 16 ta reytingda mamlakatning o‘rni ko‘tarilgan. Kun.uz bularning eng muhimlarini sanab o‘tadi.

BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O‘zbekiston 2014 yilda 100-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib 193 ta davlat orasida 69-o‘rinni egalladi. Shu bilan eng katta pog‘ona yuqorilagan mamlakatlar top-10 taligidan joy olib, elektron hukumat sohasida yuqori rivojlanish bosqichidagi mamlakatlar qatoriga kiritildi.

Global innovatsion indeksda esa O‘zbekiston 2014 yildagi 128-o‘rindan, 2022 yilga kelib 82-o‘ringa qadar ko‘tarildi. Bu Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida Hindiston va Erondan keyin 3-o‘rin hisoblanadi.

BMT Taraqqiyot dasturining Inson kamoloti indeksida O‘zbekiston 2022 yilda 191 ta mamlakat orasida 0,727 ko‘rsatkich bilan 101-o‘ringa yuqoriladi. So‘nggi yillarda mamlakat bu indeksda 14 pog‘ona ko‘tarilgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» nohukumat tashkilotining Matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston (hisoblash metodikasi o‘zgargani hisobiga) 24 pog‘ona ko‘tarilib, 180 ta mamlakat orasida 133-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston bu reytingda 2015 yilda 166-o‘rinda bo‘lgan.

Transparency International xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston o‘z o‘rnini 14 pog‘ona yaxshilab, 180 ta davlat ichida 126-o‘rinni egalladi.

2015 yilda O‘zbekiston Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksida 158 o‘rinda turgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib 149-o‘ringa qadar ko‘tarildi.

Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlari tarkibiga kiruvchi aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik indikatorida O‘zbekiston 2015 yildan (199) buyon 17 pog‘onaga yuqoriladi – 182-o‘rin.

Boshqaruv sifati indikatorlari tarkibiga kiruvchi Huquq ustuvorligi indikatorida naqd 41 pog‘ona o‘sish bo‘lgan. Xususan, 2010 yilda 202-o‘rin, 2015 yilda 185-o‘rin bo‘lsa, 2021 yilga kelib, O‘zbekiston 161-o‘ringa qadar ko‘tarilgan.

Shuningdek, suveren kredit reytinglarida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, «S&P» xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston kredit reytingini «salbiy»dan «barqaror»ga, Moody's agentligi esa «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi.

Mavzuga oid
Top