22:40 / 09.02.2023
19187

«Yuzlab qutqaruvchilar va gumanitar yordam» – O‘zbekiston turk xalqiga qanday yordam bermoqda?

Qardosh turk xalqi uchun Toshkent shahrida aholi va tadbirkorlar 80 tonnadan ortiq gumanitar yordam yig‘di. Insonparvarlik yuklari ortilgan birinchi reys 10 fevral kuni uchib ketishi kutilmoqda. Shu kunlarda Turkiyada 100 dan o‘zbekistonlik ortiq qutqaruvchilar qidiruv ishlarini davom ettirmoqda. Turkiya elchisi qiyin kunlarda yelkadosh bo‘layotgan o‘zbek xalqi va tadbirkorlariga minnatdorchilik bildirdi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tashabbus boshlangan 8 fevraldan buyon hozir vaqtgacha 80 tonnadan ortiq mahsulotlar yig‘ilgan. Mahsulotlar olib borilgan joyda ham saqlanishi uchun yaxshilab qadoqlanmoqda. O‘zbekistonliklar yordam to‘plash markaziga bolalar va kattalar uchun qishki kiyimlar, chodir, generatorlar, uzoq saqlanadigan oziq-ovqat va gigiyena vositalaridan iborat ko‘plab zarur mahsulotlar olib kelyapti.

Markazga Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ham tashrif buyurib, O‘zbekiston hukumati, tadbirkorlari va o‘zbek xalqiga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Do‘st «qora kun»da bilinadi, degan maqol bor. O‘zbekistonliklar shunday og‘ir kunda oldimizda yelkadosh bo‘lib turganini ko‘rib turibmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Turkiyaga ikkita alohida qutqaruv guruhi yuborildi. Bu yerda biz Savdo-sanoat palatasi boshchiligida yig‘ilayotgan mahsulotlarni jamlab Turkiyaga yuborishga bosh-qosh bo‘lyapmiz. Sizning oldingizda o‘zbek xalqiga va tadbirkorlariga o‘z minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman,” – deya Turkiya elchisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari falokat oqibatlarini bartaraf etishga yordam tariqasida bormoqchi bo‘lgan volontyorlar yuzasidan ham fikr bildirdi.

«U yerda so‘nggi 3-4 kunlarda samolyotlarning qo‘nishida ham muammolar bor. Hozir birinchi navbatda davlat tomonidan qutqaruv guruhi yuborildi. Aholiga kerakli birinchi yordam ham. Haqiqatan ham yordamga bormoqchi bo‘lgan volontyorlar bor, lekin u yerdagi vaziyatni bilmaymiz va hozircha biror narsa aytolmaymiz. Bu borada sharoitlar aniq bo‘lgach javob berish mumkin», dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.

Zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun Turkiyaga 95 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z yordamini taklif qildi. Ayni paytda mamlakatda 6,5 mingga yaqin xorijlik qutqaruvchilar jalb etilgan. Shuning 100dan ortig‘i O‘zbekistondan. O‘zbekistonlik qidiruv-qutqaruvchilari o‘nlab jabrlangan va halok bo‘lganlarni vayronalar ostidan chiqardi. Ishlar davom etmoqda.

Bundan tashqari, zilziladan jabr chekkan turkiyaliklarga yordam yig‘ish davom etmoqda. Kerakli mahsulotlar Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 30-uyda joylashgan Texnoparkda qabul qilinmoqda.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top